0
1 312
PDF

ERKNI ORZULAGAN DIL

Muallif

Namuna NAZAROVA, o‘qituvchi

    Biz kitobxon sifatida badiiy yoki tarixiy asarlarni qo‘limizga olib o‘qiganimizda bevosita unda yoritilgan obrazli voqeliklar ko‘z oldimizda gavdalana boshlaydi. Nafaqat obrazlar gavdalanadi, qolaversa, shu obrazlar orqali o‘sha davrning ijtimoiy-madaniy muhitiga kirib boramiz. Kitob xoh nazmiy, xoh nasriy janrda yozilgan bo‘lmasin, u haqiqiy, chin ma’nodagi ijodkor tomonidan yozilganmi, demak, keng kitobxonlar qalbidan joy olishi shubhasizdir. 

XX asrning 80-90-yillar oralig‘ida vujudga kelgan adabiy muhitda shakllangan Muhammad Yusuf, Eshqobil Shukur va Sirojiddin Sayyid singari bir qator shoir, ijodkorlarning yozgan she’rlarida ham davrning ijtimoiy muhiti sezilib turgan jihatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jumladan, filologiya fanlari doktori Nurboy Abdulhakim ta’biri bilan aytganda, “so‘zga zug‘um o‘tkazmaydigan” ijodkor Sirojiddin Sayyidning 1990-yilda yozilgan “Ketmonchi qizlarga” nomli she’rini tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘sha davr ijtimoiy muhitining qay darajada og‘ir bo‘lganligini his qilishimiz qiyin bo‘lmaydi. She’rning nomlanishi o‘quvchi uchun biroz qo‘polroqday tuyulsa-da, nozik qochirimlar orqali diqqatni tortadi. Bizga ma’lumki, nazmda qizlar, ayollarga atab bitilgan deyarli barcha ijod namunalarida chiroyli so‘zlar, nozik qochirimlar, o‘ziga xos o‘xshatishlar kabi jihatlar ko‘proq uchraydi. She’rni o‘qib, tahlil qilgan zukko o‘quvchi she’rning sarlavhasi “gapning po‘stkallasi” ekanligiga amin bo‘ladi. Shoir she’rning har bir misrasida erk ko‘rmay, rohat nimaligini bilmay, zahmat va mashaqqat qa’rida qolgan qizlarning holatini tasvirlab beradi. 

    O‘ylasam o‘ylarim ko‘ksimda kuygan, 

    So‘ylasam so‘zlarim bo‘g‘zimda kuygan.

    Barglarday so‘lg‘in-u shamlarday ozg‘in, 

    Qovjirab dala-yu tuzimda kuygan. 

    She’rni boshlash, qalb iztiroblarini yozish shoir uchun, aynan shoir uchun (lirik qahramonmas) naqadar og‘ir bo‘layotgani sezilib turadi. Aslida gul-gul yonib, barq urib yashnashi lozim bo‘lgan go‘zal yoshlik chog‘ida qizlarning “barglarday so‘lg‘in, shamlarday ozg‘in” bo‘lishi mardlik, g‘ayrat, jasorat mavj urib turgan zabardast yigit (yigitlar)ga, ayniqsa, o‘zbek o‘g‘lonlariga nechog‘lik og‘ir bo‘lgani tarixiy haqiqatdir. Shoir o‘xshatish san’atini mohirona qo‘llarkan, barglarning yashnashi qalbni quvontirsa, uning so‘nishi kishi ko‘nglini mahzun qiladi. Qolaversa, shamday ozg‘in, ozg‘in bo‘lsa-da nur taratishga intilgan qizlarning, o‘zbek ayollarining qismati qora mehnatda, shunchaki mehnatda emas oxir natijada rohat yo‘q, ya’ni davr tuzimida kuyishini o‘rtanib so‘zlaydi va har bir band nihoyasida qayta va qayta takrorlaydi. Shoir fikrlari borgan sari jiddiy tus olib boradi: 

    Oylar titrog‘idan tushgan yaproqlar, 

    Yulduzlar bog‘idan ko‘chgan yaproqlar. 

    Nursiz paykallarda shu’la yozmayin, 

    Tuproqqa qorishib o‘chgan yaproqlar. 

    She’rning ikkinchi bandida ham birinchi banddagi kabi o‘xshatish orqali qizlar bamisoli yaproqqa qiyoslanyapti. Yaproqning nozikligi orqali ayol hilqatiga xos ojizlikni ko‘rsatish bilan birga oylar, yulduzlardan tushganligini ta’kidlab, ularning ulug‘vorlikka daxldorligini ham aytishni unutmaydi. Nur taratib, ezgulik ulashmoqchi bo‘lganlarning umri esa, paykallarda, shunchaki bir paykallarda tuproqqa qorishib ketishini achinish bilan tilga oladi. She’rning keyingi bandlarida shoir qalbidagi bu kabi tug‘yonlar yanada kuchayganligini ko‘rishimiz mumkin. 

    Husnin chechaklarin chanoqlar yulgan, 

    Sochlarin gardida nasimlar o‘lgan. 

    Sizning tarovat-u gul yuzingizni, 

    Quyoshlar tushlikka tanovul qilgan. 

    Ushbu bandda chechakdek gul husni yanada chiroy ochgan bir davrda bu go‘zallikning paxta chanoqlariga qurbon bo‘lishi shabboda bilan o‘ynashib to‘ymaydigan sochlarda nasimlarning o‘lishi, cheksiz tarovat barq urib turgan oy kabi yuzlarning esa, quyoshga yemish bo‘lishini shoir o‘ziga xos jaydarilik, soddalik bilan mohirona ifodalaydi. Satrlarda ifodalangan ma’nolardan anglash mumkinki, gul qizlarning yuzlari paxta dalalarida ochilib, husni ham umridek egatlarda poyoniga yetgan. 

    Siz qachon ko‘rgansizki, quyoshning tushlikka qizlar husnini tanovul qilayotganini… Aslida, bu holat jazirama issiq demay dalalarda javlon urib mehnat qilgan qizlarning qoraygan, so‘ligan yuzlarini ifodalaydi. Shoirning badiiy mahorati ko‘ngil kechinmalarini chiroyli tarzda ifodalashga xizmat qilgan. 

    Balog‘at chog‘ida balog‘at ko‘rmay, 

    O‘n beshdan u yog‘i halovat ko‘rmay. 

    Za’faron rayhonday zabun o‘tdingiz, 

    Davr-u davronlardan sadoqat ko‘rmay. 

    Insonlarning balog‘at davri katta hayotga qadam qo‘yishi, ulkan orzular bilan ulug‘ maqsadlarga intilishi, biror bir kasbning boshidan tutishga harakat qilishi, o‘ziga munosib ko‘rgan insoni bilan hayot yo‘llarini bog‘lashga urinishi kabi jihatlar bilan kishilar hayotining boshqa bosqichlaridan ajralib turadi. Shu bilan birga keyingi hayotining qanday bo‘lishini ham ma’lum ma’noda belgilab beradi. Aynan bu davrda favqulodda kuch-g‘ayrat, shijoat, sevgi-muhabbat, adog‘i yo‘q orzu-umidlardek tuyg‘ular jumbushga keladi. Bu his-tuyg‘ular esa, insonni juda katta kuchga ega bo‘lishga undaydi. Fan arboblari, el suygan san’atkorlar, mohir usta-hunarmandlarni yuzaga chiqarishga qodir bo‘lgan kuch-g‘ayrat bor yo‘g‘i ketmon zarblarigagina sarflanganligi juda ayanchlidir. Teran nigohi, nozik qalbi orqali barchasini anglab turgan shoir ularni kasallikka chalinib, so‘lish olgan rayhonlarga qiyoslaydi va bunda davrni ochiqdan ochiq ayblaydi. 

    Sabohdan sahroga aylanganlarim. 

    Sarg‘aygan sarvlarim, gul, savsanlarim.

    Sertashvish turmushning quchoqlaridan, 

    Dalalar bag‘riga taylanganlarim. 

“Saboh” so‘zi o‘zi bilan yorug‘lik, yasharish, yangi imkoniyatlar kabi so‘zlarni ergashtira oladi. Sahro so‘zi qurg‘oqchilik, sarg‘ayib so‘lish, nochorlik, ilojsizlik kabi so‘zlarni o‘z atrofida birlashtiradi. Shoir bu bandda aytmoqchi bo‘lgan fikrlar yukini har ikki so‘zga tashlaydi va ortiqcha tashbehlarsiz muddaoga o‘tadi. 

    Tun-kun ko‘ksim ichra yong‘in-u yong‘in, 

    Yillardan so‘raydir yillar so‘rog‘in. 

    Shomlarga shilingan tuproq yo‘llardan, 

    Tollarim kelgaylar tolg‘in va tolg‘in. 

    Bu jumlalarda shoir qalbida bunday nochor, notavon ahvolga qanday kelib qolganlik haqidagi fikrlar g‘alayon qiladi. Yillar, yillar osha ortga nazar tashlaydi. “Dala mehnatkashlari” deya “sharaflangan”, aslida esa, “davr qurbonlari” har kuni qorong‘ugacha ishlashga majburlanganliklari shoir qalbini o‘rtaydi. O‘zbek qizlarining, o‘z navbatida opa-singillarning, tengdosh qizlarning jamiyatda munosib o‘rin topmasdan, orom-u halovatini yo‘qotishi, shoir tili bilan aytganda zabun o‘tishi, davr-u davronlardan sadoqat ko‘rmasligi, sahroga aylanishi, sarg‘ayib so‘lishi, hatto ularning qismati ketmon-la yozilishi shoir qalbini og‘riqli o‘ylarga toldiradi. Ayni chog‘da davrga, ijtimoiy tengsizlikka, erksizlikka bo‘lgan tug‘yon bunday satrlarni bitishga undaydi. Ta’lim olishga layoqatli, lekin unga haqqi bo‘lmagan bolalar paxta dalalarida o‘z onalari o‘rnida ketmon chopishga majburligi  tariximizning og‘riqli nuqtalaridandir. Shoir bu haqda “Birinchi so‘z”  nomli qalb kechinmalari ifodalangan bitiklarda shunday xotirlaydi: “Ketmonlari, onamning ketmonlari. Dunyoda mehnatlari qattiq, berahm va bemehr so‘zlar bor ekan. “Ketmon”, “Chopiq”, “Ko‘sak”, “G‘o‘zapoya” degan sertashvish so‘zlar bizning bolalik idrokimizga butunlay singib ketgan edi”. 

Ijodkorning xotirotlari bilan tanishib chiqar ekanman “Ketmonchi qizlar” she’ri orqali ona mehriga to‘yishni istagan,ularga butun erkaligini qilib, “podsholik qilishni xohlagan” murg‘ak bolajonlarning ham mungli javdirashlari ko‘z oldimda gavdalandi. Bola qalbi bilan bu adolatsizlikni his qilgan Sirojiddin yigit yoshida ham bu kabi og‘riqli hislardan,  ming afsuski, qutila olmaydi. Chunki hali hamon  xotin-qizlar hayotida “Ketmon”, “Chopiq”, “Ko‘sak”, “G‘o‘zapoya” degan sertashvish so‘zlar “jaranglab” turar edi. Shoir ham ularning qismatiga chetdan qarab turish, ularga boshqacha bir yo‘l bilan yordam qo‘lini cho‘za olmaslik, er kishi bo‘la turib ularning og‘irini yengillata olmasligidan, nadomatlar komida yashashdan charchaydi. O‘zining erkni, ozodlikni, mustaqillikni ulug‘lovchi fikrlarini ushbu she’rning har bir qatrasiga singdirishga urinadi va buning uddasidan chiqadi. Yurakdan chiqqan va samimiyatga yo‘g‘rilgan “Ketmonchi qizlarga” she’ri shuning uchun ham o‘quvchilar nazaridan chetda qolmaydi. Qolaversa, aytish mumkinki, kishini bir dam o‘yga toldiradigan o‘tmish, tarix voqealari inson qadri ulug‘langan ushbu kunlarning qadriga yetish bilan birga har bir otgan musaffo va nurli tonglarga shukronalar aytishga undaydi. 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Sirojiddin Sayyid. Saylanma. I jild. “Sharq”, Toshkent. 2018.

1. Sirojiddin Sayyid. Saylanma. II jild. “Sharq”, Toshkent. 2018.

 

 

 

 

 

 

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Iqtisodiyot

  • Ilmiy daraja Fan doktori (DS)

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting