0
477
PDF

MOL-MULKNI SOLIQQA TORTISHNI TAKOMILLASHTIRISH

Annotatsiya

Maqolada mol-mulk solig'i mohiyatini ochish bo'yicha iqtisodchi olimlarning tadqiqotlari o'rganilgan, mol-mulk solig'ini resurs soliqlari tarkibidagi ulushi tahlil qilingan hamda tadqiqot yuzasidan xulosa va takliflar shakllantirilgan

Kalit so'z

soliq tahlili, mol-mulk solig'i, yer solig'i, resurs solig'i

MOL-MULKNI SOLIQQA TORTISHNI TAKOMILLASHTIRISH

 

Raximova Shaxlo Rajapboyevna

Toshkent moliya instituti o‘qituvchisi,

mustaqil tadqiqotchi

E-mail:rakhimovashakhlo77@gmail.com

 

Resurslardan oqilona va samarali foydalanish iqtisodiyot sohasining bosh masalasi bo‘lib, ularni soliqqa tortish orqali ulardan unumli foydalanish bugunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Resurs soliqlari tarkibiga: mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar kiradi. Bugungi kunda resurslardan samarali foydalanishni inobatga olgan holda, mamlakatimiz soliq siyosatida resurslardan undiriladigan soliqlar hajmi yildan-yilga oshib bormoqda.

Biz bugungi tadqiqot ishimizda asosiy e’tiborni yuridik shaxslardan olinadigan va o‘z ahamiyatiga ega mol-mulk solig‘iga qaratmoqchimiz. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘g‘ri soliqlar tarkibiga kiradi va mohiyatiga ko‘ra bu soliq asosiy vositalar shaklidagi resurslarga nisbatan belgilangan soliq hisoblanadi. Mol-mulkni hisobga olish O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi [1]qonuni va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Shuningdek, soliq bo‘yicha tushumlar summasi to‘liq mahalliy byudjetga tushadi hamda byudjetning daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

 

Mazuga oid adabiyotlar tahlili

Avvalo, mavzu doirasida mol-mulk solig‘ini iqtisodiy ahamiyati va uning olimlar tomonidan berilgan ta’riflariga to‘xtalib, uning mohiyatini ochishga harakat qilamiz. Iqtisodiy adabiyotlarda “mulk solig‘i - bu jismoniy yoki boshqa yuridik shaxsga, masalan, korporatsiyaga tegishli bo‘lgan mol-mulkdan to‘lanadigan soliq. Ko‘pincha mulk solig‘i ko‘chmas mulk solig‘i bo‘lib, uni regressiv soliq deb hisoblash mumkin. U mulk joylashgan mahalliy hokimiyat tomonidan hisoblab chiqiladi va mulk egasi tomonidan to‘lanadi” [2] -deb izohlangan.

T.L.Krutyakovaning fikricha: “Korxonalarning mol-mulkiga soliqni joriy etishning asosiy maqsadlaridan biri soliq to‘lovchilarning foydalanilmayotgan mol-mulkni sotishdan manfaatdorligini oshirish edi” [3].

V.G.Panskovning so‘zlariga ko‘ra, “tashkilotlar uchun o‘z aktivlarini sotish foydasiz bo‘lib qoldi, chunki ular mavjud bo‘lganligi uchun mulk qiymatining atigi 2 foizini to‘lagan va ular sotilgan taqdirda korxonalar sezilarli darajada yuqori stavkada daromad solig‘ini to‘lashga majbur bo‘lgan” [4].

E.N.Pyatshevaning fikricha, “Korxonalarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘g‘risida”gi qonunning muhim kamchiligi soliq solishning adolatliligining eng muhim tamoyili – teng soliq solish ob’ektlari uchun teng soliq majburiyatini zaiflashtirgan ko‘plab soliq imtiyozlari bo‘ldi[5].

Ye.I.Jukova mol-mulk solig‘iga qarashi: “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektning mulkiy kompleksiga tegishli binolar, inshootlar, yer uchastkalari va boshqa ob’ektlarga egalik huquqining paydo bo‘lishi soliq majburiyatlari bilan birga keladi”[6].

L.N.Medvedev talqinicha “Tashkilotlarning mol-mulkiga solinadigan soliq soliq to‘lovchi - yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan mol-mulk qiymatini soliqqa tortish shakli sifatida belgilanadi”[7].

T.L.Krutyakova esa mol-mulk solig‘ini “Ushbu soliq to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlarga tegishli, chunki uning yakuniy to‘lovchisi mulk huquqi asosida mulkka ega bo‘lgan korxona hisoblanadi"[8]-deb hisoblaydi.

Yu.D.Shmelev talqinicha: “Iqtisodiyot nuqtai nazaridan tashkilotlarning mol-mulkiga solinadigan soliqning eng muhim maqsadi korxonalarni o‘z ixtiyoridagi mol-mulkdan samarali foydalanishni rag‘batlantirish (aylanma mablag‘lar aylanishini tezlashtirish, asosiy fondlarni to‘liq ishlatish, resurslarni qisqartirish). , material sarfi, foydalanilmayotgan xom ashyo va materiallar zahiralarini kamaytirish); moliya nuqtai nazaridan - hududiy byudjetlarni barqaror daromad manbalari bilan ta’minlash” [9].

I.A.Mayburovning fikricha, tashkilotlarning mol-mulkiga soliq solish quyidagi maqsadlarda o‘rnatiladi:

1) hududiy byudjetlarni byudjet xarajatlarini moliyalashtirish uchun barqaror daromad manbai bilan ta’minlash;

2) ortiqcha mol-mulkni sotishda yoki uni ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilishda tashkilotga qiziqish uyg‘otish[10].

G.K.Karbushevning fikricha, tashkilotlarning mol-mulkiga solinadigan soliqning fiskal imkoniyatlari juda katta. Gap shundaki, daromad solig‘i va boshqa daromad solig‘idan farqli o‘laroq, bu soliq soliq to‘lovchilarning daromad olish yoki olmasliklariga bog‘liq emas. Uni hisoblash uchun asos bo‘lib korxonalar mulkining qiymati hisoblanadi. Bu daromadga soliq solinadigan soliq to‘lovlaridan farqli o‘laroq, mulk solig‘i bo‘yicha to‘lovlarni olish barqarorligiga yordam beradi. Shu bilan birga, mulk kabi soliqqa tortish ob’ektini soliqdan yashirish daromadga qaraganda ancha qiyin, bu ham uning byudjet daromadlarini to‘ldirishdagi rolini oshiradi[11].

I.V.Gushina “mol-mulk solig‘i korxonalarning o‘z mol-mulkidan yanada samarali foydalanishdan manfaatdorligini oshirish va ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki konservatsiya uchun mol-mulkni yo‘q qilishga ko‘maklashishga qaratilganligini ta’kidlaydi”[12].

V.I.Panskov, “soliq asosiy vositalarning qoldiq qiymatidan undiriladi, deb ta’kidlaydi. Mashina va asbob-uskunalar qanchalik eski bo‘lsa, ularning qoldiq qiymati shunchalik past bo‘ladi va mol-mulk solig‘i miqdori past bo‘ladi. Asosiy vositalarning yangilanishi mulk qiymatining oshishiga olib keladi va buning natijasida to‘lanadigan soliq miqdori oshadi”[13].

I.V.Gorskiy “mol-mulk solig‘ini hisoblash va undirishning amaldagi mexanizmi umumiy xo‘jalik maqsadlaridan ko‘ra ko‘proq fiskal maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, yerdan, bino va inshootlardan samarali foydalanishni qiyinlashtirgan ko‘plab kamchiliklarga ega, deb hisoblaydi. Tashkilotlarning mol-mulkiga solinadigan soliq, xususan, yangi texnologiyalarni joriy etishni, asosiy fondlarni modernizatsiya qilishga investitsiyalarni rag‘batlantirmaydi” [14].

A.M.Petuxov “Tartibga solish funksiyasi korxonalarning ortiqcha, foydalanilmayotgan, foyda keltirmaydigan mol-mulkdan ozod qilish yo‘li bilan kamroq miqdorda soliq to‘lashdan manfaatdorligi orqali amalga oshiriladi” [15].

V.V.Stukina “Mol-mulk solig‘ining tartibga solish funksiyasi, ta’sir qilish xususiyatiga ko‘ra, rag‘batlantiruvchi va to‘xtatuvchiga bo‘linadi. Soliqlarning rag‘batlantiruvchi funksiyasi orqali davlat iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, shu orqali soliq yukini kamaytirishni ta’minlashga qodir. Mulk solig‘ining rag‘batlantiruvchi funksiyasi shundaki, u investitsiyalar bozorning ushbu segmentidan chiqib ketishiga, ularni mulkning turli sinflari o‘rtasida qayta taqsimlanishiga yordam beradi[16].”

V.G.Parыginaning fikricha, “Bu, bir tomondan, xo‘jalik faoliyatining shaffofligini hamda ko‘chmas mulkni to‘liq mulkiy ro‘yxatga olish va undan joriy foydalanish asosida turli soliqlarni hisoblash va to‘lashning to‘g‘riligi ustidan nazoratni yaxshilashni nazarda tutadi; boshqa tomondan, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish sohasida soliq siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqilligi va javobgarligi[17].

“Mulk solig‘i ko‘pincha mashhur bo‘lmagan, boshqarish qiyin va egiluvchan soliq sifatida tasvirlanadi. Darhaqiqat, mahalliy hukumatning daromad, sotish va aksiz solig‘i kabi moslashuvchan daromad manbalariga emas, balki mulk solig‘iga tayanishi - har qanday holatda ham, mahalliy hukumatlarga ko‘plab boshqa hukumatlar tomonidan duch kelgan jiddiy qiyinchiliklardan qochishga yordam berdi”[18].

“Mamlakatimiz soliq tizimida mol-mulk solig‘ini joriy qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad:

- korxonalar o‘zlarining xo‘jalik faoliyatini yuritishda ortiqcha va foydalanilmayotgan mol-mulkini sotishga qiziqishini uyg‘otish;

- korxonalar balansidagi mol-mulkdan samarali foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat. Chunki, korxonalarning ma’naviy va jismoniy tomondan eskirgan asosiy vositalarini yangi, ilg‘or texnologiya-uskunalar bilan yangilashi ishlab chiqarilayotgan tovarlarning bahosini arzonlashtiradi va raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga imkon beradi”[19].

 

Tadqiqot metodologiyasi

 Mazkur maqolada iqtisodiy tahlilning analiz va sintez, induksiya va deduksiya, taqqoslama kabi an’anaviy usullaridan foydalanildi. Xorijiy mamlakatlarning iqtisodchi olimlari va tadqiqotchilarining mol-mulkni soliqqa tortish tajribasi ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilindi va natijalari asosida xulosalar shakllantirilgan.

 

Tahlil va natijalar 

Mol-mulkni soliqqa tortish 2019 yil 30 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi. Soliq kodeksining 410-modda. Soliq to‘lovchilar moddasiga binoan “yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq to‘lovchilari deb quyidagilar e’tirof etiladi:

1) O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksning 411-moddasiga muvofiq soliq solish ob’ekti hisoblanuvchi mol-mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari; 

2) O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar”-deb belgilab quyilgan.

Soliq kodeksining 411-modda. Soliq solish ob’ekti sifatida “Ko‘chmas mulk yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq soliq solish ob’ekti hisoblanadi. Ko‘chmas mulk jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan binolar va inshootlar;

2) qurilishi tugallanmagan ob’ektlar. Qurilishi tugallanmagan ob’ektlarga qurilish ob’ektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan ob’ektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ushbu ob’ektning qurilishiga vakolatli bo‘lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran yigirma to‘rt oy ichida qurilishi tugallanmagan ob’ektlar kiradi;

3) temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek mazkur ob’ektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlar;

4) qurilish tashkilotlari yoki imoratlarni quruvchilar balansida keyinchalik sotish uchun ko‘rsatilgan turar joy ko‘chmas mulk ob’ektlari, ko‘chmas mulk ob’ekti foydalanishga topshirilgandan keyin olti oy o‘tgach”-deb qonun bilan belgilab quyilgan.

2022 yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yo‘nalishlarida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 2%dan 1,5%ga pasaytirish rejalashtirilmoqda[20].

Bevosita soliq tushumlarida resurs soliqlarining ulushi yil sayin oshib borayotganligini so‘nggi besh yillik (2016-2020 yillar) asosida tahlil qilsak, uni quyidagi 1-jadvalda o‘zgarishini kurishimiz mumkin.

