SOLIQQA TORTISH TIZIMINING MAMLAKATLARGA KO‘RA XUSUSIYATLARI
Marjona Jumanova,
Toshkent moliya instituti,
“Soliqlar va soliqqa tortish” fakul’teti talabasi
Mamlakatimiz o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda avvalambor, soliq siyosati muhim ahamiyat kasb etadi. Har qanday davlatchilik ko‘rinishida soliqlar nafaqat tadbirkor, korxona va tashkilotlarni balki alohida jismoniy shaxslarni iqtisodiy harakatga keltiruvchi “richag” bo‘lib xizmat qiladi. Soliqlar va yig‘imlarning asosiy, ya’ni fiskal funksiyasini bajarish bilan bir qatorda soliq to‘lovchilar bilan balansli muqobil munosabatni saqlab qolish uchun soliq tizimini yanada takomillashtirish, soliqlarning turlari va ularning amal qilish mexanizmini soddalashtirish muhimdir.
O‘zbekiston butunjahon hamjamiyatning bir a’zosi sifatida xalqaro standartlarni o‘z tizimiga joriy etadi, va kerak bo‘lsa, o‘zining muvafaqqiyatli tajribasini boshqa chet el mamlakatlar bilan bo‘lishadi, ya’ni tizim integratsiyalashadi. Xalqaro amaliyotda Soliq jamg‘armasining Xalqaro soliq raqobatbardoshligi indeksi (ITCI) baholash tizimi mavjud. U 36 ta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) davlatlarining soliq tizimlari biznes investitsiyalariga past soliq yuklari va muqobil soliq kodeksi orqali raqobatbardoshlikni oshirish darajasini o‘lchaydi. ITCI besh toifa bo‘yicha 40 dan ortiq o‘zgaruvchilarni korporativ soliqlar, jismoniy shaxslar soliqlari, iste’mol soliqlari, mulk solig‘i va xalqaro soliq qoidalarini ko‘rib chiqadi.
Soliq jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil hisobida Estoniya soliq tizimi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Ushbu mamlakatda faqat taqsimlangan foyda uchun qo‘llaniladigan korporativ daromaddan 20 foizlik soliq stavkasiga ega muntazam dividendlar bo‘lganda 14 foizga kamayadi. Bu shuni anglatadiki, Estoniyaning korporativ daromad solig‘i tizimi kompaniyalarga o‘z daromadlarini soliqsiz qayta investitsiya qilish imkonini beradi.
Birinchi xulosa shuki, mamlakatning rivojlanishi zarur bo‘lgan sohalarida faoliyat yurituvchi korxona, ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga ma’lum muddatga imtiyozlar berish orqali sohani rivojlantirishga erishish mumkin.
Estoniya soliq tizimining yana bir jihati shundaki, kompaniyalar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti(IHTT)ning boshqa mamlakatlaridagiga qaraganda soliq hisoblab chiqarish va to‘lashga kamroq vaqt sarflaydilar. Misol uchun, IHTT mamlakatlarida o‘rtacha yiliga 42 soat kompaniyalar, faqat korporativ foyda solig‘ini to‘lash uchun sarflasa, Estoniyada bu ko‘rsatkich besh soatni tashkil qiladi. Ikkinchi xulosa, nafaqat soliq tizimi soddalashgan bo‘lishi, balki soliq to‘lashga ketadigan vaqt ham qisqa bo‘lishi soliq to‘lovchilarning ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tez va oson o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarishga sabab bo‘ladi. Estoniya, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotidagi ko‘chmas mulkni (ko‘chmas mulk, yerni obodonlashtirish, texnika) bir shaxs yoki firmadan boshqasiga o‘tkazish uchun soliqlarni anglatuvchi hech qanday mulkni o‘tkazish solig‘i bo‘lmagan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi.
Ko‘pgina rivojlangan mamlakat xususan, Yaponiya, Kanada, AQSh, Janubiy Korea va Indoneziya kabi davlatlarda jismoniy shaxs daromad solig‘ini o‘zi hisoblab chiqarish, ya’ni deklaratsiya amaliyoti mavjud. Bu uslubning o‘ziga xosligi shundaki, soliq to‘lovchi jismoniy shaxs, ma’lum darajada bilim va ma’suliyatga ega bo‘lishi talab qilinadilar. Masalaning ikkinchi tomoni, soliq to‘lovchilarga ortiqcha ma’lumotlar talablarini qo‘yadi. Bu mamlakatlarda deklaratsiya shakllar bir necha sahifalarni o‘z ichiga olishi mumkin, ba’zan soliq to‘lovchilardan qo‘shimcha hujjatlar (masalan, schyot-fakturalar va import deklaratsiyalari nusxalari) ilova qilishni so‘raladi. Bir qator mamlakatlarda ariza berish va to‘lov alohida joylarda bo‘lishi mumkin, bu esa to‘lov va qaytarish ma’lumotlarini solishtirishga to‘sqinlik qilib, ma’muriyat qiyinchiliklarini kuchaytiradi. Bunday amaliyot soliq to‘lovchilarni (xususan, deklaratsiya topshirgan, lekin soliq majburiyatlarini to‘lamagan) o‘z vaqtida aniqlashga jiddiy to‘sqinlik qilishi mumkin. Uchinchi xulosa, yillik daromadi haqida deklaratsiya uslubida soliq undirish rivojlangan mamlakatlar uchun xos bo‘lishiga qaramay, Soliq organlari va soliq to‘lovchilar uchun ortiqcha vaqt va kuch sarflash belgisi sifatida ko‘rinadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hamda soliqqa tortish tizimida imtiyozlardan foydalanish qaralishi mumkin. Mamlakatning iqtisodiy va siyosiy farovonligida soliqlarning ahamiyati kattadir. Chunki soliqlar kimga va qancha solinishi mamlakatning ijtimoiy siyosati qay darajada olib borilayotganidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi — xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyat yuritishlari uchun yetarli sharoit yaratib berish bilan birga ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan imtiyoz berish orqali ular faoliyatlarini rag‘batlantirish hisoblanadi. Ammo, mamlakat rivoji va korxonalar faoliyatining ham yaxshi davom etishi uchun berilayotgan imtiyoz samarali bo‘lishi hamda korxona ushbu imtiyozga doimiy tayanib qolmasligi lozim.
Shu bois, korxonalarga berilayotgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanmaslik bo‘shayotgan mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanishni bilmaslik va korxonalar tomonidan olinayotgan soliq imtiyozlari salbiy oqibatlarga, ya’ni:
soliq imtiyozlari natijasida amalda hech qachon ular berilayotgan chog‘ida ko‘zda tutilgan maqsadlarga to‘liq erishmasligi;
soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan korxonalar rivojlanishga bo‘lgan intilishini yo‘qotadilar va o‘zlarining imtiyozli mavqeini saqlab qolishga harakat qiladilar, imtiyozlar bekor qilinganda esa ular faoliyat yuritishdan to‘xtaydilar;
soliq imtiyozlari texnik taraqqiyot jarayonini sekinlashtirib, korrusiyaga imkon yaratishi mumkin;
bir vaqtlar berilgan soliq imtiyozlarini amalda bekor qilish juda ko‘p qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Shunday ekan, soliq imtiyozlaridan samarali foydalanish yo‘llarini izlab topish, ularni kerakli o‘rinlarda, zarur holatlarda qo‘llash hozirgi davr soliq ma’murchiligining oldida turgan vazifalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari soliqlar va soliqqa tortish to‘g‘risidagi nazariy ta’limotlardan bizga ma’lumki: “Soliq yukining oshib ketishi byudjet daromadlarining ko‘payishiga olib kelmaydi. Chunki, soliqlardan shakllanayotgan daromadlar hajmining ko‘payishi har doim soliqqa tortiladigan bazaning o‘sishi bilan proportsional bo‘ladi, ammo har doim ham soliq stavkasining o‘sishiga proportsional bo‘lavermaydi”.
Ko‘pgina iqtisodiy adabiyotlarda keltirib o‘tilgan yana bir jihat mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish darajasi hisoblanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlar samarali soliq tizimini yaratishga harakat qilganda katta qiyinchiliklarga duch kelishadi. Birinchidan, bu mamlakatlardagi ishchilarning aksariyati odatda qishloq xo‘jaligida yoki kichik, norasmiy korxonalarda ishlaydi. Ularga kamdan-kam hollarda muntazam, qat’iy ish haqi to‘langanligi sababli, ularning daromadlari o‘zgarib turadi va ko‘pchilik naqd pulda, “konvert tizimida” to‘lanadi. Shuning uchun daromad solig‘I uchun bazani hisoblash qiyin. Bu mamlakatlardagi ishchilar ham odatda o‘z daromadlarini savdo va inventarlarning aniq hisobini yuritadigan yirik do‘konlarda sarflamaydilar. Natijada, daromad solig‘I va iste’mol solig‘i kabi daromadlarni oshirishning zamonaviy vositalari bu iqtisodlarda kamaygan rol o‘ynaydi va hukumatning yuqori soliq darajalariga erishish ehtimoli deyarli istisno qilinadi. To‘rtinchi xulosa, yuqorida keltirib o‘tilgan ijtimoiy qatlamni soliq to‘lashga imtiyozlar orqali undash, ya’ni soliq to‘lovchilar bazasini ko‘paytirish demakdir. Bu maqsadga, 2 yo‘l bilan erishish mumkin. Birinchisi, daromad solig‘ini to‘lagan jismoniy shaxslarga yoshga doir pensiya hisoblab borish. Ikkinchi uslub, daromadini bir qismini sug‘urtaga yo‘naltirgan shaxlarga soliq imtiyozini berish orqali ham sug‘urta ham soliq sohasini mablag‘ bilan ta’minlash erishishni maqsad qilingan.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, hozirgi zamonaviy xalqaro iqtisodiy sharoitda sohalarda jahon amaliyotini joriy etish integratsiyalashuvning tezlashuviga olib kelishini hisobga olish bilan bir qatorda soliqning asosiy tamoyili, ya’ni davlat va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi balansli munosabatni saqlab qolish vazifasi borligini hisobga olish lozim. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tkanidek, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ishlarni tashkil qilish ijobiy natijalarga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, soliq ma’murchiligida zamonaviyaxborot texnologiya tizimlariva elektron - masofaviy xizmatlarturini kengaytirish orqali soliq to‘lovchilarning xabardorligini oshirish va vaqtini tejash imkonini beradi.
Fikrlar