0
2 517
PDF

OʻZBEK TILIDAGI SOʻZLARNI TOʻGʻRI TURKUMLASH

Jilla qursa – birikma yuklama

Jilla soʻzi uncha, u qadar, biroz soʻzlarining maʼnodoshi. Deyarli hamma vaqt feʼlning boʻlishsiz shakliga tobelanib, bogʻlanib keluvchi bu soʻzni holda muayyan turkumga ajratish – nooʻrin. So‘z turkumiga kelsak, u (jilla) daraja-miqdor ravishi hisoblanadi. 

 Biroz soʻzidan farqi shuki, biroz soʻzi boʻlishli va boʻlishsiz feʼlning har ikkalasiga tobelansa, jilla soʻzi faqat feʼlning boʻlishsiz shakliga qoʻshiladi.

  Olgan narsalaringiz biroz yoqdi. ✓

 Olgan narsalaringiz biroz yoqmadi. ✓

  Olgan narsalaringiz jilla yoqdi. ×

 Olgan narsalaringiz jilla yoqmadi. ✓

Yuqoridagi soʻzning (jilla) maʼnosi va turkumi tushunarli boʻlsa, “jilla qursa” haqida gaplashsak. Uning maʼnosi va turkumi qanday?

Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga nazar tashlasak, jilla qursa hech boʻlmasa, hech boʻlmaganda, loaqal soʻzlariga tengligi va ularga maʼnodosh ekanligi qayd etilgan. Variantdoshlari: jilla boʻlmasa, jilla boʻlmaganda.

Izohli lugʻat “jilla qursa”ni muayyan turkumga ajratmagan. Izohli lugʻatda “jilla qursa” va uning variantdoshlarini gapning boshqa boʻlaklari bilan grammatik munosabatga kirmasligini koʻrsatib, gapning qayerida kelishidan qatʼiy nazar boshqa boʻlaklardan vergul bilan ajratgan. Bundan koʻrinib turibdiki, izohli lugʻatda “jilla qursa” alohida olingan soʻz – modal, – deya qaralgan. Ammo qiziqarli jihati shundaki, uning maʼnodoshi sifatida “loaqal” soʻzi ham keltirilgan. Biz bilamizki, maʼnodosh soʻzlar bir turkum doirasida boʻladi.

“Loaqal” hech bir qoʻllanmada va manbada keltirilmagan boʻlsa ham yuklamadir. (Balki, keltirilgandir. Izlanishim mobaynida men duch kelmadim.) Chunki izohli lugʻat “loaqal” soʻzini “aqalli” soʻzi bilan maʼnodosh sanagan va “aqalli” yuklama deb koʻrsatilgan. 

Xulosa shuki, jilla qursa, jilla boʻlmasa, jilla boʻlmaganda, hech boʻlmasa, hech boʻlmaganda, juda boʻlmasa, juda boʻlmaganda kabi birliklar – birikma holdagi yuklamalar. Shuni ham aytish kerakki, yuklamalar hech qaysi boʻlakdan vergul bilan ajratilmaydi. 

Dada, loaqal bugun ichmang.

Dada, aqalli bugun ichmang.

Dada, jilla qursa bugun ichmang.

Dada, jilla boʻlmasa bugun ichmang.

Dada, jilla boʻlmaganda bugun ichmang.

Dada, hech boʻlmasa bugun ichmang.

Dada, hech boʻlmaganda bugun ichmang.

Dada, juda boʻlmasa bugun ichmang.

Dada, juda boʻlmaganda bugun ichmang.

Yuqorida ajratib koʻrsatilgan barcha soʻzlar yuklama va ular yuklamaning “ayiruv-chegaralov” turiga kiradi. Negaki, bu soʻzlar “bugun” soʻzini ayirib-chegaralab kelgan. Va ajratib koʻrsatilgan soʻzlar tushirib qoldirilgan taqdirda ham maʼno oʻzgarmaydi. Chunki yuklamalar soʻzlarga, shunchaki, qoʻshimcha maʼno yuklaydi xolos.

2
0
0

Muallif haqida ma'lumot

ID: 5188897424

Tursunpoʻlatov Behzod
  • Mamlakat O`zbekiston

  • Mutaxassislik Filologiya

  • Ilmiy daraja Ilmiy darajasiz

  • Ilmiy unvon Ilmiy unvonsiz

Fikrlar

Fikrlar

Qiymatni tanlang
Kommentariy qoldirish administrator tomonidan bloklangan

Sharhlar faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar tomonidan qo'shilishi mumkin. Kirish Yoki Roʻyxatdan oʻting