0
1 071
PDF

JAMIYATDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI RIVOJLANTIRISHDA RAQAMLI TEXNOLOGIYALARNING O‘RNI

Annotatsiya

Iqtisodiyot sohasida islohotlarni amalga oshirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish, innovatsiyalar va ishlanmalarning ko‘payishi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda. Bunda raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq jarayonlar ishtirokchilari moddiy ne’matlar ishlab chiqarishda o‘z salohiyati bilan qatnashmoqdalar.

Kalit so'z

Iiqtisod, iqtisodiy islohotlar, iqtisodiy rivojlanish, taraqqiyot sur’atlari, strategik dasturlar, iqtisodiy xuquqlar, moddiy ehtiyojlar.

Muallif

Mohinur Isaxonova, Samarqand Davlat universiteti “Iqtisodiyot” yo‘nalishi 2-kurs talabasi

JAMIYATDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI RIVOJLANTIRISHDA

RAQAMLI TEXNOLOGIYALARNING O‘RNI

 

Mohinur Isaxonova,

Samarqand Davlat universiteti “Iqtisodiyot” yo‘nalishi  2-kurs talabasi

 

Bugungi kunda mamlakatimizda jamiyat va inson farovonligini, uning munosib turmush tarzini yuksaltirish, unga har tomonlama ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratib berish borasida muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda. Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda aholi farovonligining o‘sib borishi uchun muhim strategik dasturlar qabul qilinib, istiqbolli chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanmoqda. Jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy sohalarida rivojlanish tenedensiyalari ilm-fan, innovatsiyalar va jahondagi ilg‘or tajribalarning uyg‘unligi orqali amaliyotda namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida taraqqiyot sur’atlari yangi bosqichga qadam qo‘ydi. 

Bugungi kunda zamonaviy taraqqiyot an’analarini o‘zida qamrab olgan muhim va keng ko‘lamli islohotlar natijasida inson qadri yuksalib, uning ijtimoiy manfaatlari ta’minlanmoqda, turmush tarzining yuqori darajaga ko‘tarilganligi amaliyotda namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev: “Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi. Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit paydo bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor”[1], deb ta’kidlagan.

Mamlakatimizda iiqtisodiy islohotlar jahonda umume’tirof etilgan huquqiy tamoyillar bilan uyg‘unlikda Konstitutsiya, qonunlar va qonun osti hujjatlari, strategik dasturlar, “yo‘l xaritalari” va boshqa me’yoriy yo‘naltirilgan hujjatlar asosida olib borilmoqda.

 Ijtimoiy va iqtisodiy xuquq va erkinliklar jamiyatda insonning munosib hayot kechirishi uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Insonlarning yashashi uchun etarli darajada moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish va bu borada muhim choralar ko‘rish borasida davlatimiz tomonidan muhim sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

Iqtisodiyot sohasida islohotlarni amalga oshirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish,  innovatsiyalar va ishlanmalarning ko‘payishi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda. Bunda raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq jarayonlar ishtirokchilari o‘z imkoniyatlarini ishga solib, iqtisodiy siyosat, islohotlar, moddiy ne’matlar ishlab chiqarishda o‘z salohiyati bilan qatnashmoqdalar. A.Saitkasimovning fikricha, “Bunda kishilar turli texnologik, innovatsion loyihalar, kashfiyotlar, ishlanmalar va dasturlar orqali taraqqiyot uchun zamin bo‘ladigan ishlanmalar yaratishi va uni hayotga tadbiq etishi muhim bo‘lib, bu orqali ular mamlakatimizning jahon siyosiy va iqtisodiy jarayonlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashadi”[2].

Iqtisodiy islohotlarni amaliyotini ta’minlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish jarayoni jamiyatdagi ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlarga o‘zining jiddiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Raqamli texnologiyalar o‘zining keng qamrovli xususiyatlariga ko‘ra quyidagi jarayonlarning ijtimoiy hayotda takomillashuviga sabab bo‘lmoqda:

- texnika sohasida - ishlab chiqarish va uni modernizatsiya qilish, tajriba-konstruktorlik tarmoqlarida raqamli texnologiyalarining keng joriy etilishi; 

- iqtisodiy hayotda – axborot va raqamli ma’lumotlarning tovarga aylanishi, iqtisodiyot infratuzilmalarnining zamonaviy ko‘lamda rivojlanishi; 

- ijtimoiy hayotda – jamiyat va inson farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi, fuqarolar hayot darajasi o‘zgarishining asosiy omiliga aylanishi;

- ta’lim sohasida – ta’lim tizimini modernizatsiyalashi va innovatsion rivojlantirishga xizmat qilishi; 

- ekologik sohada – ekologik tizimlarni tashkil etishda iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishi, tabiatni muhofaza qilish tizimlarini moddiy ahvolini mustahkamlashi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborotlashgan jamiyatga o‘tish uchun muhim bo‘lgan ko‘pgina vazifalarni bajarishimiz va buning uchun barcha birdek mas’ul ekanligini ta’kidlagan edilar.  “Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqishimiz kerak. Shu asosda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini hayotga tatbiq etishimiz zarur. Raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga o‘stirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar o‘tkazgan tahlillar ham buni tasdiqlamoqda”[3]. 

Raqamli iqtisodiyotga o‘tish bugungi kunda zamonaviy rivojlanish tendensiyalarining eng muhim talablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari kengayib borayotgan hozirgi davrda,  undan mamlakatimizning jahon hamjamiyatida, dunyoda iqtisodiy va innovatsion rivojlanish  indekslarida tutgan o‘rnini mustahkamlashda keng foydalanish zarur. BMT Taraqqiyot dasturining Evropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi mutaxassisi Robert Pashichkoning takidlashicha, “2027 yilga kelib jahon yalpi ichki mahsulotining o‘n foizi blokcheyn texnologiyasida saqlanadi. Blokcheyn bir-biriga notanish odamlarning umumiy yozuvlarga ishonishiga imkon yaratadi. Blokchayn moliyaviy amaliyotlarni, jumladan pul o‘tkazmalarini qulay, xavf-xatardan xoli va ortiqcha xarajat qilmay amalga oshirish imkonini beradi. Bu texnologiyadan nafaqat bank-moliya sohasida, balki logistika va energetikada, kadastr xizmatlarini ko‘rsatishda, saylov kompaniyalarini onlayn tarzda tashkil etishda foydalanish mumkin”[4].

Iqtisodiyotda raqamli texnologiyalarga o‘tish bugungi zamonaviy global taraqqiyot davrida kundan kunga rivojlanib va takomillashib bormoqda. CHunki, iqtisodiyot sohasi jamiyatning eng muhim, ya’ni inson farovonligini ta’minlash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Iqtisodiyot tarmoqlarini raqamli texnologiyalar hisobiga rivojlantirilishi raqobatbardosh mahsulotlar yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq barcha xarajatlarni kamaytirish, kadrlar salohiyatini oshirishga olib keladim. Bugungi kunda “Raqamli iqtisodiyot”, “Elektron hukumat” kabi tizimlar davlatning ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutib, xalqning kundalik ehtiyojlarini qondirishda samarali xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat bu tizimlar amaliy jarayonlarda o‘zining salmoqli samarasini ko‘rsatmoqda. N.Jumaevning ta’kidlashicha, “Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Elektron hukumat va yagona interaktiv xizmatlar portali orqali 178 ta xizmat yo‘lga qo‘yildi hamda ushbu xizmatlar aholining vaqti va xarajatlarini tejamoqda. Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. SHu bois raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni, ayniqsa, korrupsiyani keskin kamaytiradi”[5].

Yangi O‘zbekistonda faol demokratik yangilanishlar, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yuksalish jarayonida  jamiyatning barcha sohalarida jadal islohotlar muhim ahamiyatga egadir. Mamlakatimizni tubdan modernizatsiya qilish davom etarkan, iqtisodiy islohotlarda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida insonning turmush farovonligi yuksalib bormoqda. Islohotlarni samarali olib borilishi natijasida jamiyatimizda barqaror taraqqiyot yuzaga kelmoqda. Iqtisodiy tizimlarning rivojlanishi, moddiy ne’matlar ishlab chiqarish jarayonlarining yuksalishi inson ehtiyojlari va farovonligini ta’minlanishi, har bir fuqaroga munosib hayot tarzi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish chuqur ahamiyat kasb etmoqda.

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Mirziyoev SH.M. Vatanimiz mustaqilligi – biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, taraqqiyot va farovonlik asosi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan marosimdagi nutq.  31.08.2021. www.prezident.uz. 

2. Saitqosimov A. Jamiyat barqarorligi va ijtimoiy muammolarni hal etish.//Monografiya. -Toshkent, 2018. –B. 242.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi  http://uza.uz/oz/politics/zbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyeevning-oliasy-28-12-2018 

4. Pashichko R. BMT Taraqqiyot dasturining Evropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi. https://mininnovation.uz/uz/news/17-10-2019-management-innovation-days.

5. Jumaev N. Raqamli iqtisodiyot bizga nima beradi? https://uzlidep.uz/news-of-party/11083. 11.01.2022 y.

 

0
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Iqtisodiyot

  • Ilmiy daraja Fan doktori (DS)

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting

{{text}}

{{text}}

{{text}}

{{text}}