0
2 112
PDF

KATTALAR TA’LIMIDA AXBOROT KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH MAZMUNI

KATTALAR TA’LIMIDA AXBOROT KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH MAZMUNI

 

Yakubov Odiljon Tolibjon oʻgʻli

 

Respublikamizda xalq ta’limi pedagog xodimlarining kasbiy salohiyatini rivojlantirish, malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorlash tizimini isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-son Farmoni[1]ga muvofiq tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “Uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha“ bir qator vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan “Uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish”[2] kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash, jumladan xalq ta’limi pedagog xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish bugungi kunning muhim talablaridan biri sanladi.

Asosiy qism. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasining jadal rivojlanishi ta’lim jarayoniga, ta’lim oluvchilar bilimini zamon talablariga muvofiq ravishda oshirib borishiga katta imkoniyat yaratmoqda. Jumladan, uzluksiz ta’lim jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish asosida ta’lim oluvchining kompyuter savodxonligini yaxshilash, ta’lim jarayonini individuallashtirish va unumdorligini oshirish, masofadan turib ta’lim olishni tashkil etish muhimmasala sanaladi[3].Ya’ni pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimida masofaviy ta’limning shakllanishi va tizimli rivojlanishi ijtimoiy jarayon sifatida ta’lim va tarbiya beruvchi asosiy sotsial qatlam – pedagog kadrlarning fan va texnika yutuqlari bilan hamqadam holda ijtimoiylashuvi, shaxs sifatida takomillashib borishiga xizmat qila oladi[4].

Jahonda axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasining jadal rivojlanishi ta’lim jarayonini shu jumladan kattalar ta’limini ham yangi bosqichga olib chiqdi. MDH olimlaridan I. V. Brezgunova hamda S. I. Maksimovning takidlashicha, “MDH davlatlarida ta’limning barcha bosqichlarida, shu jumladan kattalar ta’limida, ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan tarmoqli darajadagi markazlashtirilgan dasturiy-texnik platformalarni yaratish va joriy etish istiqbollari munosabati bilan qo‘shma ta’lim mazmunini ishlab chiqish va takomillashtirish muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu platformalarda birinchi navbatda ta’lim jarayonini tashkil etish va nazorat qilishni amalga oshiruvchilarni va o‘qituvchilarni o‘qitish dasturlarini ishlab chiqish muhim masala sanaladi”[5].

Malaka oshirish jarayonida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi va kasbiy sifatlarini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni sanab oʻtish mumkin:

  • mustaqil ta’lim olishga va malaka oshirishga o‘qituvchilarning psixologik va pedagogik tayyorgarlik darajasini oshirish;
  • oʻquv dasturida taʼlim oluvchilarning axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantiruvchi metodikalarni keng joriy qilish;
  • o‘qituvchi kasbiy mahoratining rivojlanishi natijasini ularning kasbiy, shaxsiy va ijodiy salohiyatini takomillashtirish sifatida ko‘rib chiqish;
  • o‘qitishning oddiy axborotlar bilan ta’minlash shaklidan faol shakliga, ya’ni muammoli suhbat uslublari va pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarish yo‘nalishidagi tushuncha va ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘nalishiga o‘tish;
  • malaka oshirish mazmunida pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarishning maqsadi va metodlari shuningdek, ta’lim mazmunida psixologiyaning rolini oshirish;
  • kompetentli o‘qituvchining shaxsiy pozitsiyasini ta’lim-tarbiya jarayonining subekti sifatida shakllantirish.

Katta yoshdagilarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishga tayyorligi omillarini o‘rganishni nazarda tutuvchi tizimda quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim:

  • kattalar ta’limida axborot resurslaridan foydalanishning andragogik tizimini yaratish;
  • kattalar ta’limi mazmunining me’yoriy modelini, axborot kompetensiyasi darajalarini ishlab chiqish;
  • modulli yondashuv g‘oyalari va aqliy harakatlarni bosqichma-bosqich shakllantirish nazariyasi sinteziga asoslangan individuallashtirilgan ta’lim texnologiyalarini yaratish;
  • axborot muhitida andragog faoliyatining ichki va tashqi sharoitlarini ochib berish.

Ushbu tizimga quyidagilar kiradi:

  • falsafiy-uslubiy komponent – ta’limni axborotlashtirish nazariyasi va amaliyoti bilan bog‘liq holda falsafiy va uslubiy aks ettirish funksiyalarini tahlil qilish;
  • psixologik-pedagogik komponent – kompyuter texnologiyalaridan foydalanishning didaktik va psixologik-pedagogik asoslari;
  • ilmiy-uslubiy komponent – ta’limni axborotlashtirishning nazariy asoslarini tushunish, pedagogik dasturiy vositalar tipologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqot faoliyati natijalari, ta’lim jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning uslubiy tizimini yaratish;
  • motivatsion-faollik komponenti – yangi axborot texnologiyalari ahamiyatini kasbiy va pedagogik tushunish, ularni mutaxassisning kasbiy mahoratini va motivatsion-qiymatli sohasini rivojlantirishga ta’siri.

Xulosa. Shunday ekan jamiyatning zamonaviy taraqqiyoti sharoitida inson va kompyuter munosabatlarining falsafiy konsepsiyasini jamoatchilik ongida shakllantirish to‘g‘risidagi qoidalarga asoslanib, kattalar ta’limini axborotlashtirishning falsafiy-metodik asoslanishi, dialektik birlik mavjud bo‘lganda, inson va texnologiya inson-kompyuter tizimida yangi sifat xarakteri kasb etadi, intellektual faoliyatning yangi shakllarini keltirib chiqaradi, ob’yektiv dunyoni bilish chegaralarini kengaytiradi. Kattalar ta’limiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish tizimini tahlil qilish strategiyasini belgilashda, ta’limda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish, birinchi navbatda, kattalarning individual xususiyatlarini hisobga olishi shuningdek, pedagogik jarayonning samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerakligini tushunish kerak. Ta’limni axborotlashtirish ta’limning gumanistik, intellektual va rivojlantiruvchi funktsiyasini amalga oshirishga e’tiborni kuchaytirishga, mutaxassislarda ham algoritmik, ham evristik fikrlash uslublarini shakllantirishga asoslanishi kerak.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi  PF-5712-son Farmoni.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son Farmoni.
  3. Маннанова Н.Х. Ўзбекистонда педагог кадрлар малакасини ошириш тизимида масофавий таълимнинг шаклланиши ва ривожланиши. (Phd). ...дис. – Т.:2019. – 143 б.
  4. Брезгунова И. В., Максимов С. И. Республиканский институт высшей школы, Минск, Беларусь.

[1] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi  PF-5712-son Farmoni.  https://lex.uz/docs/-4312785 

[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-son Farmoni.  https://lex.uz/acts/-3107036 

[3] Маннанова Н.Х. Ўзбекистонда педагог кадрлар малакасини ошириш тизимида масофавий таълимнинг шаклланиши ва ривожланиши. (Phd). ...дис. – Т.:2019. – 143 б. http://diss.natlib.uz/ru-RU/ResearchWork/OnlineView/47986 

[4] http://diss.natlib.uz/ru-RU/ResearchWork/OnlineView/47986 

[5] Брезгунова И. В., Максимов С. И.

Республиканский институт высшей школы, Минск, Беларусь http://nihe.bsu.by/images/2020/3-section.pdf 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

0
0
0

Информация об авторе

ID: 8385278549

Yakubov Odiljon
  • Страна Узбекистан

  • Специальность Pedagogika

  • Учёная степень Ilmiy darajasiz

  • Научное звание Ilmiy unvonsiz

Комментарии

Комментарии

Выберете значение
Комментарии заблокированы администратором

Комментарии могут добавлять только авторизованные пользователи. Войдите Или Зарегистрируйтесь