0
1 576
PDF

XXI asr “Andragogika” yo‘nalishining taraqqiyotiga nazar. (Chexiya misolida)

Annotatsiya

Annotatsiya: Ushbu maqolada andragogika-kattalar ta’limi yo‘nalishining Chexiya universitetlarida o‘qitilishi, universitetga kirish uchun abituriyent topshirishi kerak bo‘lgan sinovlar va qabul nisbatlari keltirilgan. Bundan tashqari, talaba universitetni bitirganidan so‘ng olishi mumkin bo‘lga boshlang‘ich maoshi aniq raqamlarda ifodalangan.

Kalit so'z

Kalit so‘zlar: Chexiya, universitet, andragogika, talaba, magistratura, kattalar ta’limi nazariyasi, kasbiy rivojlanish, professional ta’lim, professional tayyorgarlik, monomarkaz.

    Ta’lim inson faoliyatining eng konservativ sohalaridan biri hisoblanadi. Biroq, bu yerda ham vaqti-vaqti bilan katta o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bunday o‘zgarishlardan biri o‘tgan asrning o‘rtalarida sodir bo‘ldi: o‘rganish nazariyasining alohida bo‘limi - kattalar ta’limi yoki andragogika shakllandi.

   “Andragogika” atamasini XIX-asrda nemis tarixchi va pedagogi Aleksandr Kapp tomonidan ilmiy foydalanishga kiritilgan. Voyaga yetgan auditoriyani o‘qitishning ushbu nazariyasi faqat XX-asrning o‘rtalarida haqiqiy rivojlanishga erishdi.

G‘arbiy Yevropada  fanning yangi mustaqil tarmog‘i tezda mashhur bo‘ldi. Bu keyinchalik dunyoning deyarli barcha universitetlarida andragogikaga bag‘ishlangan alohida ta’lim dasturlarini ommaviy ravishda ochishga olib keldi. Prague Education Center Chexiyadagi qaysi universitetlar 21-asr kasbi ya’ni andragogika fani mutaxassisiga ega bo‘lishi mumkinligi va o‘qishga kirish uchun qanday ishlarni amalga oshirishi kerakligi haqida to‘liq ma’lumot to‘pladi.

  Andragogika kursida oʻrganiladigan fanlarning asosiy qismi didaktika, inson resurslarini boshqarish, sotsiologiya, psixologiya, falsafa, shuningdek, iqtisodiyot va huquq bilan bogʻliq. Ixtisoslashtirilgan sinflar kattalar didaktikasi asoslari, kattalarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi, xodimlarni boshqarish usullari, korporativ ta’lim, menejment, gerontologiya va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Bakalavriat talabalari odatda andragogikaning keng nazariy sohasi bilan tanishtirilsa, magistraturada esa ko‘proq amaliyot bilan bog‘lab olib boriladi. Bu sizga kelajakdagi ma’lum bir mutaxassislik bo‘yicha qaror qabul qilish imkonini beradi.

Chexiyadagi Andragogika yo‘nalishi o‘qitiladigan birinchi universitet bu Karlov universitetidir. Karlov universitetining Falsafa fakultetida “Andragogika va inson resurslarini boshqarish” yo‘nalishi bo‘lib, universitetining Andragogika yo‘nalishi bakalavriatiga kirish uchun 2 ta kirish imtihonini topshirish kerak bo‘ladi:

Abituriyentning universitetda o‘qish qobiliyatini aniqlashdan iborat bo‘lgan o‘rganish uchun zarur shartlar bo‘yicha test.

Andragogika, inson resurslarini boshqarish, shuningdek, pedagogika va psixologiya bo‘yicha asosiy savollardan iborat profil testi.

Karlov universitetiga kirish uchun maksimal ball – 100 ballni tashkil etgan bo‘lib, abituriyent “byudjet o‘rni” uchun tanlovda qatnashish uchun kamida 50 ball to‘plashi kerak. Magistraturaga qabul qilish uchun yuqorida sanab o‘tilgan kirish test sinovlariga og‘zaki suhbat ham qo‘shiladi. Bunda qabul komissiyasi o‘qishga bo‘lgan motivatsiyani, bakalavriat bosqichida andragogika faniga oid bilimlarni va turdosh fanlar bo‘yicha yo‘nalishni tekshiradi. Chexiya Respublikasining asosiy universitetlaridan biri bo‘lgan ushbu universitetiga kirish imkoniyati 1: 9. Ya’ni 1ta o‘rin uchun 9 nafar abituriyentlar da’vogarlik qilishadi.

   Navbatdagi Chexiyadagi yetakchi universitetlardan biri bo‘lgan Olomoucdagi Palacky Universiteti Falsafa va Pedagogika fakultetining “Andragogika va maxsus Pedagogika-Andragogika” yo‘nalishidir. Palacky universitetida andragogika fani abituriyent tanlagan har qanday boshqa mutaxassislik bilan birgalikda o‘qitiladi va bir vaqtning o‘zida 2 fakultetda olib boriladi. Kirish imtihonlari tanlangan ta’lim darajasi (bakalavr yoki magistratura)dan qat’iy nazar, faqat bitta bosqichdan iborat: gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlarga yo‘naltirilgan holda o‘qish uchun zarur shartlar - SPF testini yozish. Ushbu test Palacky universitetining falsafa fakultetiga ta’lim olish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar uchun maxsus yaratilgan. U 50-60 ta savoldan iborat bo‘lib, bloklarga bo‘lingan va talabaning tanqidiy, tahliliy va mantiqiy fikrlash qobiliyatini tekshiradi. Uni yozish uchun atigi 50 daqiqa vaqt ketadi. Ushbu universitetga kirish imkoniyati 1: 4.

   Chexiyadagi yana bir diqqatga sazovor bo‘lgan bo‘lgan universitetlaridan biri bu Masarikov universitetidir. Ushbu universitetining Falsafa fakultetida Andragogika yo‘nalishi mavjud bo‘lib, Chexiyaning avval ta’kidlangan  2 ta universitetlaridan farqli o‘laroq, Masarikov universitetida "Andragogika" mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish (ma'ruza va amaliyot) faqat magistratura dasturi bo‘yicha olib boriladi. Talaba bo‘lish uchun abituriyent pedagogika va turdosh fanlardan ochiq savollardan iborat bo‘lgan profil sinovidan o‘tishi kerak. Imtihonda quyidagilar haqida so‘ralishi mumkin:

pedagogika fan sifatida; 

pedagogik fanlar tizimi, asosiy pedagogik fanlar va amaliy pedagogika fanlari, chegara pedagogika fanlarining vazifalari va xususiyatlari;

andragogika fan sifatida va andragogik fanlar tizimi;

pedagogika va andragogikaning turdosh fanlar (sotsiologiya, demografiya, psixologiya, kadrlar) bilan aloqasi;

ta’lim nazariyasi;

umrbod ta'lim, rasmiy va norasmiy ta'lim;

Chexiya Respublikasidagi ta’lim tizimi va ta’lim muassasalari, maktab ta’limi tizimining asosiy xususiyatlari, ta’lim muassasalari tizimi va ularning yo‘nalishlari, vazifalari;

pedagogika fanlari metodologiyasi va empirik pedagogik tadqiqotlar, pedagogik tadqiqot usullari;

klassik (konsensual, konflikt, sharhlovchi) va zamonaviy sotsiologik nazariyalar va ularning ta’lim va maktab talqini;

ijtimoiy siyosatning maqsad va vazifalari, ijtimoiy siyosatning subyektlari, tamoyillari va vositalari, ijtimoiy davlat;

xalqaro va chex nuqtai nazaridan inson resurslarini rivojlantirish va umrbod ta'lim, maqsadlar va maqsadlarning shakllantirilganligi;

Yevropa Ittifoqining asosiy hujjatlarida (Umrbod ta'lim bo‘yicha memorandum, Oq qog‘oz) va Chexiya Respublikasi (Inson taraqqiyoti strategiyasi, Chexiya Respublikasida umrbod ta’lim strategiyasi).