 

1-jadval

O‘zbekiston Respublikasida resurs soliqlari bo‘yicha 2016-2020 yillardagi byudjetning daromad qismiga tushumi (mlrd.so‘m.) [21]

1-jadval ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda resurs soliqlarining byudjetning daromad qismiga tushumi 5306,3 mlrd.so‘mni, 2017 yilda 6867,4 mlrd.so‘mni, 2018 yilda 9714,5 mlrd.so‘m, 2019 yil 19 680,7 mlrd.so‘m, 2020 yil 21 257,0 mlrd.so‘mni tashkil etgan. Resurs soliqlarining jami tushumdagi ulushi 2016 yilda 12,9 foizni, 2017 yilda 13,8 foizni, 2018 yilda 15,6 foizni, 2019 yilda 17,5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 15,9 foiz bo‘lgan. 2020 yilda pasayish sababi, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun 2020 yilning 1 aprelidan 31 dekabriga qadar 1 764 ta turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko‘rsatuvchi sub’ektlariga mol-mulk va yer solig‘idan 69,1 mlrd. so‘m miqdorida imtiyoz berildi; 17 247 ta kichik tadbirkorlik sub’ektlarining 2020 yil aprel va may oylari uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan umumiy hisobda 29,5 mlrd. so‘mlik qarzlari, jumladan mol-mulk solig‘idan 11,6 mlrd. so‘m va yer solig‘idan 17,9 mlrd. so‘m kechib yuborilgan[22], bu esa davlat byudjetining daromadlar qismiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

1-rasm. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining daromadlarining 2021 yil 1-yarim yillik ma’lumotlari, foizda 1-rasm ma’lumotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining daromadlarining 2021 yil 1-yarim yillik ma’lumotlari keltirilgan bo‘lib, unda jami tushumda resurs soliqlari ichida yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar ulushi 12 foiz, yer solig‘i 3 foiz, mol-mulk solig‘i 2 foizni va nihoyat suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq summasi 1 foizni tashkil etayotganligini ko‘rishimiz mumkin. 2021 yilda resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 22,6 trln. so‘m yoki Davlat byudjeti daromadlarining 13,2 foizi miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Resurs soliqlarining asosiy qismi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa to‘g‘ri keladi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 2020 yilga nisbatan 663 mlrd. so‘mga kamayib, 15,8 trln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Buning sababi oltin va kumush uchun belgilangan soliq stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasayishi hisobiga yuz beradi. 2021 yilda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln. so‘mga oshib, 6,9 trln. so‘mni tashkil etishi kutilmoqda [22]. Biz yuqorida mol-mulk solig‘ini mamlakat byudjetidagi ulushini yaxlit holda tahlil qildik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soliqlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6121-son Farmoni bilan yer uchastkalari va mol-mulkni soliqqa tortishni yanada takomillashtirish, ularni baholash va hisobini yuritishda zamonaviy usullarni joriy qilish, yer va suv resurslari, yer qa’ridan qazib olinadigan foydali qazilmalardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Farmonga kura mol-mulk va yer soliqlarini ko‘chmas mulk (bino, inshoot va yer uchastkalari) ob’ektlarining bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida hisoblash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan bo‘lib, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida mol-mulk va yer soliqlarini hisoblash tizimi ikki bosqichda joriy etiladi: birinchi bosqichda (2021-2023 yillar) — ko‘chmas mulk bo‘lgan turar-joy fondi ob’ektlari (kvartira, yakka tartibdagi uy-joylar, dala-hovli), shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan; ikkinchi bosqichda (2022-2024 yillar) — yashash uchun mo‘ljallanmagan alohida ko‘chmas mulk ob’ektlari, shuningdek, ushbu ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan. Xorijiy tajribadan ma’lumki, har xil turdagi mulklar yer va uning tuzilmalariga nisbatan har xil turdagi soliqlarga ega. Misol uchun, bo‘sh yerlar yaxshilangan taqqoslanadigan mulk ob’ektiga qaraganda ancha past baholangan qiymatga ega bo‘ladi va buning natijasida mulk solig‘i kamroq bo‘ladi. Kanalizatsiya, suv va gaz kabi davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lsa, yerni baholash yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Agar baholovchi yerning o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan salohiyatga ega deb hisoblasa, bu yuqori bahoga va egasi uchun ko‘proq soliqlarga olib kelishi mumkin. Mulk soliqqa tortiladigan summa mulkning baholangan qiymatining foizidan kelib chiqadi. Joriy davrda xorijiy davlatlar amaliyotida uch xil usuldan foydalangan holda mulkning bozor qiymatini baholashi mumkin va ular bitta yoki uchtasining kombinatsiyasini tanlash imkoniyatiga ega. 1. Sotishni baholashni amalga oshirish. Ko‘chmas mulkni baholovchi hududdagi taqqoslanadigan sotishdan foydalangan holda baholaydi. Mezonlarga joylashuv, mulkning holati, har qanday yaxshilanishlar va umumiy bozor sharoitlari kiradi. Keyin baholovchi yangi qo‘shimchalar va ta’mirlash kabi mulkka aniq o‘zgarishlarni ko‘rsatish uchun raqamlarga tuzatishlar kiritadi. 2. Narx usuli. Bunda baholovchi sizning mulkingiz qiymatini uni almashtirish qancha turadiganiga qarab aniqlaydi. Agar mulk eskiroq bo‘lsa, baholovchilar amortizatsiya miqdorini aniqlaydilar va agar u bo‘sh bo‘lsa, mulk qancha bo‘lishini aniqlaydilar. Yangi ob’ektlar uchun baholovchi har qanday real amortizatsiyani chegirib tashlaydi va qurilish materiallari va mehnat xarajatlarini, shu jumladan mulkning yakuniy qiymatida ushbu raqamlarni ko‘rib chiqadi. 3. Daromad usuli. Bu usul, agar u ijaraga olingan bo‘lsa, undan qancha daromad olishingiz mumkinligiga asoslanadi. Daromad usuli yondashuvidan foydalangan holda, baholovchi mulkni saqlash, mulkni boshqarish, sug‘urta va soliqlarni, shuningdek, siz mol-mulkdan oqilona taxmin qilishingiz mumkin bo‘lgan daromadni hisobga oladi. Mulkning bozor qiymati aniqlangandan so‘ng, baholangan qiymat uning haqiqiy qiymatini olib, uni baholash stavkasiga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Bu stavka yagona foiz bo‘lib, soliq yurisdiksiyasiga qarab o‘zgaradi va har qanday foiz 100% dan past bo‘lishi mumkin. Baholangan qiymatni olganingizdan so‘ng, sizning mol-mulk solig‘ini aniqlash uchun u tegirmon yig‘imi bilan ko‘paytiriladi [23]. Ko‘rish mumkinki, bugungi kunda mol-mulk va yer soliqlarini ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymati asosida hisoblash amaliyotining joriy etilishi mamlakatimiz byudjetida soliq tushumlarining oshishiga va mantiqan qaralganda mulk va yerdan unumli foydalanishga, undan daromad olishigacha bo‘lgan jarayonda o‘z ta’sirini ko‘rsata oladi.

 

Xulosa va takliflar

Mol-mulk solig‘ining davlat byudjeti tushumidagi ulushining boshqa soliqlarga nisbatan pastligi, uning salmog‘ini tushurib quymaydi. Chunki so‘nggi yillarda mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini optimalashtirish orqali “ko‘chmas mulk solig‘i” sifatida optimallashtirish va qonunchilikka kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Bu bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlarida o‘chratish mumkin, ammo maqsad soliqlarni optimallashtirish vositasida bo‘ladigan va kutilayotgan o‘zgarishlar pirovarda natijasiga bog‘liq. Ya’ni uning mamlakat byudjetiga va individlarga ta’siri jihatidan o‘rganish kerak. Jumladan, 2021 yil uchun davlat byudjeti daromadlarida soliqlarning ulushi nuqtai nazaridan kutilayotgan mol-mulk solig‘idan 2 foizlik va yer solig‘idan 3 foizlik ulushi (1-rasm), ularni birlashtirganda byudjetga qancha foyda keltirishi yoki yuridik va jismoniy shaxslar uchun iqtisodiy ahamiyati yana bir boshqa tadqiqot mavzusiga sababchi bo‘lmoqda. Albatta, bozor iqtisodiyoti rivojlanib boraverar ekan, davlat va jamiyat o‘rtasidagi byudjet soliq islohotlari ham chambarchas takomillashib boraveradi. Darhaqiqat, mavzu doirasida ko‘chmas mulk ob’ektlarini bozor qiymatida baholash maalasida to‘xtalib o‘tgandik, taklif sifatida qilinishi lozim bo‘lgan chora tadbirlar yuzasidan quyidagilarga ahamiyat berish kerakligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz: - Bozor bahosini belgilashda, ularning o‘rtacha bahosiga adolatli qiymatni shakllantirish; - Ko‘chmas mulk joylashgan hududning (agar yer sifatida qaralganda) salohiyatini e’tiborga olish; - Mulkning ishlatish davomiyligi muddati va yaroqliligiga ahamiyat qaratish; - Ko‘chmas mulkning foydalanishi jihatdan (yashash uchun yoki ishlab chiqarish sifatida qaralganda) baholash; - Ko‘chmas mulkni zamonaviy (raqamlashtirilgan) baholash metodikasini ishlab chiqish.

