RAUF PARFI SHE’RIYATINING VAZN XUSUSIYATLARI
Annotatsiya
Maqolada Rauf Parfi she’riyati misolida o‘zbek adabiyotida erkin she’riy vazn hamda sarbast she’r janri tahlil qilingan. She’riy shaklning Rauf Parfi ijodiga ta’sir xususiyatlari ochib berilgan. Misollar asosida nasriy she’r janri hamda sarbast janrining o‘xshash va farqi xususiyatlari aniqlangan.
Kalit so'z
she’riy shakl, janr, sarbast, she’riy tizim
RAUF PARFI SHE’RIYATINING VAZN XUSUSIYATLARI
Shakliy jihatdan turli ko‘rinishlar hosil qilib, mohiyatga ta’sir etuvchi bugungi kun she’riyati bu jihatdan yangilanishlarga egadir. Badiiy asarda shakl bir nechta maqsadga xizmat qiladi:
har bitta ijodkorning individual o‘ziga xosligini ko‘rsatish;
badiiy asarning ta’sir etuvchi va kitobxon ongida o‘zgacha mohiyat ifodalovchi qolipini yaratish;
badiiy asar talablaridan kelib chiqqan holda g‘oya hajmiga mos shaklni berish;
janr talablarini janrning o‘ziga xos shaklida (vaznida) namoyon etish;
Badiiy asar shakli va uning asardagi vazifasiga adabiyotshunoslar tomonidan ta’rif berilar ekan, Dilmurod Qur’onov ta’kidlagan quyidagi qoida shu kungacha asosiy qolip vazifasini o‘tab kelаdi: “San’atkor ijodiy niyatidan kеlib chiqqan holda bo‘lg‘usi asarning shaklini bеlgilaydi[1], yana ham aniqrog‘i, bo‘lg‘usi asarning mazmuni uning shaklini bеlgilaydi”. Zamonaviy she’riyatni tahlil qilar ekanmiz, unda shaklning mazmunga ta’sir etgan hollari ko‘p. Аmmo bu ijodkorni modernistga chiqarib qo‘ymasligi kerak. Chunki har qanday fikrning ham tub ildizi bo‘lgani kabi adabiyotda ham an’anaviy mohiyat saqlab qolingan holda, shoir ruhiyat shaklini ifodalash uchun she’r shaklini ham o‘zgartirishi mumkin. Rauf Parfi ijodida ham turli vaznlarda yaratilgan na’munalarga duch kelamiz. Mazmun qirrasi o‘tkirligi, murakkab ramziy obrazlarning jonlanishi ijodkor ijodining asosiy belgisi sifatida shoirga XX asrning dastlabki modern ijodkorlaridan biri deb qarashadi. Agar modernizmning bir xususiyati – she’riyatni o‘zgacha shakliy qoliplarga solish bo‘lsa, biz Rauf Parfi ijodining shunday xususiyatlarini tahlilda ijodi misolida yoritishga harakat qilamiz. Ifodalanayotgan mazmunga xos o‘lchovni topa bilish shoir mahoratidan darak beradi.
Rauf Parfi she’riyatida, asosan, ikkita vazn yetakchilik qiladi: barmoq va sarbast. Barmoq vaznidagi she’rlar, ko‘proq, har bir misrada to‘rt bo‘g‘indan toki o‘n olti bo‘g‘ingacha davom etadi. Rauf Parfida yetti bo‘g‘inli misradan tashkil topgan she’rlar juda kam, bu she’rlar ham uning yoshlik davrlaridagi ilk bitiklardir. Masalan, 1955-yilda yozilgan “Qushlar” she’rida ijodkorning ilk mashqlari alomatlarini sezish mumkin. Ijodni boshlash uchun kam bo‘g‘inli misralar shoirga erkinlik beradi:
Go‘zal bahorda qushlar,
Ertalabki nahorda
Muloyim o‘ltirishlar,
Chaq-chaqlashib daraxtda.
Shoirning кeyingi yillarda yaratilgan she’rlaridа mazmun zalvorlashib borgani sayin misralar soni to‘qqiz, o‘n va, ko‘proq, o‘n bir bo‘g‘inli hamda barmoqning sodda vaznida yaratilganining guvohi bo‘lamiz:
Yo xatimning mungli ovozi 9
O‘qiganda javlon etarmi? 9
Yoki yana savol singari 9
Avvalgicha shunday qolarmi? 9 (“Xat”)
Men seni izlayman javdirar ko‘zim, 11
Yuraman tentirab qorong‘u tunlar. 11
Seni deb jonginam, sen uchun ko‘zim, 11
Senga bag‘ishlanib chalinar sozlar. 11
1960-yilda yozilgan quyidagi yeтti bo‘g‘inli she’rda esa ijodiy o‘sishni kuzatamiz va ikkinchi misradagi sodda vaznning qo‘shma vaznga o‘tish holati barmoq she’r tizimining ritmik-intonatsion imkoniyatlarini namoyon qiladi va holati shoirga shunchaki yengil ohang berganini ko‘ramiz. Bu geterometrik she’r deyiladi:
Yana kecha zimiston, 7
Azob ichra ruh. 5
Behuda yonmoq yomon, 7
Sen – shodligim, sen – anduh! 7
Kelgil, otma azaga, 7
Mayli, yomg‘ir tutganda, 7
Yoki qish derazaga 7
Suvrat bitib ketganda. 7
Shoir ijodida bunday qisqarib qolgan misralarda xato bor deb aytolmaymiz, chunki bu yerda o‘quvchi hech qanday turtilmaydi, aksincha hislar ohanggiga beriladi xolos. Shoirning keyingi shakliy jihatdan biroz o‘zgargan, sindirilgan misralari erkin vaznda yoziladi:
Tongda erib ketdi 6
Kecha . + 2
Uyqusini quvib ko‘chaning 9
Avtolar shovqin solib kechar. 9
Dunyo so‘rarmidim, sendan, 8
Do‘stim, shu daqiqa. 6
Shunchaki tong nafasi yanglig‘ 9
Tabassuming kerak 5
Faqat. +2
Yuqoridagi “Yangi tong” she’rida insonning bir-biriga ulashguvchi tabassumi orqali beriladigan mehrning tong kabi musaffo tuyg‘uga mengzalishi insonni sokin o‘ylar girdobiga tortadi.
Rauf Parfining uchlik, ya’ni xokkularida ham sindirilgan misralarni kuzatamiz. Rauf Parfi xokkularida xokkuga xos 7+5+7 ko‘rinish saqlab qolinmagan, umuman, olganda bugungi kun she’riyatida ham xokkular dastlabki variantidan xuddi shunday farq qiladi, chunki u ijodkorga erkin mazmun yuklash yengilligini bergan holda, erkin vaznni ham shoir o‘zi tanlaydi:
Ҳasratimning 4
Suyuq toshlaridan +6
Dahma qurmoqchiman 6
O‘zimga, +3
Ichida o‘z jasadim bo‘lsin. 9 ( “Isaka Tokuboku xotirasiga”)[2]
O‘zbek she’riyatida XX asrning yigirmanchi yillaridan erkin she’r vaznida ham na’munalar ko‘ramiz. Ko‘pchilik adabiyotshunoslar erkin vaznni barmoq vaznidan hosil bo‘lgan deb qarashadi. Ammo Nodira Afoqovaning fikriga ko‘ra, Sharqdagi aruziy she’riyatda misralarida bittasi (va uning zihoflari) turli miqdorda takrorlanishiga asoslangan she’rlarga ham erkin she’r deb qaraladi[3]. Bu holatni olima “erkin aruz” deb atagan edi. N.Afoqovaning sarbast va erkin vazn haqidagi fikrlari, ularning qaysinisi janr deyilishi kerak yoki qaysi biri vazn deb yuritilishi haqidagi xulosasi o‘zbek adabiyoti uchun haqiqatga yaqinroq, bizningcha: “Demak, o‘zbek sheʼriyatining erkin vaznda yozilgan namunalari, asosan, misralardagi hijolar miqdorining, qisman, band va qofiyaning erkinligi bilan xarakterlanadi. Erkin vaznning bosh xususiyatini ana shu taxlit belgilab olgandan keyin bu vaznda yozilgan she’rlarni turli tomondan tasnif qilish mumkin bo‘ladi. Jumladan;
– misralarning tashkillanishiga ko‘ra: zinapoyali, uzun-qisqa misrali;
– qofiyaning ishtirokiga ko‘ra: qofiyali, qofiyasiz;
– grafik shakliga ko‘ra: tizim va sochim shaklida yozilgan erkin sheʼrlar kabi guruhlashtirish mumkin”[4]. Umuman olganda, rus tili uchun xos bo‘lgan sillabo-tonik va tonik vazn kabilarni o‘zbek tilining asosi bo‘g‘inlar soniga va sifatiga qaratilgan vazn sistemasiga qiyoslay olmaymiz va rus adabiyotidagi “вольнЫй стих”, “свободнЫй стих” singari janr sifatida belgilangan atamalarni sarbast she’rga tenglashtirmasligimiz darkor. Cho‘lpon , Usmon Nosir, hamid Olimjon, G‘afur Gulom singari shoirlar ijodidaеrkin vazndagi she’rlar alohida o‘rin tutadi. Rauf Parfi ijodida esa bu yetakchi xususiyat kasb etgan. Ammo bu vaznning xususiyatlarini sanab chiqqan holda, uning tarkibiga kiruvchi janrlarni belgilashda sarbastning ham boshqa o‘xshash oq she’r va mansuralar, ya’ni sochma she’rlardan farqini aniqlasak, uni keng ma’noda vazn atamasi bilan yoki ma’lum yetishmayotgan xususiyatlari mavjud bo‘lsa, janr deb qabul qilishimiz osonroq kechadi.
Erkin vazn misralarda bo‘g‘inlar soni ham, qofiyasi ham, turoqlari ham har xil bo‘lgan tizimdir. Masalan:
BIR SO‘Z BOR 3
Beg‘ubor tong kabi go‘zal, 3+3+2= 8
Tong chog‘i ochilgan g‘uncha kabi, 3+3+4=10
G‘unchada shabnam kabi musaffo. 3+4+3=10
Shirin tuyg‘ularning 6
Shirin farzandi, 5
Osmon kabi bepoyon ko‘zlar sevinchi yanglig‘ 7+7= 14
Bir so‘z bor. 3
She’rning har bandida takrorlanuvchi turoqlar birinchi bandning birinchi misrasi va ikkinchi bandning oxirgisi va birinchi banddagi uch va to‘rtinchi misralari ohangni kuchaytirib bermoqda. Qofiya mavjud emas. Bo‘g‘inlar soni har xil. Har bandi to‘rt misradan iborat. Ammo she’r juda go‘zal va qidirilayotgan bir SO‘Z o‘qiguvchining ko‘z oldida shunchalar muhtasham va ta’rifiga til ojiz darajada yuksaltirib ko‘rsatishga erishilgan. Bu erkin vaznda yozilgan sarbast she’r janridir. O‘zbek adabiyotida erkinlik xususiyatiga ega mansur – nasriy she’rlar ham mavjud. Rauf Parfining “Javob mansurasiga e’tibor beramiz:
Qorlar yog‘di. /Qizdirdi oftob./ Nedir baxt deb so‘radim,/ biroq o‘zi bilan ovora/ baxtiyorlar bermadi javob./ Qorlar bosdi./ Kuydirdi oftob./ Nedir baxt deb so‘radim, /biroq o‘zi bilan ovora/ baxtsizlar ham bermadi javob. /
Bu mansurada takrorlanuvchi ritmik bo‘laklar hisobiga ma’no kuchaytiriladi. Mansur she’rlarda ham turoqlar mavjud bo‘ladi, ularning bo‘g‘inlar miqdori ham turlichadir. Ammo sarbast she’r janridagi grafik joylashuv mavjud emas. Bir –biridan farqi ham shunda. Sarbast she’rlar turk adabiyotida ham, o‘zbek adabiyotida ham dastlab zinapoyali shaklda bo‘lgani sababli zinapoyali she’r shakli deb ham keltirilgan. Turk she’riyatida ham uch xil vazn mavjud. Bular: hijo –barmoq, aruz, sarbast –özgür ölçüsü[5]. Atama vaznga nisbatan qo‘llanilib kelinmoqda. Biz mansur she’rlarning ham vaznini inobatga olgan holda o‘zbek she’riyatida erkin vazndagi ikki janrning biri sarbast shakli deb fikr yuritdik. Rauf Parfi she’riyatida ham uch xil: aruz, barmoq, erkin vaznda yozilgan she’r shakllarini uchratamiz. Shoirning “Itlar” she’rini vazn jihatidan tahlilga tortamiz:
Qayt, Bo‘ynoq, qayt, To‘rtko‘z..3+3
Hoy, odam bormi?.. Qayt! 1+4+1
Rauf sen bu itlarga 3+4
Ne yomonlik qilgan eding, ayt! 4+5
Tishlari g‘ijirlar, 6
Ko‘zlari yonar, qizili qizilga, oqlari oqqa, 5+6+5
Hurpayib tashlanar 3+3
Oldimdan bir uzib olmoqqa. 3+6
Nechun sen itlarga yoqmaysan, 3+6
Ehtimol, tuzukroq boqmaysan, 3+6
Quloq qoqmaysan, 5
Bo‘yniga nishonlar taqmaysan. 3+6
Ex, sho‘rlik, qolding ne kunlarga, 3+6
Ko‘ksingni 3
Sindirib 3
Otgil ularga. 5
Hammasi til tortmay o‘lar-ku! 3+3+3
G‘aroyib hangoma 3+3
Bo‘lar-kun 3
She’r erkin vaznda yozilgan sarbast shakldir. Bu shakl erkin vaznda yozilgan mansuralar ohangidagi vazbinlikdan yiroq. Alangali ruhiyat qiynoqlari yetkazgan alamlar nafas olmay talaffuz qilish o‘rinlarini ham hosil qiladi. Takrorlanuvchi turoqlarning ko‘pchiligi uch bo‘g‘inli ekanligi ana shu shiddatli ohangni hosil qilmoqda. E’tibor bersak, she’rda qofiya ham mavjud: qayt-ayt, oqqa-olmoqqa, yoqmaysan-boqmaysan-taqmaysan, kunlarga – ularga, otgil – qotgil, o‘lar-ku – bo‘lar-kun. Aynan shu shoir tomonidan tanlangan erkin qofiyadoshlik ham intonatsiyani kuchaytiradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, erkin vaznning har xil imkoniyatlari sarbast hamda mansur janrlarga xos xususiyatlarni belgilaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Quronov Dilmurod. Adabiyot nazariyasi asoslari. –Тошкент: Navoiy universiteti, 2018
2. Афокова H. Жадид шеърияти поэтикаси. –Тошкент: Фан, 2005.
3. Serbest şiir, Serbest nazım nedir? Özellikleri örnekler. www.turkedebiyati.org
4. Рауф Парфи. Туркистон рухи. –Тошкент: Шарк, 2013.
5. Quronov Dilmurod. Adabiyotshunoslikka kirish. –T., 2004.
[1] Dilmurod Qur’onov. Adabiyotshunoslikka kirish. T – 2004, 87-b
[2] Рауф Парфи. Туркистон рухи. “Шарқ”. Тошкент – 2013, 41-б
[3]Афокова H. Жадид шеърияти поэтикаси. – Тошкент: Фан, 2005. - Б.43, 48.
[4] O‘sha manba
[5] Serbest şiir, Serbest nazım nedir? Özellikleri örnekler. www.turkedebiyati.org
Fikrlar