Sinovda to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ball qiymati – 100 ballni tashkil etadi.

Qabul qilish ehtimoli 1: 3.

  Navbatdagi Maxsus andragogika yo‘nalishi mazkur universitetning Pedagogika fakultetida joylashgan bo‘lib, "Maxsus andragogika" mutaxassisligi bo‘yicha ta’limni faqat 2 yillik magistratura dasturi doirasida yakunlash mumkin. Qabul qilish uchun inklyuziv ta’limga kirish imtihoni talab qilinadi. Bu maxsus ta’limga oid 50 ta savoldan iborat yozma test. Abituriyentga javob berish uchun atigi 60 daqiqa beriladi. Qabul qilish ehtimoli 1: 1,5 nisbatda. Bu boshqa universitetlar va fakultetlarga nisbatan olganda kirish imkoniyati ko‘pligidan dalolatdir.

  O‘rganib chiqqan keyingi universitetimiz Yan Amos Komenskiy nomidagi universitet bo‘lib, uning  Andragogika bo‘limida “Kattalar ta'limi” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim berish tashkil etilgan. Ushbu universitet Chexiyadagi eng yirik xususiy universitetlardan biri hisoblanadi. Unda bir talaba o‘quv yilining har bir semestri uchun 25 000 CZK (chexiya kronasi) ni to‘laydi. Ushbu qiymatni AQSH dollariga nisbatan oladigan bo‘lsak, 1064,69 (bir ming oltmish to‘rt dollar oltmish to‘qqiz sent) ni, so‘mga nisbatan esa 11 707 112 (o‘n bir million yeti yuz yeti ming bir yuz o‘n ikki) so‘mni tashkil etadi. (2022-yil 20-iyun holatiga). Universitetga kirish imtihonlarsiz amalga oshiriladi. Andragogika yo‘nalishini bitirgan talabalar asosan ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida ishlaydi. Korporativ ta’'lim bo‘limlarida ta’lim menejerlari sifatida ham faoliyat yuritishlari mumkin. 

Ushbu universitetni bitirgan mutaxassislar:

• Andragog-informator

•Andragog-moderator

•Andragog- fasilitator

•Andragog-repetitor

•Andragog-missioner 

sifatida faoliyat yuritadilar. Talaba o‘qishni tugatgandan so‘ng darhol olishi mumkin bo‘lgan boshlang‘ich maoshi 26 000 CZK (chex kronasi)ni tashkil etadi. Ushbu qiymatni AQSH dollari va so‘mga nisbatan qiymatlari 2022-yil 20-iyun holatiga ko‘ra qiyidagicha:

26 000 CZK- 1107,22$- 12 175 396,59 so‘m.

     Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, qaysi davlatda bo‘lmasin pedagogikaning sohalaridan biri bo‘lgan andragogika- kattalar ta’limi hozirgi kunda rivojlanib bormoqda. Bu esa yurtimizdagi professional o‘rta maxsus ta’lim, oliy ta’lim, malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’lim shakllari uchun ayni muddaodir. Fikrimizning yorqin isboti sifatida 2022-yil 15-iyun kuni Prezident Sh.Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishida ko‘rilgan masalalarni alohida ta’kidlashimiz mumkin. Jumladan, mutasaddilarga professional ta’lim pedagog va ustalari uchun munosib sharoit qilib berish, ularning kasbiy mahoratini oshirib boradigan tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, professional ta’lim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishda yangi tizim yaratilishi hamda universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari o‘rniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 8163512755

Muradova Feruza
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Pedagogika

  • Ilmiy daraja Ilmiy darajasiz

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting