OBRAZLILIK – BADIIYLIK ASOSI
Annotatsiya
Barcha san’at turlari kabi badiiy ijodda ham obrazlilik va obraz tushunchalari ustivor ahamiyatga ega. Maqolada shu haqda fikr yuritiladi.
Kalit so'z
obraz, obrazlilik, badiiylik, mavzu, g‘oya, tip, personaj, estetik ideal
San’at asarlarining barchasida boʻlgani kabi adabiyotda ham obrazlilik muhim vosita. Obraz (ruscha «umuman olingan tasvir») borliqdagi voqelikning ijodkor badiiy tafakkurida aks etishidir. Masalan, gul – koʻzni yashnatadigan, hidli yoki hidsiz oʻsimlik, lekin shoirona nigohda u goʻzal yor qiyofasida gavdalanadi. Ya’ni gul shoir poetik tafakkurida yor obrazida gavdalangan.
Yoki Mirtemirning quyidagi satrlariga etibor bering:
Gʻoʻza yaproqlarida,
Koʻkatlarning bargida,
Chechaklarning bagʻrida
Yaltirar lak-lak inju.
Shoʻx soy qirgʻoqlarida,
Nihollar kurtagida,
Sal epkinda simobday
Qaltirar lak-lak inju.
Yaltirar suyri tepa,
Yaltirar qir uzunchoq,
Kelinlar taqinchogʻi,
Uzuk koʻzlarimi yo?
Chor atrof sabzalarda
Jimir-jimir koʻmunchoq,
Boʻy-boʻy dilrabolarning
Suzuk koʻzlarimi yo?
Yoʻq, bu giryon koʻzlarning
Yarqiroq zamzamasi.
Kechasi Onam tagʻin
Yigʻlabdi-da, chamasi...
Satrlarda shoir badiiy tafakkuri, garchi «shudring» soʻzini ishlatmasa ham, tabiatning turli holatlaridan umumlashma oʻxshatishlar yasab koʻz oʻngimizda uning obrazini chiza olgan.
Obraz turli yoʻllar bilan hosil qilinadi:
1. Jamlash yoʻli bilan. Ijodkor oʻz kuzatishlari asosida borliqning eng muhim jihatlarini obrazda birlashtiradi. «Oʻtkan kunlar» romanida muallif barkamol yigitlarda mavjud boʻlgan barcha yaxshi xususiyatlarni Otabek obrazida birlashtirsa, tuban va gʻarazgoʻy shaxslar xususiyatlarini Homid obrazida jamlagan.
2. Prototip asosida. Prototip (yunoncha «dastlabki nishona») – badiiy asar obrazining hayotdagi asosi. Ijodkor hayotiy shaxsni asarga olib kiradi va u bilan bogʻliq hayotiy voqea va badiiy toʻqimalar asosida asar yaratadi. «Mehrobdan chayon»da Xudoyorxon, «Oʻtkan kunlar»da Musulmonqul, «Navoiy» romanida Navoiy, Husayn Boyqaro, Majididdin, «Yulduzli tunlar»da Bobur, Ahmad tanbal kabilar ana shunday obrazlardan hisoblanadi.
Obraz tur va janrlariga koʻra bir-biridan farqlanadi:
a) epik obrazlar – Alpomish, Barchin («Alpomish»), Qobil bobo («Oʻgʻri»);
b) Lirik obrazlar – oshiq, yor, raqib;
d)dramatik obrazlar – Qoʻchqor, Alomat («Temir xotin»), Otello, Dezdemona («Otello»);
e) xayoliy-fantastik obrazlar – dev, ajina, yalmogʻiz;
f) afsonaviy obrazlar – Goʻroʻgʻli («Chambil qamali»), Arjun («Mahabhorat»);
g) mifologik obrazlar – Xizr, Ayoz bobo, Axuramazda
h) majoziy obrazlar – tulki (ayyor kishi), boʻri (laqma kishi), ayiq (qoʻpol kishi);
i) kinoyaviy (allegorik) obrazlar – tuya, boʻtaloq («Zarbulmasal»);
j) satirik va yumoristik obrazlar – Kalvak mahzum («Kalvak mahzumning xoira daftaridan»), Nasriddin afandi, Qurbonboy («Qoplon», Said Ahmad).
Asarda ishtirok etadigan shaxslar badiiy asar qahramoni yoki obrazi deb yuritiladi. U hayotiy kuzatishlar asosida yuzaga keladi, badiiy toʻqima orqali aks ettiriladi, ma’lum gʻoyani tashuvchi inson hayotini konkret va umumlashgan holda tasvirlaydi. Xullas, qahramonlar vositasida asar voqealari yuzaga chiqadi. Lekin voqealarning yuzaga chiqishida asarda ishtirok etadigan har qanday qahramon ham birday ahamiyatga ega emas. Ya’ni qahramon (obraz) asarda tutgan oʻrni va voqealardagi ishtirokiga koʻra ichki guruhlarga boʻlinadi:
1. Personaj
2. Obraz
3. Xarakter
4. Tip
Personaj[1] (lotincha «persona» – «shaxs») tutgan oʻrni va vazifasidan qat’i nazar badiiy asarga ishtirok etadigan shaxslar jamlanmasidir. Masalan: Otabek, Oʻzbekoyim, Hasanali, usta Alim («Oʻtkan Kunlar»)
Personajlar asarda oʻzining muhimlik darajasiga qarab ikki xil boʻladi:
1. Voqealar markazida turib konfliktni hal etuvchi va ijodkor gʻoyasini boshqaruvchi – asosiy qahramon. Masalan, Otabek, Kumush, Oʻzbekoyim («Oʻtkan Kunlar»).
2. Voqealar markazida turmay ijodkor gʻoyasini ifadalovchi, uni toʻldiruvchi – ikkinchi darajali qahramon. Sodiq, Zaynab xola, Sobir, Toʻybeka («Oʻtkan Kunlar»).
Obraz – voqealar markazida turib konfliktni hal etuvchi va ijodkor gʻoyasini boshqaruvchi personajdir. Ya’ni obraz personaj ichidan oʻsib chiqadi va unga nisbatan biroz tor tushuncha. Masalan, Otabek, Kumush, Zaynab Oʻzbekoyim, Qutidor («Oʻtkan Kunlar»).
Xarakter (grekcha «charakter» – «belgi», «alohida xususiyat», «oʻziga xoslik») – xususiyatlari aniq koʻrinib turuvchi, mukammal qahramon. U obrazdan oʻsib chiqadi. Demak, xarakter obrazga nisbatan torroq tushuncha – har qanday obraz xarakter boʻla oladi, lekin har qanday xarakter obraz boʻla olmaydi. «Oʻtkan Kunlar» romanidagi Mirzakarim qutidor va Yusufbek hojilarning ikkalasi ham ota, ya’ni oila boshchisi. Lekin Yusufbek hoji Qutidorga nisbatan oʻzbek otalari xarakterini yorqinroq ifoda etadi. Xullas, Yusufbek hoji xarakter darajasiga koʻtarila olgan, Mirzakarim qutidor esa obraz darajasida qolgan xolos. Xuddi shu asardan Oʻzbekoyim va Oftoboyim obrazlarini ham qiyoslaganimizda ularning har ikkalasi ham koʻz oʻngimizda oʻzbek ayoli va onasi sifatida gavdalanadi. Biroq Oʻzbekoyim kiborliligi va injiqligi bilan ayollarga xos xarakterni namoyon etadi.
Tip (yunoncha «tupos» – «nusxa», «tamgʻa») – qahramonning nihoyatda mukammallashgan koʻrinishi boʻlib u xarakter singari ma’lum bir tabaqa va shaxslarga oid maishiy muammolarni emas, balki butun bir jamiyat va millat muammolarini oʻzi bilan yetaklab yuradi. Shuning uchun u xarakterga nisbatan torroq tushunchani ifoda etadi. «Oʻtkan Kunlar» romanidagi Kumushbibi obrazi oʻzbek qizlari tabaqasiga mansub voqeliklarni oʻzi bilan olib yurganligi uchun xarakter, lekin Otabek obrazi yigitlar tabaqasiga mansub xususiyatlardan tashqari jamiyat va millat muammolarni ham (xalqning Azizbek xonga qarshi qoʻzgʻoloni, qipchoqlar va qorachoponlar orasidagi qon toʻkilish voqealaridagi ishtirokini eslang!) oʻzi bilan olib yuradi. Shuning uchun Otabek tip darajasiga koʻtarilgan. «Alpomish» dostonidagi Alpomish obrazi ham (shaxsiy muammolaridan tashqari) oʻz millatini birlashtirish dardi bilan yashaganligi oqibatida tip darajasiga chiqa oladi. Xullas, tip oʻzida umuminsoniy va umrboqiy voqeliklarni jamlaydi.
Qahramon (obraz)larning bir-biridan oʻsib chiqish va ichki boʻlinishini tasavvurda quyidagi koʻrinishda saqlab qolish mumkin:

Ijodkorning qahramon yaratishdan maqsadi oʻz fikr va qarashlarini ilgari surish ekan, u qahramonlarga nisbatan neytral turmaydi. Ezgulikni ilgari suruvchi qahramonlarda insonlardagi barcha yaxshi xislatlarni, yovuzlik va xudbinlikni ilgari suruvchi qahramonlarda yomon xislatlarni jamlashga harakat qiladi. Ezgulikni tarannum etuvchi qahramonlar ideal yoki estetik ideal deb yuriladi.
Estetik ideal – obraz (qahramon)ning kitobxon orzusidagi koʻrinishi. U faqat hayotiy voqelik koʻrinishlari asosida emas, nafosat qonuniyatlari jihatidan ham tasvirlanadi. U ijtimoiy jihatdan ham, jismoniy jihatdan misli koʻrilmagan qahramonliklar koʻrsatadi. Kitobxon goʻyo asar voqealarini u bilan birga boshdan kechiradi: ideal duch kelgan qiyinchilik va sinovlarda u ham qaygʻuradi, yaxshi kunlarida sevinadi. «San’atda oʻz aksini topgan estetik ideal jamiyatning ilgarilama harakatini belgilash va kelajak ijtimoiy hayot uchun yaroqli insonni tarbiyalashda muhim vositadir»[2]. Biz Otabek va Kumush («Oʻtkan kunlar») obrazlarini ideal deb ayta olamiz, chunki kitobxon ularning xulq-atvori, tashqi koʻrinishi, sevgisiga havas bilan qaraydi. Uning Zaynab obraziga rahmi kelsa-da, havas qilmaydi. Shuning uchun Zaynab ideal obraz darajasiga koʻtarilmagan.
[1] Adabiyotshunoslik manbalarida personaj atamasi ikki xil ma’noda qoʻllaniladi: 1. Keng ma’noda – badiiy asarda ishtirok etuvchi shaxslarning barchasiga nisbatan. 2. Tor ma’noda – asarda ishtirok etuvchi ikkinchi darajali shaxslarga nisbatan.
[2] Hotamov N. Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati. T.: Oʻqituvchi. 1979.118-bet.
Fikrlar