0
7 197
PDF

Navoiy dostonlarida yoshlar obrazi (Farhod obrazi misolida)

Annotatsiya

Maqolada Alisher Navoiyning “Xamsa” asari dostonlaridagi yoshlar obrazi haqida fikr yuritiladi. “Xamsa”ning ikkinchi dostoni bo`lgan “Farhod va Shirin” bosh qahramoni – Farhod, uning xarakterli xususiyatlari, ilm olishi, hunar egallashi, insoniy fazilatlari orqali Navoiynig yoshlarga bo`lgan munosabati ko`rsatib berilgan.

Kalit so'z

obraz, ilohiyot, riyoziyot, tabiiyot, falsafa, insoniy fazilatlar, ishq, komillik, komil inson.

         Alisher Navoiy dostonlaridagi obrazlar olami nihoyatda keng va rang-barang bo‘lib, yoshlar obrazi yetkachi o‘rinlarda turadi. Chunki Navoiy  tabiatan yoshlarni juda sevgan, o‘z asarlarida ularning betakror obrazlarini yaratgan, umrining barcha bosqichlarida yoshlikning zavqi bilan yashagan. 

  Navoiy “Xamsa”sida komil insonlarning butun bir turkumiga duch kelamiz. Ular orasida tarixiy shaxslar ham, tarixiy-afsonaviy shaxslar ham, shoir tomonidan yuksak mahorat bilan yaratilgan badiiy obrazlar ham bor. Navoiy o‘zining barkamol, komil inson haqidagi qarashlarini, orzu-o‘ylarini asosan, dostonlardagi yoshlar obrazi orqali berishga harakat qiladi. Shuning uchun ham shoir qahramonlarining aksariyati yoshlar. Masalan, “Farhod va Shirin” dostoni bosh qahramoni Farhodni olaylik. 

“Asarning bosh qahramoni bo‘lgan Farhodni Navoiy komil bir inson tipida oladir, - deb yozadi Abdurauf Fitrat. – Ilmda, iste’dodda, botirlikda, kuchda juda kamolga yetishkanini uning har bir harakati bilan isbot etmakchi bo‘ladir”[1].

      Navoiy Farhodning tarbiyasi masalasiga katta e’tibor beradi. Ustoz navoiyshunos olim A.Hayitmetov mutafakkirning obraz yaratishdagi o‘ziga xosligi haqida fikr yutitar ekan, shunday yozadi: “Podshohlar va katta hukmdorlar XV asrda chindan ham Yevropadagi ritsarlar singari o‘z bolalariga faqatgina harbiy hunarlarni emas, balki o‘z tabaqalariga xos odob-axloq normalarini, yurish-turish qoidalarini, turli bilimlarni ham o‘rgatar edilar. Yevropadagi ritsarlar nimalarni bilishi kerakligi haqida “Fransuz adabiyoti tarixi”ning birinchi tomida quyidagilarni o`qiymiz: “Ritsar faqat mard, sadoqatli va saxovatli bo‘lib qolmay, jamiyatda nazokatli, latif, yoqimli bo‘lishi, nozik va nafis his qila bilishi ham lozim. Ritsarni tarbiyalash programmasiga harbiy ish va ovga o‘rgatishgina emas, tavlen (nard yoki “tirik-trak”), shaxmat va boshqa dunyoviy o‘yinlarga, musiqa asboblarini chalish san’atiga, raqs etish, ashula aytish, she’r yoza bilishga, ayollar bilan yaxshi muomala qilishga o‘rgatish ham kirar edi. Qahramonlik idealiga boshqa ideal – estetik ideal qo‘shilmoqda edi”[2]. Haqiqatdan ham Farhod harbiy ishlar bilan bir qatorda barcha ilmlar – ilohiyot, riyoziyot, tabiiyot, falsafa va boshqa fanlar bo`yicha chuqur bilimga ega bo‘ladi. Turkiy xalqlarga xos dunyoqarashni, urf-odat va davlatchilik an’analarini,  shuningdek islom dininig muqaddas kitobi bo‘lmish Qur’oni karimni puxta o‘rganadi. Navoiy yashagan davrda qaysi sohaga qo‘l urmasin, uni tezda egallab oladigan qobiliyatli yoshlar anchagina bo‘lgan. Shuning uchun ham shoir Farhodni imkon darajasida ideallashtirishga harakat qiladi.  Navoiy tasviricha Farhod yoshligidan ijobiy xislatlarga ega bo‘lib o‘sadi, kuchli quvvai hofizaga ega bo‘ladi:  