 

Foydalanilgan adabiyotlar 

 

1. O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonun .2016 yil 13 aprel

2. Property Tax Definition – Investopedia https://www.investopedia.com › terms › propertytax

3. Крутякова Т.Л. Налог на имущество: изменения продолжаются // Новая бухгалтерия. - 2014. - № 12. – с. 15-22.

4. Пансков В.И. Российская система налогообложения: проблемы развития. – М.: Международный центр финансово-экономического развития, 2014. – 241с

5. Пятшева Е.Н. Тенденции развития системы имущественного налогообложения организatsiй в Российской Федерatsiи // Вестник Российский Государственный Гуманитарный Университет. – 2014. - №21. – с. 157-167.

6. Жукова Е.И. Налогообложение организatsiй в 2014 г. // Управление многоквартирным домом. – 2014. - № 4. – с. 23-31.

7. Медведев Л.Н. Имущественные налоги: сравнительный анализ российской и зарубежная практики. – М.: Учебный центр МФЦ, 2013. – 178 с.

8. Крутякова Т.Л. Налог на имущество: изменения продолжаются // Новая бухгалтерия. - 2014. - № 12. – с. 15-22.

9. Шмелев Ю.Д. О новой концепции налога на имущество организatsiй и механизме её реализatsiи // Финансы. – 2015. - № 4. – с. 28-35.

10. Майбурова И.А. Теория и история налогообложения: учебник / под редакцией. М.: Юнити-Дана. – 2014. - 422 с.

11. Карбушев Г.К. Совершенствование налогообложения имущества организatsiй // ЭКО. – 2015. - № 7. – с. 23-30.

12. Гущина И.В. Реализatsiя функций налога в налогообложении имущества предприятий // Известия ИГЭА. – 2013. - №4 – с. 21-28.

13. Пансков В.И. Российская система налогообложения: проблемы развития. – М.: Международный центр финансово-экономического развития, 2014. – 241 с.

14. Горский И.В. Налог на недвижимость: за и против // Финансы. – 2015. - № 2. – с. 37-39

15. Петухов А.М. Увеличение регулирующей функции налога на имущество // Российское предпринимательство. – 2014. - № 9 (98). – с. 153-157.

16. Стукина В. В. Становление налогооблажения недвижимого имущества // Международный научно-исследовательский журнал. – 2014. - №1-3 (20). – с. 103-104.

17. Парыгина В. А. Понятие, история и функции налогообложения имущества // Современное право. – 2015. – № 10. – с. 3 – 8.

18. Alm, James, Buschman, Robert D., Sjoquist, David L. 2011. “Rethinking Local Government Reliance on the Property Tax.” Regional Science and Urban Economics 41 (4): 320–31.

19. Vahobov A., Jo‘raev A. Soliqlar va soliqqa tortish: Darslik. T -2008. 154 b

20.https://www.norma.uz/uz/bizning_sharhlar/2022_yil_uchun_fuqarolar_uchun_b yudjet_elon_qilindi

21. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan shakllantirildi.

22. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Byudjetnomasi” ma’lumotlari

23. https://www.investopedia.com/articles/tax/09/calculate-property-tax.as

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 7107310864

Raximova Shaxlo
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Iqtisodiyot

  • Ilmiy daraja Ilmiy darajasiz

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting

{{text}}

{{text}}

{{text}}

{{text}}