JADID MA’RIFATPARVARLARINING KITOB-NASHRIYOT HAMDA KUTUBXONA MUASSASALARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada jadid ma’rifatparvarlarining kitob-nashriyot va kutubxona muassasalarini barpo etishda qo‘shgan hissasi, hamda madaniy-ma’rifiy tashkilotlarning takomillashtirilishi uchun olib borgan islohotlari bayon etilgan.
Kalit so'z
kitob, nashriyot, kutubxona, muassasa, madaniyat, ma’rifat, bosmaxona, tashkilot.
JADID MA’RIFATPARVARLARINING KITOB-NASHRIYOT HAMDA
KUTUBXONA MUASSASALARI
Shodiyeva Gulruh Xayrullayevna,
Buxoro davlat pedagogika instituti
Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim
pedagogikasi kafedrasi o‘qituvchisi.
Mamalakatimizda Yangi O‘zbekiston Renessans davrini boshlanishida Milliy madaniyat, milliy urf-odat, milliy qadriyatlar rivojlanib bormoqda. Milliy ma’naviyatimizni shakllantirishda kitob va kutubxonalar o‘rni tobora ortib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kutubxona va yosh kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlashlari bejiz emas. Bugungi kunda fan va texnikaning nihoyat darajada taraqqiy etgan davrda matbuot, televideniya, kompyuter vositalarining ko‘lami juda ham kengaydi. Kitob o‘qish madaniyati, kutubxonalardagi manbalardan axborot olishning usullari tobora kengayib bormoqda. Tariximizga nazar solsak, Turkiston o‘lkasida maorif, fan va taraqqiyotga tamal toshini qo‘ygan jadidlar o‘tganki, ular yangi usul maktablari, matbuot, teatr hatto, maktab, oliygohlarni hamda “Turon”, “Ma’rifat”, “G‘ayrat” va “Zarafrshon” nomli kutubxonalarni o‘z tashabbusi va xarajatlari asosida qurganlar.
Turkistonda jadidlar harakatida milliy ozodlikni qo‘lga kiritish, buning uchun esa yangi maktablar ochish, chet ellarga talabgorlarni jo‘natib, xorijdagi yangiliklarni o‘lkaga olib kelish bilan yutuqlarni ko‘zlaganlar.
1912-yil “Nashriyoti Behbudiya” – M.Behbudiy tomonidan xususiy nashriyot sifatida ish boshladi. Fitratning “Bayonoti sayyohi hindi” asari ham ruschaga tarjima qilinib, shu nashriyotda nashr etilgan, Turkiston xaritasi ilk bor shu nashriyotda chop etildi. 1913-yil “Kutubxonai Behbudiya” tashkil etilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ma’rifatga qo‘shgan xizmatlaridan biri bu uning kutubxonasi bo‘lib, u xalq orasida ma’rifatni yoyish maqsadida tashkil etgan edi. Behbudiy birinchi bo‘lib ulamolar, olimlar oldiga Samarqandda musulmonlar kutubxonasi tashkil etish g‘oyasini qo‘ygan va ularni shu yo‘lda birlashishga undagan. Bir muddat faoliyat ko‘rsatgan va o‘sha davrda katta shuhrat qozongan. Ushbu kutubxona haqida o‘sha davrning yetakchi gazetasi bo‘lgan, “Turkiston viloyati gazeti”da xabar berilgan. Birinchi navbatda kutubxona faoliyatini tashkil etish jamiyati tuziladi. Ushbu jamiyat a’zolari bir joyga to‘planadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy «Oyna» jurnalida aytganidek: «Behbudiy kutubxonasi shahri Samarqand, Rusiya qit’asidagi haftalik «Oyna» jurnali idorasida, «Oyna» noshir va muharriri hamda Behbudiy kutubxonasi sohibi Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘z xonasida ochilur. Kutubxonada har nav va rangda kitob, jarida va kitobat uchun kulliyot ila qog‘ozlar bugundan boshlab mavjuddir». Keyinchalik “Behbudiya” kutubxonasi nomi bilan mashhur bo‘lgan mutolaaxona ikki smenada (ertalab soat 9 dan 17 gacha va soat 6 dan 12 gacha) ishlab, 60 dan 110 nafargacha bo‘lgan kishilarga madaniy xizmat ko‘rsata boshlaydi. Behbudiyning «Samarqand kutubxona islomiyasi» («Turkiston viloyatining gazeti», 1908-yil, noyabr) degan maqolasidan ma’lum bo‘lishicha, kutubxona jamg‘armasida to‘plangan kitob va risolalar o‘sha kezlarda 600 ta, gazeta va jurnallar esa undan ham ko‘p bo‘lgan. Behbudiy tashabbusi bilan ochilgan ushbu kutubxona kundan-kunga rivojlanib boradi. Behbudiy kutubxonaning maqsadini ta’riflar ekan: “Kutubxonaning maqsadi musulmonlar qodir bo‘lgan puldan unumli foydalanishdir”, dedi. Keyinchalik kutubxona Behbudiy nomini oldi. Chunki uning moddiy xarajatlari asosan Behbudiy zimmasida edi. Behbudiy kutubxonaning tashkilotchisigina emas, balki undan o‘rin olgan aksar kitob va risolalarning egasi ham edi. Vadud Mahmud Abduqodir Shakuriyga bag‘ishlangan maqolasida: «Behbudiy boy kutubxonaning egasi edi. 1000 jildlik kitob fondiga ega bo‘lgan bu mutolaaxona barcha uchun doimo ochiq edi. O‘sha vaqtlarda bu kitoblarning har biri oltin bahosida hisoblanardi. Behbudiy bu joyning binosi va boshqa xarajatlarini o‘z cho‘ntagidan to‘lar edi», deb yozgan. Kutubxonaga bo‘lgan e’tiborning oshishi keyinchalik unda kitob savdosi bilan shug‘ullanish imkonini ham yaratdi. Behbudiy samarqandlik taraqqiyparvar kishilarning xorijda nashr etilgan va nashr etilayotgan kitoblarga bo‘lgan qiziqishlarini va ularning iltimoslarini e’tiborga olib, Kavkaz, Qrim, Turkiya va boshqa mamlakatlarga sayohatga borganida, u yerdan kutubxona uchun kitoblar olib kelishga ahd qildi. U «Qasdi safar» sarlavhali maqolasida shu haqida bunday deb yozgan edi: «Kutubxonai Behbudiya» isminda «Oyna» idorasina kitob savdosi ochmoq uchun ruxsat olingan. Behbudiy 1914-yil 29-may kuni boshlangan katta sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Gretsiya, Bolgariya, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida bo‘ladi va bu shaharlardan «Behbudiya» kutubxonasi uchun juda ko‘p kitob va risolalarni olib keladi. Afsuski, «Behbudiya» kutubxonasining1917-yildagi inqilobiy voqealardan keyingi taqdiri xususida matbuotda biror maqola yoki xotira e’lon qilinmagan. Bunday faoliyatni o‘zining insoniylik burchi sifatida qaragan, o‘zi haq deb bilgan g‘oyasiga e’tiqod bilan qaragan Behbudiydek ma’rifatparvarlar har qanday qarshilikka qaramay, o‘zlarining yangilik tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanishni davom ettirganlar.

Fikrlar