                   Agar bir qatla ko‘rdi har sabaqni,

                   Yana ochmoq yo‘q erdi ul varaqni...

 

                   O‘qib o‘tmak,  uqib o‘tmak shiori,

                   Qolib yodida, safha-safha bori[3].

Demak, Farhod bolaligidan alohida iste’dodi, qobiliyati bilan ajralib turadi. Bilimlarni juda tez o‘zlashtiradi,  xotirasi shunchalik kuchli ediki, bir marta o‘qigan kitobiga ikkinchi marta qarab o‘tirishiga hojat yo‘q edi. Natijada o‘n yoshidayoq:

Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,

Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm[4].

         Bugungi kunda chet tillarni o‘rganish, jahonning rivojlangan mamlakatlariga chiqish, dunyodagi ilg‘or davlatlarning tajribalarini o‘rganish, ular bilan har sohada teng va barobar bo‘lish masalalari va bu borada yosh avlodning bir qancha chet tillarini puxta o‘zlashtirishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ammo Alisher Navoiy bundan  salkam olti asr avval ushbu jiddiy muammoga ham e’tiborni qaratgan edi. Shoir yaratgan obrazlar turli millat vakillari. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa, Navoiy qahramonlari ko‘p tillarni biladi, turli millat vakillari bilan bemalol muloqotga kirisha oladi. Bunday fazilatdan Farhod ham xoli emas. Buni Navoiy shunday tasvirlaydi:

Ibriyu yunoniyu suryoni ham,

Hindi agar so‘rsa bilur oni ham[5]. 

Farhod jismoniy jihatdan ham baquvvat bo‘lib o‘sadi. Suvda suzish, chavandozlik, qilichbozlikda mahoratli bo‘lib yetishadi. 10 yoshida 20 yoshar yigitning kuch-quvvati bo‘ladi. Ammo u nafaqat oddiy insonlar, balki hukmdor shaxslar uchun ham xos bo‘lgan adolat, rahm-shafqat,  xalqparvarlik kabi fazilatlarga  ega bo‘lib voyaga yetadi:

                   Biravkim zor yig‘lab, yig‘lab ul zor,

                   Topib ko‘ngli el ozoridin ozor...

 

                   Bo‘lib el anduhidin ko‘ngli g‘amnok,

                   Yoqo chokin ko‘rub, ko‘ksin qilib chok[6].

         Xoqon Farhod uchun yilning to‘rt fasliga mos to‘rt qasr qurdira boshlaganida Farhod me’mor Boniy, naqqosh Moniy va tosh yo‘nuvchi Qoran bilan do‘stlashadi,  ustalar ishini o‘rganadi. Bu bilan Navoiy har bir inson nafaqat bilim egasi bo‘lishi, balki turli hunarlardan ham boxabar bo‘lishligi, o‘rni kelganda hunarni ham ishga solishiga ishora qiladi. 

         Farhodning ma’naviy jihatdan naqadar yetuk inson bo‘lib voyaga yenganini otasi tomonidan mamlakatni boshqarish taklif qilinganda uni farosat bilan rad etganida ham ko‘rish mumkin. Bu xususda fikr yuritar ekan, A.Abdug`afurov shunday yozadi: “Shahzodalar taxt uchun bir-birlarini o‘ldirayotgan bir sharoitda Navoiy, o‘z zamondosh hukmdor va shahzodalarga namuna-ibrat sifatida ota Hoqon bilan valiahd Farhod o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni nihoyatda totuv, samimiy, mehr-muhabbat va hurmat-e’zozga to‘la munosabat tarzida tasvirlaydi”[7].

Ma’lumki, tasavvufda komillik sari intilgan kishi ma’lum bir bosqichlardan o‘tib, keyin unga yetishishi ta’kidlanadi. Bu bosqichlardan biri ishq bosqichi bo‘lib, komil inson sifatida tasvirlanayotgan Farhod ham ishqqa qadam qo‘yadi. Aslida Farhodning  jismi  tug‘ilganidayoq  “shu’lai dard”ga yo‘g‘rilgan edi:

Yuzinda ishq asrori yozilg‘on,

Ichinda dard ta’vizi qozilg‘on[8].

Hatto go‘dakka Farhod deb otasi emas,  unga ishq shunday nom beradi, uni “ishq doyasi” emizadi:

Ne qatra sut ichurgach doyai ishq,

Bo‘lub bir gavhari sarmoyai ishq.

 

Topib har qatra bir durdin nishoni

Va lekin borchasi durri maoniy[9].

Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida ishq uch turga bo‘linadi: 1.Oddiy kishilar ishqi. Buning oliy martabasi sha’riy nikohdir. 2. Alohida fazilat egalarga xos ishq turi. Bu ishqqa mansub kishilar pok ko‘zni pok niyat bilan pok yuzga soladilar va pok ko‘ngil u pok yuzning shavqi-zavqi bilan beqaror bo‘ladi. Va bu pok yuz vositasi bilan pok oshiq haqiqiy mahbubning jamolidan bahra oladi. 3. Haqgo‘ylar ishqi bo‘lib, ular Haqning jamolini ochiq ko‘rish umidi bilan yashaydilar va shuning uchun matlubdirlar. Ularning Haqni ko‘z bilan mushohada qilish umidlari o‘zni unitish darajasiga yetgan va bundan ham o‘tib, halok bo‘lish maqomiga ko‘tirilgan bo‘ladi[10].

Alisher Navoiy yaratgan ko‘pgina qahramonlar singari Farhod ham pok ishq sohibidir. Shuning uchun ham shoir o‘rni-o‘rni bilan buni ta’kidlab boradi. Masalan, Farhod yoshligidan poklik timsoli ekanligi asarning bir o‘rnida shunday qayd etiladi:

Demonkim, ko‘ngli poku ham ko‘zi pok,

Tili poku so‘zi poku o‘zi pok[11].

Ishq – Ollohga yetish, uni anglash vositasi. Shu sababli ham so‘fiylar uchun ishq – bu ilm. “Sutning ilm bilan munosabati, bizningcha, Muhammad alayhissalomning tushda sut ichganlari ta’birini ilmga yo‘yganlari bilan bog’liq”, - deydi adabiyotshunos olim E.Ochilov[12]. “Rasulloh (s.a.v.): “Tushimda menga bir kosa sut uzatishdi, uni shul qadar qonib ichdimki, hatto tirnoqlarimdan chiqdi. Keyin qolganini Umarga uzatdim”, - dedilar. Sahobalar: “Yo Rasulloh, buni nimaga yo‘ydingiz?” – deyishdi. Ul zot: “Ilmga yo‘ydim”, - deb javob berdilar”[13].

Shu tariqa Farhod:

So‘zi bori bo‘lub afsonai ishq,

Maqomu maskani koshonai ishq[14], -bo‘lib o‘sadi.

 “Insonni kamolotga da’vat etish, insoniy komillikni ulug‘lab, bani bashardagi qusurlarni tanqid qilish – barcha xalqlar adabiyoti, umuman, so‘z san’atining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Insonni kamolotga yetkazishga yo‘naltirilgan talab va qoidalarning butun bir majmuini ishlab chiqqan tasavvuf paydo bo‘lgandan keyin ibtidodan nasihatga, hikmatga moyil Sharq adabiyoti bu jarayonni aniq dastur, muayyan nizom asosida aks ettira boshladi. Bu dasturga ko‘ra komillik yo‘liga kirgan inson shariat, tariqat, haqiqat bosqichlarini bosib o‘tishi kerak”[15]. Farhodning komillik sari intilishi ham ana shu bosqichlarni bosib o‘tish jarayonida tasvirlanadi. 

Navoiyning komil inson haqidagi qarashlari “vafo” tushunchasi bilan ham bog’liqdir. Shoir “vafo”ni juda keng ma’noda tushunadi. Vafodor odam – yaxshi odam demakdir. Navoiyning barcha ijobiy qahramonlari boshqalardan o‘zining vafodorligi bilan faqrlanib turadi. Farhod qanday vafodor bo‘lsa, Shirin ham undan qolishmaydi. Navoiy “Farhod va Shirin”da Farhodning o‘z sevgisiga, o‘z idealiga sadoqat bilan o‘lganini tasvirlab, xulosada deydi:

Ko‘rub ul zoru bekas motamidin

Ki, hayvon beh vafosiz odamidin[16].

Navoiy o‘z dostonlarida yoshlar obrazini yaratishda, ularning xarakterlarini gavdalantirishda ko‘pgina insoniy fazilatlarga e’tibor qaratadi. Armanistonga kelgan Farhod og‘ir jismoniy mehnat ostida ezilgan xalqni ko‘rib, ularga yordam qo‘lini cho‘zadi: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketkumdir oxir!” – deb o`z teshavarlik hunarini ishga soladi. Yoki zolim Xusrav tomonidan Salosil qo‘rg‘oniga zanjirband etilganida ham zanjirlarni uzib, banddan chiqib ketadi. Ammo Xusrav zindonbonlarni jazolashini o‘ylab, yana qo‘rg‘onga qaytib keladi.   

Xulosa qilib aytish mumkinki, Farhod, Shirin, Layli, Majnun, Iskandar kabi qahramonlarning obrazlarini Alisher Navoiy o‘zlarida eng yuksak fazilatlarni jamlagan insonlar sifatida gavdalantirdi. Ulardagi bu xususiyatlar orqali Navoiy erkin va go‘zal jamiyatni, ma’rifatli zamonlarni orzu qildi, shoir yaratgan obrazlar esa ana shunday jamiyat uchun kurashdilar. Shoir o‘z asarlarida yoshlar obrazini zo‘r muhabbat va alohida poetik ehtiros bilan chizdi. Shuning uchun ham bu obrazlar hamon tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlarni olijanob fazilatlar ruhida, insonparvarlik va vatanparvalik, erksevarlik va ma’rifatparvarlik, mardlik va xalq ishiga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. 


 


[1]Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. Ikki jildlik. 2-jild. Toshkent, 2000. 116-117-betlar. 

[2] Hayitmetov A. Navoiy dahosi. Toshkent, 1970.  36-bet. 

[3] Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 70-bet. 

[4] Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 71-bet. 

[5] Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 145-bet.

[6] Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 106-bet. 

[7]Abdug‘afurov A. Buyuk beshlik saboqlari. Toshkent, 1995. 42-bet. 

[8]Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 64-bet. 

[9]Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 18-bet. 

[10]Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. Toshkent, 1983. (Nasriy bayon muallifi I.Maxsumov). 

[11]Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 72-bet. 

[12]Ochilov E. Komillikning ikki yo‘li / Navoiyning ijod olami. Toshkent, 2001. 127-bet. 

[13]Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-jomi’ as-sahih. To‘rt jildik. 4-jild. Toshkent, 1992. 364-bet. 

[14]Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 68-bet. 

[15]Ochilov E. Komillikning ikki yo‘li / Navoiyning ijod olami. Toshkent, 2001. 124-bet. 

[16] Alisher Navoiy. MAT. 20 tomlik. 8-tom. Toshkent, 1991. 420-bet.

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 3227815860

Shomurodova Maftuna
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Filologiya

  • Ilmiy daraja Ilmiy darajasiz

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting