ABDULLA ORIPOVNING MUSTAQILLIK YILLARIDAGI IJODI NO‘MON RAHIMJONOV TALQINIDA
Ro‘zigul Qodirova, BuxDU
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi
sadulloyevna1991@mail.ru
Kirish. Taniqli adabiyotshunos No‘mon Rahimjonovning ko‘plab tadqiqotlari o‘zbek she’riyatini turli adabiy avlod lirikasi misolida yoritib berish tashkil etadi. Xususan, uning “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyati” nomli keng qamrovli monografiyasi bu jihatdan ahamiyatli. Unda olimning yangi o‘zbek she’riyati, hozirgi adabiy jarayon tahlili bilan bog‘liq nozik kuzatishlari o‘rin olgan. Jumladan, uning “Bugunning qahramoni kim?”, “She’r – ko‘ngil hushi emas, ko‘ngil ishi”, “Adabiyot – biznes emas”, “Xalq axloqi va ideali – bosh mezon” kabi maqolalarida adabiyotshunos istiqlol davri o‘zbek she’riyatiga xos ijtimoiy-estetik ideallar o‘zgarganligi; tanqidiy ruh, publitsistik ko‘tarinkilik, falsafiy teranlik kuchayganligi; badiiy tafakkurda sifat evrilishlari kechganligi singari masalalar teran yoritib berilgan. Shular orasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’riyati tadqiq etilgan maqolalar o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Asosiy qism. No‘mon Rahimjonov xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlarining asosi bo‘lgan bu beqiyos yurt – O‘zbekiston mavzusini tahlil qilar ekan, yozadi: “Abdulla Oripov o‘z she’rlarini ustoziga-barhaq va barhayot ilhom manbai asrlar koshonasida mangu yorug‘ maskani bo‘lgan yurti – O‘zbekistonga bag‘ishlaydi. A.Oripov lirik qahramoni ona yurt shamolida kuylagan o‘zbek tuprog‘ining qo‘shig‘ini tinglab biladi; uni yuksak shoirona til bilan o‘quvchiga tarjima qilib beradi. Yam-yashil bahor labidagi yashnoq tabassumni ham jazirama yoz issig‘ida har bir tup g‘o‘zasiga bittalab egilgan, egatlarga bukilib beli qotgan bobo dehqon peshonasiga qo‘shilgan ajinni ham nuroniy chollarga hassa yo‘ngan fayzli kuzni ham – xullas, tabiatning to‘rt faslida ona yurti va zahmatkash xalqi qalbining to‘rt fasli qo‘shig‘ini tinglay biladi”[1]. Ko‘rinadiki, olim shoirning Vatan haqidagi bitiklari mohiyatini teran ochib bergan. YA’ni shoir she’riyatida Vatan degan ulug‘ tushuncha yilning to‘rt faslida, uning fidoiy halqi, mehnatkash dehqon siymosida namoyon bo‘lishini adabiyotshunos teran talqin etgan. Olim bu boradagi fikrlarini davom ettirib, yozadi: “A.Oripov lirikasida “O‘zbekiston – xalq” tabiat obrazlari uyg‘unlikda ochiq bir kitobdek ko‘z o‘ngingda namoyon bo‘ladi. A.Oripov shoirona yurtining yoniq she’rlarini ehtiros bilan mehr bilan o‘qiyotgandek tuyuladi. Darhaqiqat, A.Oripov she’rlarining asosiy mavzusi ˗˗ ona yurt, O‘zbekiston Vatandir”[N.Rahimjonov, 2007: 39]. Adabiyotshunos A.Oripovning Vatan haqidagi satrlari qatida “O‘zbekiston-xalq” vobastaligini ko‘radi.
Ma’lumki, A.Oripovning Vatan mavzusidagi she’rlarida yurtning ko‘hna tarixi, buguni aks etgan. N.Rahimjonov shoir ijodining shu xususiyatiga alohida e’tibor qaratadi: “A.Oripov lirikasida ko‘pincha xalqimiz tarixiga murojaat etish, milliy xarakter asoslarini anglab yetishiga intilish, bolalik xotiralarini ko‘z o‘ngida jonlantirish, tiklash, ona-yurt manzaralariga estetik munosabatda bo‘lish orqali Vatan obrazini bunyod etadi. Bu qarashlar milliy tariximiz ˗˗ Vatan kamoloti asosi ekanligini ko‘rsatib turadi” ”[N.Rahimjonov, 2007: 39].
Adabiyotshunos olim A.Oripov sheriyatidagi yana bir qirrani to‘g‘ri qayd etadi : “Shoir she’rlaridagi tabiat manzaralari Vatan qiyofasini to‘ldiruvchi detallar emas. Tabiat ˗˗ shoir nazdida Vatanning bir bo‘lagi, kechinmalar va inson kuch-qudratining asosi, nihoyat, doimo yangilanib, barq urib turuvchi hayot timsoli. A.Oripovning lirik qahramoni tabiat og‘ushiga singib, faraxli sururi qo‘ynida ko‘rinmay ketmaydi” [N.Rahimjonov, 2007: 40]. Bunda shoir she’rlaridagi Vatan-tabiat uyg‘unligi ta’kidlangan.
Shu asosda olim A.Oripovning tabiat mavzusidagi she’rlari tahliliga o‘tadi: “A.Oripovni tabiat kuychisi yoki tabiatning rassom shoiri deyish qiyin. Uning lirikasida sof peyzaj she’rlar kam. Lekin hayotning boqiyligini his ettirish va shu asosida inson tirikligining mezoniga aylanishi jihatidan ham tabiat bilan uzviy bog‘liqlikda namoyon bo‘ladi” ”[N.Rahimjonov, 2007: 39]. Bunda she’rshunos shoirning tabiat haqidagi she’rlarini peyzaj lirikasi namunasi hisoblaydi, tabiat manzaralari tasvirida hayot, tiriklik tantanasini ko‘radi. Bu talqin shunday xulosa bilan tugamaydi, balki fikr tadrijlanib boradi, ya’ni olimning ta’kidlashicha: “Xalq va uning tarixi bilan uzviy aloqadorlik insonga tabiat bilan bog‘liqlik ato etadi, degan fikr A.Oripovning inson va tabiat mavzuidagi she’rlarida nurlangan mazmunni ifodalaydi. Xalq va tarix xotirasidan mahrumlik insonga tabiat tomonidan o‘limtik yolg‘izlik keltiradi.
Shamol shovullaydi qadim bog‘larda
Buyuk, ko‘hna dunyo ko‘pchiydi og‘ir
Men uning qo‘ynida kezdim saboday,
Qorlardan lolarang olovlar yoqdim” [N.Rahimjonov, 2007: 41].
Adabiyotshunos Vatan va tabiat uyg‘unligi xalq va tarix vobastaligida ko‘radi. Buni hayotiy xulosa, deyish mumkin. “Shamol shovullaydi qadim bog‘larda” deb boshlanuvchi satrlar shunday mazmun bilan sug‘orilgan.
Adabiyotshunos A.Oripov lirikasi namunalarini tahlil qilar ekan, yozadi: “A.Oripov lirikasida kuz obrazi alohida o‘rin tutadi. U kuz faslining tabiatida xalqimiz mehnatining ezgu mohiyatini ko‘radi, inson qalbining rangin holatlarini yaratadi. Shu o‘rinda A.Oripov lirikasida epiklik unsurlarining kuchayib borayotganligini ta’kidlash joiz. Epiklik deganda, shoir she’rlari mundarijasini tashkil etgan Vatan, insoniyat ona sayyora singari tushunchalar bilan belgilanmaydi” [N.Rahimjonov, 2007: 42]. Taniqli she’rshunos kuz haqidagi she’r bilan bog‘liq kuzatishlar davomida A.Oripov ijodidagi yana bir xususiyatni yuzaga chiqaradi. Bu she’rda aks etgan epiklik unsuri, ya’ni kuz manzarasi chizilgan she’rlarda tabiat manzarasi hayotiy voqelik tasviri o‘laroq muayyan syujetni yuzaga keltirgan.
No‘mon Rahimjonov kuzatishlari davomida A.Oripov she’riyatining o‘ziga xosligini ochib berish maqsadida E.Vohidov ijodi bilan qiyoslaydi: “A.Oripov kichik bir hayotiy detaldan, olis o‘tmish xotiralaridan falsafiy mazmun kasb etuvchi badiiy umumlashmalar chiqaradi. Uning ijodidagi falsafiy ma’nodorlik chunonchi, E.Vohidov lirikasida tajassum topgan, o‘quvchini hayot va voqelik belgilari xususida nozik kayfiyatga soluvchi, tuyg‘ularga chulg‘ovchi musiqiy obrazlilik zamiridan sizib chiqqan mushohadakorlikdan farq qiladi. E.Vohidov lirikasida poetik obrazlar musiqiy ohang, holat kayfiyat va kartinalar asosiga quriladi. A.Oripovda esa ushbu omillar o‘zgacha. Shoir poetik obrazlarining o‘ziga xosligi ˗˗ bu hayotiy konkretlikka egaligidir. Poetik obrazlar aniq hayotiy holat, dalil va detallardan vujudga kelgan” [N.Rahimjonov, 2007: 42]. Bu jihatdan olim xulosalariga qo‘shilish mumkin. YA’ni A.Oripov kichik detallarda katta ma’no borligi, E. Vohidovda falsafiy ma’nodorlik musiqiy ohangdorlikni yuzaga keltirishi to‘g‘ri qayd etilgan.
Adabiyotshunos A.Oripov she’riyatiga xos ijtimoiy-falsafiy g‘oyalarning chuqurligini umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘laydi: “ A.Oripov lirikasida kuchli oqimga aylangan ijtimoiy-falsafiy g‘oyalarning chuqurlashgani umuminsoniy qadriyatlar ulug‘lanishi bilan belgilanadi.Bu hol badiiy tafakkurda ramzli obrazlarning serqatlam mazmundorligi kuchayganligini ko‘rsatadi. A.Oripovning lirik qahramoni bugungi voqelik xossalarini, turmushdagi noqisliklarni estetik baholar ekan, ularga bashariy qadriyatlar nuqtayi nazaridan yondashadi”[ N.Rahimjonov, 2007: 42].
Adabiyotshunos shoir ijodiga xos lirik tur janrlar xilma-xilligini hozirgi adabiy jarayon kontekstida E.Vohidov, R.Parfi ijodi bilan qiyoslash asosida yoritib beradi: “So‘nggi yillar she’riyatimizda hayot va voqelikni turli xil poetik janr va va formalarda aks ettirish mayli kuchaydi. Xususan, Erkin Vohidov ijodida lirik va liro-epik poema, g‘azal, R.Parfi lirikasida sonet, xokku, tanka, A.Oripov lirikasida esa liro-epik, dramatik poema hamda to‘rtlik, sakkizlik singari xilma-xil poetik janr va shakllardagi izlanishlar ko‘zga tashlanadi. A.Oripov she’riyati tom ma’noda novatorlik maqomiga ega” [N.Rahimjonov, 2007: 42]. Shoir ijodidagi liro-epik, dramatik poema, to‘rtlik, sakkizliklar keyingi yillar o‘zbek she’riyatidagi janriy-uslubiy izlanishlar samarasi ekanligi asoslangan. Shu bilan birga istiqlol davri shoir she’riyatidagi poetik mazmunning yangilanishi, badiiy tafakkur qirrali teran tahlil qilingan. “Shoir she’rlarida talqin etilgan davr nuri –bu hurriyat nuri, millat erki, Vatan ozodligi, ezgulikning boqiyligi bilan yorishib ketadi. Ular bir-birini to‘ldiradi, biri ikkinchisini boyitib, nurlantirib turadi.
Hayot tantanasi boshlanmish, ammo
Do‘stlar, nur vasliga tashlaylik nigoh,
Shu buyuk oftobning mukofotini
E’zozlab qo‘yaylik aytib shukrona” [ N.Rahimjonov, 2007: 42].
Ko‘rinadiki, shoir she’rlarida ifoda etilgan davr nuri, hurriyat nuri, millat erki, Vatan ozodligi bilan aloqadorlikda yoritib berilgan.
Adabiyotshunos olim majoziy obrazlilik – ramzlar vositasida fikrlash keyingi yillar she’riyatida haq gapni aytishning muhim shakllaridan biriga aylanganligini ta’kidlaydi va bu jihatdan A.Oripov she’riyatida bo‘y ko‘rsatgan shayton obrazi, uning asoslari va ramziy ma’nolarini ochib beradi: “Ma’lumki, XX asr o‘zbek adabiyotida shayton obrazi ko‘p qo‘llanadi va o‘ziga xos xayoliy-fantastik mohiyat kasb etadi. Biroq A.Oripov yaratgan shayton obrazi ramziy mazmun tashiydi. YA’ni u “aniq belgilarga, chizgilarga, alomatlarga ega bo‘lgan odamning ikkilamchi qiyofasi”ni ifodalab keladi” [ N.Rahimjonov, 2007: 42]. Bu obrazda shoir insonning ikkilamchi qiyofasi – shaytonsifat kishilarni aks ettirganligiga e’tibor qaratadi: “Abdulla Oripov she’riyatida shayton ramz. U jamiyatdagi, odamlar fe’li- faoliyatidagi har qanday g‘ayriinsoniyliklar timsoli sifatida falsafiy mazmunda tadqiq etiladi. G‘oyat rangin qirralari bilan teran yoritiladi ("Shayton", "Lo‘ttiboz", "Dilozor", "Ikki g‘anim", "Ishlari ig‘voyu tuhmat va riyo", "Adolat", "Oqlar va qoralar", "Jannat der...", "Tiklanish bir yonda", "Komillik" , "Sirli olam" va hokazo she’rlari). Hayotning sirli, sehrli mo‘jizalarini qarangki, shayton inson qiyofasida ham namoyon bo‘ladi. Va behad fe’l-atvorlarning adoqsiz nayranglarini, g‘ayriinsoniy qiliqlarini ko‘rsata beradi” [ N.Rahimjonov, 2007: 42]. Adabiyotshunos talqinida, A.Oripov shayton obrazi orqali bugungi g‘ayriinsoniy holatlar, inson fe’l-atvoridagi “adoqsiz nayranglar” ni ifodalab keladi. Demak, shayton o‘zining asosiy ma’no qirralari kamayganligi ko‘zga tashlanadi.
Yana birin bilib bo‘lmas yoshmi yo keksa,
Bilib bo‘lmas sig‘ingani rahmonmi, shayton.
Bitta ko‘zi nimadandir duv-duv yosh to‘ksa,
Boshqa ko‘zi nimadandir charaqlar shodon,
Bular ta’ma qullaridir, lo‘ttiboz va suq,
Xayolida na olloh bor, na yurtning g‘ami.
Bundaylarda nainki ko‘z, qalbning o‘zi yo‘q,
Lekin sirga to‘lib ketgan butkul alami [ A.Oripov ]
Olim bu qarashni yanada chuqurlashtirib yozadi: “Shoirning lirik qahramoni davr va jamiyat hayotida, inson va zamon to‘g‘risida mushohada yuritar ekan, shayton odamlar ruhoniyatini kemirish orqali jamiyatning ma’naviy-axloqiy tizimlariga rahna soluvchi qora kuch-zulm timsolida talqin etiladi, tasvirlanadi”. Demak, ulug‘ shoir nazdida shayton insoniyatning ma’naviy hayotiga raxna soluvchi qora kuch – zulm timsolidir. Shoir satrlari qatida shunday hayotiy mazmun yoritib berilgan. Binobarin: “A.Oripovning badiiy-falsafiy talqiniga ko‘ra, shayton inson botinida hamisha yashab kelgan va bugun ham o‘qtin-o‘qtin o‘zligini namoyon etib qo‘yayotgan ikkinchi ko‘rinishi. Odamning ichidan turib, turli mazmunda ovoz berayotgan sado emas. U odamning xohish-irodasini, mayl-istaklarini muayyan yo‘nalishga solayotgan sezilmas kuch. Odam hamisha komillikka intiladi. O‘z shaxsida komillik xislat-fazilatlarini tarbiyalash, shakllantirish uchun yozg‘iradi” [ N.Rahimjonov, 2007: 42].
Xudoyim, ne uchun qilmading karam,
Nechun komil emas aqlim, yuragim.
– Agar sen mukammal bo‘lsayding, bandam,
Unda qolmas edi mening keragim.
Aadabiyotshunos olim shaytoniy alomatlar odam botinidan turfa sadolar berib, yashashda davom etayotganligini shoirning yuqoridagi satrlar orqali asoslab beradi: “Banda o‘z ichidagi shaytonning ovozini o‘chirishga, negadir, botinmaydi, intilmaydi.Aksincha, uni eshitishga ko‘nadi. Oqibatda shayton bandani o‘z yo‘rig‘iga soladi. Oxir-oqibat botindagi musiqiy sado fojeaga, tuyg‘ularning yig‘isiga ulanadi. Yovuzlikning tantanasini tasdiqlaydi” [ N.Rahimjonov, 2007: 42].
Balki sen bilmassan nimadir savob,
Balki yaxshilikka bormagan qo‘ling?
Senga kim amr etdi, aylagil javob,
Nechun yovuzlikka burildi yo‘ling? [A.Oripov ]
Yuqoridagi talqinlarda adabiyotshunos inson botinida yashab kelayotgan, turli ma’naviy-axloqiy fojialarni keltirib chiqarayotgan shaytoniy xususiyatlarga nihoyatda teranlik bilan anglaydi va shoir misralari orqali ochib beradi. Shu talqinlar asosida adabiyotshunos quyidagi savolga javob izlaydi va javobini ham beradi: “Shaytonning odamlar botinida yashab kelayotganligi sharofatmi yoki kasofatmi? Abdulla Oripov she’riyatida ayni shu holat bandaning o‘nglanmas fojeasi sifatida talqin etiladi. Odamning eng katta xatosi ham shunda. Shayton qavmiga fe’lidan joy berib qo‘yganligida” [ N.Rahimjonov, 2007: 42]. Bu qarashlar Odam Ato va Momo Havo bilan bog‘liq rivoyatdagi shaytonvachcha bilan bog‘liq lavhalarni yodga soladi.
Xulosa. Yuqoridagi tahlillar asosida quyidagi xulosalarni ilgari surish mumkin:
Birinchidan, ustoz adabiyotshunos No‘mon Rahimjonov xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning mustaqillik yillarda yaratgan she’rlarni davr adabiy kontekstida tekshiradi. U shoirning Vatan mavzusidagi she’rlarida yurtning ko‘hna tarixi, buguni aks etganligi, ularda “O‘zbekiston-xalq”, “Vatan-tabiat” o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etganligini alohida ta’kidlaydi.
Ikkinchidan, olim A.Oripov she’riyatiga xos ijtimoiy-falsafiy g‘oyalarning chuqurligini umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘laydi. Qolaversa, u A.Oripov she’riyatiga xos novatorlikni liro-epik, dramatik poema, to‘rtlik, sakkizliklarda ko‘radiki. Buni keyingi yillar o‘zbek she’riyatidagi janriy-uslubiy izlanishlar samarasi sifatida baholash mumkin.
Uchinchidan, adabiyotshunos olim majoziy obrazlilik – ramzlar vositasida fikrlash keyingi yillar she’riyatida haq gapni aytishning muhim shakllaridan biriga aylanganligini ta’kidlar ekan, A.Oripov yaratgan shayton obrazida bugungi g‘ayriinsoniy holatlar, inson fe’l-atvoridagi “adoqsiz nayranglar” ifoda etilganligini alohida xususiyat sifatida ko‘rsatib beradi.
Umuman olganda, taniqli she’rshunos No‘mon Rahimjonov O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning so‘nggi yillarda yartagan she’rlari tahlili orqali mustaqillik lirikasining o‘ziga xos tamoyillarini ochib berdi. Shu teran kuzatishlar orqali badiiy tafakkurdagi yangilanish, ramziy-majoziy fikrlash tarzi haqidagi ilmiy xulosalar o‘rtaga tashlanadi. Shu jihatdan olim kuzatishlarini nafaqat Abdulla Oripov, balki istiqlol she’riyatining badiiy manzarasi deb baholash mumkin.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Улуғов А. Адабиётшунослик назарияси. – Т.: Ғ.Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2018.
2. Қуронов Д. Адабиёт назарияси асослари. – Т.: Академнашр, 2018.
3. Раҳимжонов Н. Мустақиллик даври ўзбек шеърияти. – Т.: Фан, 2007
4. Рахимджанов Н. Лирическая поэма (на основе материалов узбекской поэзии 1961-1973 гг.) АКД. –Т., 1975.
5. Раҳимжонов Н. Ўзбек совет адабиётида поэма. –Т.: Фан, 1986. –174
6. WORLD AND UZBEK POEMS: COMPARISON AND ANALYSIS.D Quvvatova - Theoretical & Applied Science, 2020
7. The Stylization of Prose Tales in Uzbek Children's Literature U Darmon, R Rano, R Dilshod -Religación
8. The role of images in the artistic structure of uzbek folk songs DZ Rajabov - Middle European Scientific Bulletin, 2021
9. THE IMAGE OF BABUR IN THE INTERPRETATION OF HAROLD LAMB KI Nigmatullayevich, KK Ravshanovna… - Journal of Contemporary Issues in Business and …, 2021
10. Ro‘zigul Sadulloyevna Qodirova, “NO‘MON RAKHIMJANOV’S RESEARCH ON THE THEORY OF UZBEK POETRY”, IEJRD - International Multidisciplinary Journal, vol. 6, no. TITFL, pp. 302-307, Apr. 2021
11. Qodirova R. АБДУЛЛА ОРИПОВШЕЪРИЯТИ НЎЪМОНРАҲИМЖОНОВ НИГОҲИДА //ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). – 2022. – Т. 15. – №. 15.
12. Qodirova R. ABDULLA ARIPOV'S WORK DURING THE YEARS OF INDEPENDENCE IS INTERPRETED BY NUMAN RAKHIMJANOV //ЦЕНТР НАУЧНЫХ ПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). – 2021. – Т. 7. – №. 7.
13. Cадуллоевна Р. Қ. Рауф Парфи ВаЭркин ВоҳидовШеърлари Тадқиқига Оид АйримКузатишлар //BOSHQARUV VA ETIKA QOIDALARI ONLAYN ILMIY JURNALI. – 2021. – Т. 1. – №. 6. – С. 207-210.
14. Qodirova R. NOMON RAHIMJONOV-SHERSHUNOS OLIM //ЦЕНТР НАУЧНЫХПУБЛИКАЦИЙ (buxdu. uz). – 2021. – Т. 8. – №. 8.
Fikrlar