0
1 079
PDF

O‘ZBEKISTONDA CHORVACHILIKNI RIVOJLANTIRISH BORASIDAGI XALQARO HAMKORLIK ALOQALARI

Annotatsiya

Ushbu maqolada O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish borasidagi xalqaro hamkorlik aloqalari tog‘risida fikr yuritiladi. Shu bilan birga, tashqi savdo geografiyasida tovarlar nafaqat mahsulot turlari, balki o‘sha mahsulot qaysi chorvadan olinganligi xususida e’tibor qaratiladi.

Kalit so'z

chorvachilik va chorvadorlar, qishloq va suv xo‘jaligi, chorva xomashyosi, “Dyurshmidt”.

Muallif

Abduvaxobov Sarvarbek, O‘zMU magistranti

O‘ZBEKISTONDA  CHORVACHILIKNI  RIVOJLANTIRISH  BORASIDAGI  XALQARO  HAMKORLIK  ALOQALARI

 

Abduvaxobov Sarvarbek,

O‘zMU magistranti

 

Jahon miqyosida xalq xo‘jaligining turli sohalari, xususan, oziq-ovqat hamda sanoatda xomashyoga bo‘lgan talab o‘sib bormoqda. Chorvachilik tarmog‘i rivojlangan Avstraliya, Kanada, Kuba, Gollandiya, Rossiya kabi davlatlar iqtisodiyotida ham bu soha tayanch hisoblanib, mamlakat eksportining katta ulushini qamrab olganligi sohaga bo‘lgan munosabatning ahamiyatini oshirmoqda. Ayni paytda chorvachilik sohasiga e’tiborning kuchayishi aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashga hamda mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy sharoit yaratmoqda. Mazkur jarayonda xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan dasturlarning keng amaliyotga joriy etilayotganligi jamiyat taraqqiyotining muhim garovi sifatida e’tirof etilmoqda.

Dunyo miqyosida Markaziy Osiyoda chorvachilik sohasining rivojlanish jarayoni va bosqichlari, sovet hokimiyatining kollektivlashtirish siyosati va uning agrar tarmoqqa ta’siri, sovet davrida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan sovxozlar tarixi, chorvachilik va chorvadorlarning hayotini etnografik nuqtai-nazaridan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, aholi xo‘jalik hayotida chorvachilikning rolini oshirish, hududlardagi yaylov yerlar va ulardan samarali foydalanish, aholiga yetkazib beriladigan go‘sht va sut mahsulotlari sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda chorvachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xo‘jaliklarda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, aholini sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan ta’minlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirildi. “Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish, ilg‘or yondashuvlarni joriy etish eng muhim masalaga aylanmoqda”[1]. Bu borada chorvachilik sohasida shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari naslini yaxshilash, xorijdan yuqori mahsuldor naslli qoramollar olib kelish, respublika aholisini sifatli go‘sht, sut mahsulotlari bilan ta’minlash yuzasidan ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 avgustdagi PF-5134-son «O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», 2019 yil 28 martdagi PF-5696-son «Veterinariya va chorvachiliksohasida davlat boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari hamda 2019 yil 28 martdagi PQ-4254-son «O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirishda davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori va sohaga oid boshqa me’yoriy- huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur tadqiqot muayyan darajada xizmat qiladi.

1917-1930 yillarda tashqi savdo munosabatlarida agrar tarmoq mahsulotlari asosiy o‘rin tutgan. Xususan, qishloq xo‘jalik mahsulotlari jami tovarlarning 65 foizini tashkil etgan bo‘lsa, sanoat mahsulotlarining 10 foizi tashqi savdo tovarlari hisoblangan[2]. O‘zbekiston mintaqada savdo yo‘llari kesishgan hududda joylashganligi uchun tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish imkoniyati mavjud bo‘lgan. Jumladan, Turkiston ASSR va O‘zbekiston SSR Eron, Afg‘oniston va Xitoy kabi qo‘shni davlatlar bilan tashqi savdo aloqalarini olib borgan. Mazkur tashqi saqdo aloqalarida chorva mollari va ularning xomashyosi asosiy savdo tovarlari bo‘lib xizmat qilgan.

Bolsheviklar hokimiyatga kelgandan so‘ng tashqi savdoda chorva mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshganligi yoki kamayganligini tahlil qilish uchun 1917 yildan avval holat qanday bo‘lganligini ko‘rib o‘tish lozim. Arxiv manbalariga ko‘ra, 1914 yilda 1 mln. 400 ming pud jun, 2 mln 500 ming dona ichak-chavoq, 6 mln. 500 ming dona barra qo‘zi terisi, 6 ming pud ot yoli, 2 mln. dona qoraqo‘l va qo‘zi terilari hamda 1 mln. dona atrofida har xil yovvoyi hayvon terilari O‘zbekiston hududidan chet davlatlarga eksport qilingan. Mazkur savdo munosabatlarida Eron, Afg‘oniston va Xitoy davlatlari alohida ahamiyat kasb etgan bo‘lib, asosiy savdo-sotiq ishlari mazkur mamlakatlar savdogarlari bilan olib borilgan.

Xorijiy davlatlar bilan tashqi savdo munosabatlari bir qancha yo‘llar bilan amalga oshirilgan bo‘lib, unda katta kompaniya va firmalarning alohida o‘rni bo‘lgan. Ularning aksariyati katta mablag‘larga ega bo‘lgan va bu holat ularning chorva mahsulotlari bilan tashqi savdo ishlarini olib borish imkonini bergan. Xususan, Germaniyaning “Dyurshmidt” nomli firmasi O‘zbekiston hududidagi chorva ichak-chavoq savdosining asosiy ishtirokchisi hisoblangan. Bundan tashqari, xomashyo va mo‘yna savdo-sotig‘ida Zalm va Erman Glikin kabi firmalar asosiy o‘rin tutgan bo‘lsa, Dyurshmidt va Stuken kabi firmalar bu mahsulotlar savdosida onda-sonda qatnashgan. O‘lkada jun mahsulotlarining asosiy olib-sotarlari Asayevlar va Kuznetsov kabi fabrikalar bo‘lib, ular chorva junlarini chet davlatlarga eksport qilish bilan shug‘ullangan. Mazkur tashqi savdo-sotiq ishlarida “Stuken” firmasi ishtirokining ahamiyati sezilarli darajada katta bo‘lgan, bu firma Eron va Kaspiyorti hududlari bozorida monopol mavqega ega bo‘lgan.

Chorva ichak-chavog‘i, juni va terisi tashqi savdo munosabatlarida asosiy tovar sifatida qadrlangan. Mazkur xomashyolarga qo‘shni davlatlar bilan birgalikda Yevropa davlatlari ham xaridor hisoblangan. Xususan, yuqoridagi uch turdagi chorva mahsulotlarnig barchasi Rossiyaning markaziy shaharlariga eksport qilingan. Bundan tashqari, ushbu tovarlar Yevropa davlatlarida ham ancha xaridorgir bo‘lib, buning bir qancha sabablari mavjud edi. Masalan, O‘zbekiston hududidagi cho‘l va dashtlarda boqilgan hayvonlarning ichaklari yo‘g‘on bo‘lishi sababli ham o‘lkadan jo‘natilgan bu xomashyoning bozori chaqqon bo‘lgan. Jumladan, ichak-chavoqlarning asosiy qismi Germaniyaga eksport qilingan va u yerdan boshqa mamlakatlar bozorlariga yuborilgan. Chorva junlari sifatiga qarab Rossiyaga yoki boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilingan. Cho‘l hududlarida boqilgan chorva mollarining junlari tashqi savdoda past sifatli hisoblangan. Mazkur turdagi junlarning asosiy qismi cho‘l va dashtdan iborat bo‘lgan Sirdaryo va Yettisuv viloyatlarida yetishtirilgan. Mazkur junlar asosan Rossiya shaharlariga sotish uchun yuborilgan. Tog‘li hududlarda boqilgan chorvalarning juni ingichka va qattiq bo‘lganligi uchun ular tashqi savdoda ancha qiymatli tovar hisoblangan. Mazkur turdagi jun mahsulotlarining asosiy qismi Yevropa davlatlariga eksport qilingan.

Tashqi savdo geografiyasida tovarlar nafaqat mahsulot turlari, balki o‘sha mahsulot qaysi chorvadan olinganligi ham ahamiyat kasb etgan. Xususan, qoramollardan olingan mahsulotlarning katta qismi Rossiyaga yuborilgan bo‘lsa, faqatgina 20 foiz qoramol mahsulotlari Germaniyaga eksport qilingan. Qo‘y va echkidan olingan mahsulotlar geografiyasi aksincha bo‘lib, bunda G‘arb davlatlarining ulushi ko‘proq bo‘lgan. Jumladan, qo‘y junlari va terilarining 50 foizi va echkidan olingan mahsulotlarning 70 foizi Germaniyaga sotish uchun yuborilgan. Bundan tashqari, qo‘y va echkidan olingan mahsulotlarning bir qismi AQSHga eksport qilingan.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, 1917-1941 yillarda O‘zbekistonning tashqi savdosida chorva va chorva mahsulotlarining o‘rni katta bo‘lgan. Chorva mahsulotlarining tashqi savdodagi dinamikasi turlicha bo‘lib, bu bir qancha siyosiy, harbiy va iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Jumladan, 1917-1920 yillarda chorva mahsulotlarining eksporti deyarli to‘xtab qolganligini ko‘rishimiz mumkin. Faqatgina 1920 yillarning o‘rtalariga kelib tashqi savdo munosabatlarining rivojlanishi va chet davlatlarda hamda Rossiyada O‘zbekiston SSRning chorva mollari va chorva mahsulotlariga bo‘lgan talabning kuchayishi oqibatida chorva mahsulotlari savdosi kuchaydi. Shunday bo‘lsada, o‘lkadagi tashqi savdo aloqalari bolsheviklar qo‘lida bo‘lib, ular bu tarmoqda o‘z monopollarni o‘rnatdi. Natijada mahalliy chorvadorlar va tadbirkorlarning chorva mahsulotlari savdosidagi ulushi kamayib ketdi.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Ўзбекистон Республикаси Президентининг Ўзбекистон қишлоқ хўжалиги ходимларига табриги // https://president.uz/uz/lists/view/4009

2. Чеботарева В.Г. Из истории взаимоотношений СССР со странами сопредельного Среднего Востока в 1918-1924 гг. через Среднюю Азию. Диссертация на соискание ученой степени кандидата исторических наук. – Ташкент, 1963. – С.139.

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Iqtisodiyot

  • Ilmiy daraja Fan doktori (DS)

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting