0
842
PDF

“JON MURVATI”

Muallif

G‘OLIB BAHROMOV

“Onam mening kelajakda yozuvchi bo‘lishimga qattiq ishonar, bunga meni ham hali maktabga bormasimdan ancha oldin ishontirishga erishgan edi. “Unaqa-bunaqa yozuvchi emas, buyuk yozuvchi bo‘lasan!”, derdi u nuqul.

Oyimning bu ishonchi menga ham o‘tdi. “Buyuk yozuvchilik” qismatimdan to‘liq rozi edim. Shu bois, Onamni xursand qilish uchun boshlang‘ich sinflardayoq, boshqalar imlo qoidalarini o‘rgangan bir paytda, men qisqa hikoyalar yozib, kattalarga mo‘ljallangan kitoblarni o‘qiy boshladim. Orzu qilishdan bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamadim.

Massachesets shtatining Natik shahridagi o‘rta maktabni bitirayotganimda kamina maktab gazetasi muharriri edim”.

Ushbu misralar jahondagi 20 dan ortiq tilda bosilib chiqqan “Buyuk savdogar”, “Akabar “Umidnoma”si”, “Dunyodagi buyuk mo‘’jiza” kabi ko‘plab asarlar muallifi Og Mandinoga tegishli.

 

“JON MURVATI”

 

“Bir kuni men usti ochiladigan juda qimmatbaho avtomobil sotib oldim, – deydi u. – Sotuvchi menga bu qimmatbaho harakat vositasini o‘g‘irlashga qarshi moslamani ishga solmasdan ko‘chada qoldirmaslikni maslahat berdi...

Bir kuni kechqurun, muhim uchrashuvga kechikayotib, garajga kirdim va mashinaga o‘tirib, kalitni buradim ammo o‘t olmadi. Hatto nomiga yo‘talib ham qo‘ymadi. Akkumulyatori o‘tirdimikan? Yo‘g‘-e. Men radioning qulog‘ini buradim – o‘sha zahoti musiqa ovozi eshitildi. So‘ng magnitofonga kasseta qo‘yib, tugmasini bosdim – Ella Fitsjeraldning ovozi taraldi. Yo‘q, akkumulyator joyida. Har ehtimolga qarshi oyna tozalagichlarni ham ishga solib ko‘rdim: ko‘rinmas teshiklardan oynaga tizillab suv otilib, tozalagichlar shitob bilan ishlay ketdi. Hafsalam pir bo‘lib va ozroq jahlim ham chiqib, uyga qaytib kirdim. Mashinamga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil dileriga sim qoqdim. 

– Biz toychog‘ingizga o‘g‘irlashga qarshi moslama o‘rnatganmiz, to‘g‘rimi? – deb so‘radi u.

– Ha, naqd uch yuz dollar sanab berganman!

– Unda, balki, bilmasdan uning “jon murvati”ga tegib ketgan bo‘lsangiz kerak.

– “Jon murvati”ga?

– Ha, Bu eng murakkab o‘g‘irlashga qarshi moslamalarning xususiyatlaridan biri. Nima, o‘rnatishayotganida sizga tushuntirishmaganmidi?

Mening g‘azabim qaynab kela boshladi.

– Agar birov mashinamga “jon murvati” o‘rnatilganini aytganida, aniq esimda qolgan bo‘lardi. Nima o‘zi u, qayerda o‘rnatilgan?..

– “Jon murvati” – bu qo‘shimcha himoya chorasi.

U mashina saloniga, odatda panel yoki gilamcha tagiga o‘rnatiladi. Agar siz uni mashinadan tushish oldidan burab, keyin tashqi signalizatsiyani ishga solsangiz, o‘zingizni o‘g‘irlikdan to‘la himoyalanganman, deb hisoblashingiz mumkin. Hatto birov mashinaga kirib, sirena chinqirig‘i ostida uni yurgizishga urinsa ham, qo‘lidan hech narsa kelmaydi. “Jon murvati” akkumulyator ozig‘ini yurgizish tizimi bilan bog‘lovchi elektr zanjirni uzib qo‘yadi. Avtomobilni umuman yurgizib bo‘lmaydi.

Men garajga qaytib keldim. Ammo harchand urinmay, “jon murvati”ni topa olmadim. Shuning uchun bir soatlardan keyin avtomobil firmasining vakili yetib keldi. Tabiiyki, u haydovchi oyoq qo‘yadigan joydagi gilamcha tagiga o‘rnatilgan jajji murvatni qiynalmay topdi. Murvat chindan ham buralgan ekan. Biroq men boshqa jahl qila olmasdim, hatto o‘zimga ham. Shu voqea sabab kamina noyob iborani qo‘lga kiritdim...

Bilib turibsizki, mashinamga o‘tirib, kalitni buraganimdan keyin u binoyidek ishladi. Chiroqlar yondi, radiodan musiqa yangradi, oyna tozalagichlar ham o‘z ishini bajardi. Men taniydigan ko‘pgina odamlarga o‘xshab ketadigan juda ishchan mashina. Ammo bir ishni u qila olmadi. Har qancha faollik ko‘rsatmasin, mashina joyidan bir qarich ham qo‘zg‘ala olmadi, chunki men bilmasdan uning “jon murvati”ni burab yuborgan edim.

Hammamizning ham o‘z “jon murvati”miz bor. Balki yoshligimizda ota-onamiz yoki ko‘pni ko‘rgan hurmatli odamlardan biri jahl ustida yoki qizishib, bizdan hech qachon tuzuk odam chiqmasligini aytib yuborgandir. “Shirq” va tayyor! O‘zlari bilmagan va istamagan holda “jon murvati”mizni burab yubordilar. Shundan beri biz faqat ularning bashorati o‘ngidan kelishi uchun tirishib harakat qildik, o‘z qilmishlarimizning sabablarini anglashga urinmadik. To‘g‘ri, biz “band”miz, biroq, xuddi mening mashinamga o‘xshab, negadir joyimizdan jilmayapmiz. Naqadar achinarli!

Engashib, “jon murvati”ngizni o‘chirib qo‘ying. Umringizni mayda-chuydalarga sarflashni, arzimas ishlarning ortiga yashirinishni bas qiling. Siz yaxshi yashashga qodirsiz!”

1
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Iqtisodiyot

  • Ilmiy daraja Fan doktori (DS)

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting