0
3 733
PDF

ANDRAGOGIK YONDASHUV ASOSIDA KATTALAR TA’LIMINING ADAPTIV TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TEXNOLOGIYALARI

Annotatsiya

Maqolada andragogik yondashuv asosida kattalar ta'limining adaptiv tizimini takomillashtirish muammolari, kattalar ta'limining adaptiv tizimini takomillashtirish xorij tajribasining ahamiyatlari, andragogik yondashuv asosida kattalar ta'limining adaptiv tizimini takomillashtirish texnologiyalarining bugungi xolati, andragogik yondashuv asosida kattalar ta’limining adaptiv tizimini shakllantirish metodlar yoritilgan.

Kalit so'z

androgogika, kattalar ta’limi, ta'lim texnologiyalari, ta'lim metodlari

ANDRAGOGIK YONDASHUV ASOSIDA KATTALAR TA’LIMINING ADAPTIV TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TEXNOLOGIYALARI

 

Usmanova Navro‘za

(A. Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti magistranti)

 

Bugungi kunda yurtimizda kattalar ta’limini rivojlantirish, kattalar uchun qo‘shimcha ta’limning mavjud tashkiliy shakllarini tushunish, tartibga solish, uslubiy asoslar va ilmiy-metodik vositalarni ishlab chiqish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Ushbu maqolada O‘zbekistonda kattalar ta’limini takomillashtirish borasida rivojlangan Sharq va G‘arb tajribasini o‘rganish, qiyosiy tahlil qilish hamda milliy xususiyatlarga moslash kabi ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Jamiyat rivojining hozirgi bosqichida kreativ, nostandart fikrlaydigan, o‘z sohasida yangi usullarni taklif qila oladigan professional mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortmoqda. Har bir soha uchun kadrlarni tayyorlash ta’lim beruvchining zimmasiga yuklatilgan vazifadir. Chunonchi, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalarida katta yoshli ta’lim oluvchi rahbar hamda pedagoglarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash mobaynida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish omillaridan biri andragogik tamoyilllarga tayanish hisoblanadi. “Andragogika” atamasi nemis pedagogika tarixshunosi A. Kapp tomonidan kiritilgan. Mazkur atama grek tilidan andros – erkak, odam; agogeyn – olib borish, yetaklash ma’nosini anglatadi. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda andragogika – “katta odamni boshqarish, yetaklash” ma’nosini bildiradi. Bu atama pedagogik voqe’likdan vujudga kelgan ekan, unda so‘z katta yoshdagi odamni ta’lim orqali boshqarish, yetaklash to‘g‘risida boradi. Aynan kattalarga ta’lim beruvchi pedagog andragog hisoblanadi [1].

O‘qitish jarayonida qo‘llaniladigan didaktik metodlar qandaydir maqsadga erishish, aniq vazifani yechish usuli sifatida tushunishdan kelib chiqib, S.I.Zmeyov unga quyidagicha tarif beradi: “o‘qitish metodi – bu o‘quv jarayonining faol ishtirokchilarining (ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchi) bilim, malaka, ko‘nikma, sifatlar va axloqiy qadriyatlarni egallash bo‘yicha faoliyatini tashkil etish usulidir” [1,2]. O‘qitishning adragogik modeli bo‘yicha ta’lim jarayonni tashkil etishda asosiy rol ta’lim oluvchiga qaratiladi. Katta yoshdagi ta’lim oluvchi ta’lim jarayonining teng huquqli ishtirokchisi, faol elementi hisoblanadi [1,2]. Shunday ekan kattalar ta’limini samarali tashkil etishda turli xil ta’lim metodilaridan foydalaniladi.

Dunyoda andragogik ta’limni tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashtirish, malaka oshirish jarayonida tinglovchilarning kasbiy malakasini rivojlantirishga doir qator ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy sharoitda kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun muhim hisoblangan kattalar ta’limida o‘qitishning intensiv usullarini ishlab chiqish, tinglovchilarning axborot-kommunikativ kompetentligini rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. . Biroq bu boradagi ishlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, xorijiy tajribani o‘rganish zarurati to‘liq qondirilmayapti. Xorijiy tajriba tahlilining ahamiyati N.E. Vorobyov, B.L. Vulfson, A.N. Dzjurinskiy, A.M. Mitina, M.V. Klarin kabi MDH mamlakatlari tadqiqotchilari tomonidan qayd etilgan [3].

Kattalarni o‘qitish, o‘rgatish sohasi hisoblangan androgogikaning modeli quyidagi beshta asosga tayanadi:

1) o‘rganuvchilarga biror narsani o‘rganish nima uchun muhimligi bildiriladi;

2) o‘rganuvchilarga ma’lumotlar ichida o‘zlarini qanday boshqarishni ko‘rsatadi;

3) mavzu o‘quvchilar tajribasiga bog‘lanadi;

4) odamlar to o‘rganishga tayyor bo‘lmagunicha yoki motivlanmagunicha ishga kirishmaydilar;

5) Bu esa o‘rganish bo‘yicha to‘siqlarni, xatti harakatlar va e’tiqodlarni bartaraf etishni talab qiladi. Demak, pedagogikadan farqli ravishda androgogikaning ta’limiy maqsadi o‘rganuvchilarga mazmunni qabul qilishga va unga tanqidiy fikr bildirishga zamin yaratish hamda uni hayotda amaliy qo‘llay olishda namoyon bo‘ladi.

Agar bizda katta yoshdagilar uchun norasmiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish haqida endi so‘z borayotgan bo‘lsa, Yevropada bu masala o‘tgan asrda ko‘tarilgan. Jumladan, 1953 yilda Yevropa katta yoshdagilar ta’limi assotsiatsiyasi tashkil etilib, bugungi kunda u 34 mamlakatdagi 100 dan ortiq filiallarni birlashtirgan va butun Yevropa bo‘ylab 50 milliondan ziyod erkak va ayollardan iborat katta yoshdagilar ta’limini qamrab olgan [3].

Buni Germaniyadagi xalq universitetlari misolida ham ko‘rish mumkin. Germaniyada kattalar ta’limida oliy xalq maktablari (Volkshochschulen) yoki xalq universitetlari muhim rol o‘ynaydi. Bu muassasalarning birinchisiga 1844 yilda Daniya jamoat arbobi va o‘qituvchi N. Grundtvig asos solgan. Bunday maktablar qaysidir ma’noda kasb-hunar maktablarining peshqadamlari bo‘lgan. Bu mamlakatdagi 900 dan ortiq shunday muassasalar ma’lum firma va korxonalar uchun xizmat safarlari va sayohatlar ko‘rinishida «buyurtma bo‘yicha ta’lim» shaklida kadrlarni qayta tayyorlash kurslari va seminarlarni taklif etadilar [4]. Ularda har qanday yoshdagi odam tahsil olishi mumkin. Hatto ishlab turgan odamlar, ishsizlar, oila qurgan ayollar va erkaklar, shuningdek, pensionerlarga yo‘naltirilgan alohida kurslar mavjud. 

Janubiy Koreyada butun hayot davomida uzluksiz ta’lim haqidagi qonunga binoan, ushbu sohadagi milliy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan maslahat organi faoliyat olib boradi. 70-yillarning boshidan Janubiy Koreya ta’lim vazirligi ta’lim muammolarni hal qilish uchun ilmiy-pedagogik tadqiqot markazlarini tashkil etishni boshladi. 90-yillarda ta’limni isloh qilish bo‘yicha to‘rtta reja taqdim etildi [5]. Oliy ta’lim sohasidagi asosiy vazifalar ochiq ta’lim tizimini yaratish, universitetlarni ixtisoslashtirish, demokratik va avtonom ta’lim hamjamiyatini yaratish, o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, turli ta’lim dasturlarini yaratish,  talaba va buyurtmachiga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini yaratish, ta’limdan teng foydalanishga erishish, kasbiy va ijtimoiy ta’limni kuchaytirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish choralari ko‘rildi.

2020 yilning 11 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaror imzolandi [6]. Hujjatga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda tegishli hududlarda «Ishga marhamat» monomarkazlarini, kasb-hunarga o‘qitish markazlarini, Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Eng ahamiyatlisi, mazkur Qaror bilan birinchi marta qonunchilik darajasida ushbu sohada xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilib, imtiyozlar rag‘batlantirish choralari sifatida kiritildi. Biroq, katta yoshdagilarga ta’lim berish imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun, tegishli kasbiy vakolatlarga ega bo‘lgan kattalar bilan ishlaydigan andragog-pedagoglarni tayyorlash muammosini hal qilish kerak. Biz bu masala bilan hech qachon shug‘ullanmaganmiz, hatto ko‘plab ta’lim sohasi xodimlarining o‘zlari bu so‘zni birinchi marta eshitishmoqda.

Xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, jamiyatimizning turli jabhalarida ro‘y berayotgan iqtisodiy, siyosiy va ma’rifiy o‘zgarishlar inson omiliga katta talablar qo‘ymoqda. Hozirgi kunda shaxs barkamolligini ta’minlovchi omil va vositalar, shart-sharoitlarning yaratilishi borasida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Hozirgi kunda nafaqat Germaniya va Janubiy Koreya tajribalarini, balki jahonning boshqa ilg‘or mamlakatlarining ta’lim sohasida olib borayotgan siyosati tajribasini qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Bugungi kunda ta’limni xarajat qiluvchi soha emas, balki jamiyatning eng muhim ishlab chiqaruvchi kuchiga aylantirish lozim. Ya’ni, ta’lim raqobatbardosh bo‘lishi, jiddiy moliyaviy mablag‘larni o‘ziga jalb eta olishi kerak. Boshlang‘ich maktabning birinchi pog‘onasidan boshlab ta’limni iqtisodiyotni, umuman davlatni rivojlantirishga yo‘naltirish lozim. Faqat bilim olish bilan cheklanib qolmay, balki olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash va jamiyat hayotida foyda keltirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga harakat qilish zarur. Germaniya hamda Janubiy Koreyaning ta’lim tizimida erishgan yutuqlari ularning o‘z milliy xususiyatlariga mos ravishda bo‘lgan bo‘lsa-da, bizning ta’lim tizimimizga joriy etsa bo‘ladigan quyidagi jihatlarini amaliyotda sinab ko‘rish mumkin: 

  • xususiy sektor hajmini ortishi xususiyati. Ushbu xususiyat esa koreys va nemis ta’lim tizimida boshqa sohalardagi kabi raqobat muhitining rivojlanganligini ta’minlaydi; 
  • xalqaro xususiyatlarning mavjudligi, barcha ta’lim muassasalarida imtixon va test sinovlari ingliz tilida – koreys va yapon tili bilan bir xil darajada amalga oshirilishi va taraqqiy etgan Yevropa davlatlari tajribalari til orqali yanada tezroq o‘zlashtirilayotganligidir; 
  • ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bevosita ta’lim tizimlarida faoliyat olib borib, ta’lim muassasalari faoliyati natijalariga ularning mas’ulligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarligi bilan ilmiy yangiliklar amaliyotga tezkor tatbiq etilayotganligi;
  • ta’lim tizimi o‘quv dasturlari har yilda yangilanishi va takomillashtirilib borilishi xususiyati, fan yo‘nalishlaridagi zamonaviy yangiliklar, o‘zgartirishlar o‘quv dasturlarida aks ettirilishi ta’lim mazmuni yildan yilga mazmun-mohiyat jihatidan takomillashib borayotganligini ko‘rsatadi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. 1. Mirsoliyeva M.T. Andragogikaning taraqqiyot yo‘nalishlari. Zamonaviy ta’lim ta’lim. – 2021.
  2. 2. Hayot davomida ta’lim olish bo‘yicha YUNESKO instituti/UIL/2009.
  3. 3. Андреев, В. И. Введение в европейскую сравнительную педагогику. Мн.: НИО, 2001.
  4. 4. Андреева, Е. А. Современные концепции политического образования в Германии: Дис. канд. полит. наук: 23.00.01: СанктПетербург, 2004.
  5. 5. Lee, J. Korean experience and achievement in higher education / Lee Jeongkyu //The SNU Journal of education research. – 2001. – vol. 11.
  6. 6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 11.08.2020 yildagi PQ-4804-son.
0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 8789788905

Usmanova Navro‘za
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Pedagogika

  • Ilmiy daraja Ilmiy darajasiz

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting