BOLALARDA MUSTAQILLIK VA TASHABBUSKORLIKNI SHAKLLANTIRISHDA XALQ O‘YINLARINING O‘RNI
Аннотация
Mazkur maqolada o‘zbek xalq o‘yinlarining o‘ziga xos xususiyatlari, ularning bolalarda mustaqillik va tashabbuskorlikni shakllantirishdagi o‘rni masalalari ko‘rib chiqiladi. Maqolada tabiiy-mavsumiy о‘yinlar, xududiy о‘yinlar, turli yoshlarga xos о‘yinlar, mashg‘ulot, mehnat faoliyati bilan bog‘liq о‘yinlar, voqeaband о‘yinlar, harakatli о‘yinlar, turli vositali о‘yinlar, hayvonlar ishtirokida о‘tadigan о‘yinlar turlarining maqsad-vazifasi va tarbiyaviy ahamiyati ochib beriladi.
Ключевые слова
xalq o‘yinlari, tabiiy-mavsumiy о‘yinlar, xududiy va turli joylarga mos о‘yinlar, turli yoshlarga xos о‘yinlar, mashg‘ulot, mehnat faoliyati bilan bog‘liq о‘yinlar, voqeaband о‘yinlar voqeaband о‘yinlar, turli vositali о‘yinlar, boshqotirma о‘yinlar, sо‘z о‘yinlari, qо‘shiqli о‘yinlar, raqsli о‘yinlar, hayvonlar ishtirokida о‘tadigan о‘yinlar.
BOLALARDA MUSTAQILLIK VA TASHABBUSKORLIKNI SHAKLLANTIRISHDA XALQ O‘YINLARILARNING O‘RNI
Akbarova Marg‘uba Adilovna – AndDU “Fuqarolik jamiyati nazariyasi” kafedrasi o‘qituvchisi,
Sultonova Maxbuba Odilovna – Muammad al-Xorazmiy nomidagi TATU dotsenti,
Abdug‘aniyeva Nilufar Abdumannonovna – Toshkent shahri, 248-maktab o‘qituvchisi.
Ma’lumki, o‘yinlar bolalar uchun «hayotga tayyorlanish maktabi», ularni jismoniy, aqliy va ruhiy rivojlanishiga ta’sir etadi. Mazkur maqolada xalq o‘yinlarining turlari, o‘ziga xos xususiyatlari, o‘inlarning bolalar tafakkurini yuksaltirish, ularda mustaqillik va tashabbuskorlikni shakllantirishdagi o‘rni xususida atroflicha fikr yuritishga harakat qilamiz.
О‘yin bola ongi, tafakkurini о‘stirib, xotira, diqqat, irodasini mustahkamlaydi, jismoniy, ruhiy, hissiy (emotsional) taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, о‘yin bolani katta hayotga tayyorlashda mashq vazifasini bajarib, kelajakda hayotda duch kelinadigan turli holatlarga ma’naviy tayyorlaydi. «Agar bola о‘yinda halol о‘ynasa, keyinchalik hayotda ham halol bо‘ladi» yoki «Bolaning о‘yindagi harakatiga qarab, uni qanday odam bо‘lishini aytish mumkin», degan naqllar bekorga aytilmagan. Qisqa qilib aytganda, о‘yin bolalarda ijodiy faollik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik va boshqa kо‘nikmalarni shakllantiradi. О‘yinlar tufayli bolalarda ularni о‘rab turgan dunyoni tushunish va unga ta’sir qilish ehtiyoji shakllanadi, aqliy, axloqiy, irodaviy va jismoniy sifatlari shakllanadi, о‘yin yordamida inson tarbiyalanadi, shaxs shakllanadi.
О‘zbek xalq о‘yinlari orasida boshqotirma, sо‘z, qо‘shiq, raqs-о‘yinlar, voqeband, harakatli о‘yin turlari mashhur bо‘lgan. Shuningdek, xalq hayotida tо‘y-bayram о‘yinlari, jamoalar ishtirokidagi о‘yinlar, zavq-shavqli о‘yinlarining ham о‘ziga xos о‘rni bо‘lgan. Biroq, ilmiy adabiyotlarda hanuzgacha qabul qilingan umumiy tasnifni topish qiyin. Shunday bо‘lsada, о‘yinlar va ularga xos ayrim an’analarni quyidagi guruhlarga bо‘lib о‘rganiladi.
I. Tabiiy-mavsumiy о‘yinlar tabiatdagi о‘zgarishlar, yil fasllari asosida vujudga kelgan. Shu sababli doimiy о‘tkaziladigan о‘yinlar bilan birga har bir fasl о‘yinlari ham mavjud bо‘lgan. Masalan, bahorda daraxtlar uyg‘onib, tollar kurtak chiqarganda – «Tolbargak», dala gullari ochilganda – «Gul о‘yin», tabiat bilan inson ruhiyati uyg‘onganda о‘ziga xos qо‘shiqli-raqsli, tez harakatli «Yomg‘ir yog‘aloq», «Oq terakmi-kо‘k terak» kabi о‘yinlarga ehtiyoj tug‘ilgan. Yozda esa salqin joylarda, daraxtlar soyasida, soy va ariq bо‘ylarida kam harakat qilinadigan о‘yinlar о‘ynalgan. Ayniqsa, suvda chо‘milish vaqtida «Suvda quvlashish» («Quvlashmachoq»), «Tez suzish», «Suv ostida о‘zish» kabi о‘yinlar avjiga chiqqan.
Yoz oxiri, kuz boshi – pishiqchilik, tо‘qchilik vaqtida danak, yong‘oq о‘yinlari, arg‘imchoq uchishlar sevilib о‘ynalgan. Kech kuz – qishda yog‘ingarchilik boshlanib, yer yumshaganda qoziq, oshiq, tosh о‘yinlar odat tusiga kirgan. Qor yoqqanda «Qorxat», «Qorbо‘ron»; yomg‘ir yoqqanda «Yomg‘ir yog‘aloq»; kuchli shamol esganda «Bо‘ron–bо‘ron» kabilarni о‘ynash an’anaga aylangan. Sovuq о‘z kuchini kо‘rsatganda barcha sandal atrofida yig‘ilib: «Topishmoq top», «Tez ayt», «Kim aytdi», «Oyog‘ingni tort» kabi о‘yinlar о‘ynalgan.
Barchaga ma’lum bо‘lgan «Uloq» ham hamma vaqt о‘ynalmagan. U kech kuzdan to bahor о‘rtalarigacha о‘tkazilgan, chunki issiq yoz kunlari ot ham, chavandoz ham qattiq qiziydi, bulardan tashqari bahordan kuzgacha dehqonchilik mavsumiga tо‘g‘ri kelgan.
Yozda issiq pasaygan, salqin kechada bolalar «Oq suyak» о‘ynaganlar. «Oq suyak»ni nafaqat kechasi, balki, qorong‘u tunda ham о‘ynash mumkin bо‘lgan.
II. Xududiy va turli joylarga mos о‘yinlar. О‘zbekiston hududida umumxalq – hamma biladigan qiziqarli о‘yinlar bilan muayyan joyga xos о‘yinlar bо‘lgan. Bir joyda ma’lum о‘yin boshqa joydagilarga noma’lum edi. Bular «Botmon-botmon», «Qо‘shiqni boshi», «Kapan», «Dо‘ppi tashlar», «Parr etdi», «Shayton-shayton» va boshqalar.
Shahar bilan qishloq о‘yinlari orasida ham ma’lum farqlar bor edi. Agar qishloq о‘yinlarining kо‘pchiligi keng dalalarda о‘tkazilsa, shahar о‘yinlari kichikroq maydonlarda о‘tgan. Masalan, toshkentlik qizlar orasida «Chig‘iriq» (joyida aylangan holda koptok о‘ynash), «Chortak» (yerda chizib qо‘yilgan tо‘rtburchak chiziqlar orasida sakrash), «Arqon о‘yin» (arqondan sakrab о‘tish), «Tosh о‘yin» (mayda toshchalar) kabi о‘yinlar о‘rin egallagan. Shuningdek, qizlar о‘yin uchun navbat bilan bir-birlarining hovlilariga tо‘planganlar. Bu an’anaviy shakl – «Xalfana» qizlarning bо‘sh vaqtlarini о‘tkazishda о‘ziga xos uyushma hisoblangan.
Xullas, kо‘p asrlar davomida tabiiy sharoit, atrof-muhit, ijtimoiy munosabatlar, turmush tarzi, hayot ehtiyojlari asosida xalq ma’naviy hayotining tarkibiy qismi sifatida bolalar va kattalar, shahar va qishloqqa xos, mavsumiy va boshqa о‘yinlarning о‘ziga xos tizimi paydo bо‘ladi va rivojlanadi.
Umumxalq hududiy о‘yinlari ham turli joy va muhitda о‘ynalgan. Masalan, uyda – sandal о‘yin, boshqotirma va sо‘z о‘yinlari; hovlida – tosh о‘yinlari, arqon, chiziqli о‘yinlar, bekinmachoq; maydonlarda – chirikas, tortishmachoq bо‘lgan; bog‘da – yong‘oq, danak о‘yinlari; suvda – suv ostida kо‘p turish, suzish bо‘yicha musobaqalar, quvlashmachoq; hatto havoda – arg‘imchoq uchish; osmonda – varrak о‘yinlari bajarilgan.
Har bir joyning о‘z о‘yini bо‘lgan, sardoba, karvonsaroy, choyxona, mexmonxona kabi joylarning ham о‘z о‘yinlari bor edi. Karvon ketayotganda yо‘lda bajariladigan о‘yinlar mavjud bо‘lgan. Tuyada, otda kelayotgan yо‘lovchilar dam olish bekatlarida oyog‘ini yozish maqsadida arqondan sakrash о‘yinlari bilan shug‘ullanganlar.
О‘yin-musobaqalar о‘tkaziladigan maxsus joylar о‘yingoh (yoki saylgoh) deb nomlangan. О‘yingohlarda yuzlab о‘yinlar о‘ynash mumkin bо‘lgan.
III. Turli yoshlarga xos о‘yinlar. Ma’lumki, о‘yin insonning shakllanishida va yosh bolaning rivojlanishida о‘ta muhim о‘rin tutadi. О‘yinga ehtiyoj va qiziqish bola tabiatida bor. Bolaning birinchi «faoliyati» о‘yin bilan boshlanadi. Bola hayotni avvaliga о‘yin orqali о‘rganadi, his qiladi, tushunishga harakat qiladi, о‘yin yordamida katta hayotga tayyorgarlik kо‘radi.
Har bir yoshga xos о‘yinlar bor. Turli yoshlarga oid fe’l–atvor, fazilatlar о‘yin shakli va mazmunini belgilab beradi. Masalan, chaqaloq yig‘lamasligi uchun unga ovunchoq berishadi va uni ovutadigan о‘yinlarga jalb etishadi. Undan sо‘ng bola gо‘dak davrida – monipulyatsiyali (о‘yinchoq-qо‘g‘irchoq) о‘yinlarni xush kо‘radigan bо‘lib qoladi. Undan sо‘ng bolalar taqlid qilish va syujetli о‘yinlarga, ya’ni «Uy-uy», «Ona-bola», «Qо‘shni-qо‘shni», «Ov-ov», «Ish-ish» kabi о‘yinlarga talabgor bо‘lishadi. Shu yoshdagi qizlar orasida, «Xola-xola», «Bola boqish», «Ovqat pishirish»; о‘g‘il bolalar о‘rtasida «Ovga chiqish», «Mehnat qilish», «Urush-urush» va hokozolar rivojlangan. Bu о‘yinlar bolalarga hayotiy mashq vazifasini о‘tagan. О‘smirlar va yoshlar orasida esa harakatli о‘yinlar: «Bekinmachoq», «Oq terakmi-kо‘k terak», «Chillak», «Yong‘oq о‘yini», «Tosh о‘yini», «Suyak о‘yini», «Dо‘ppi (telpak) ketdi», «Podachi» kabilar keng tarqalgan.
Bolalar va о‘smirlar hayotida о‘yinning ahamiyati juda katta bо‘lgan. Ayniqsa, 7 yoshgacha bо‘lgan bolalar orasida о‘yin asosiy mashg‘ulot hisoblanadi. Keyinchalik о‘yinlar о‘rnini о‘qish va asta-sekin ish va mehnat egallay boradi.
О‘yinlar nafaqat bolalar, balki katta yoshdagilar hayotida ham muhim о‘rin tutadi. Katta yoshdagilar uchun о‘yin bо‘sh vaqtlarini mazmunli va qiziqarli о‘tkazish, dam olish chiqarish, sog‘liqlarini mustahkamlash, chiniqish uchun lozim. Kattalar о‘yinlarining muayyan qismi (eng iqtidorli о‘yinchilar – havaskor va professionallar ishtirokida) tomoshaviy musobaqa, tadbir sifatida tashkil qilinadi.
Iste’dodli о‘spirinlar – yoshlar orasidan asta-sekin professional о‘yinchi-sportchilar yetishib chiqa boshlaydi. Ularning kasbiy mashg‘uloti о‘yin-musobaqa bо‘lib qoladi.
IV. Turli jinsdagilar о‘yinlari. Hammabop о‘yinlar bilan bir qatorda о‘g‘il bolalar va qizlar о‘yinlari, keyinchalik esa erkak va ayollar о‘yinlari bо‘lgan.
О‘g‘il va qiz bolalarga xos instinkt 2-3 yoshdan namoyon bо‘la boshlaydi. Masalan, yosh qizchalarda qо‘g‘irchoq о‘yiniga moyillik sezilsa, о‘g‘il bolalar esa ish va urush qurollariga о‘xshash о‘yinchoqlar tanlab о‘ynashadi.
Yosh bolalarning umumiy о‘yinlari bо‘lsa-da, taxminan 13 yoshdan sо‘ng qizlar va yigitlar alohida о‘ynashadi.
Natijada yigitlarning «Podachi», «Chavandoz», «CHо‘nka shuvoq», «Oq suyak», «Oq tayoq», «Bо‘ron jinni», «Kо‘rpa yopindi», «Tepa kurash», «Yelkada kurash», «Qirq tosh», «Soqqa», «Quloq chо‘zma» kabi о‘yinlari shakllangan.
Qizlar esa: «Durra», «Chori-chanbar», «Tortishmachoq», «Bolqon-bolqon»», «Anakay», «Bakki (Chekimtosh, Tо‘ppa tosh)», «Qoz-g‘oz» kabi о‘yinlar о‘ynashgan.
Katta yoshdagi erkaklarning uloq, kurash (olishish), chovgon kabi sport turlari bо‘lsa, ayollarning esa kо‘proq sо‘z, raqs, qо‘shiqli о‘yinlarni о‘ynashlari odat bо‘lgan.
V. Mashg‘ulot, mehnat faoliyati bilan bog‘liq о‘yinlar. Tarixiy jarayonda, terimchilik, ovchilik, chorvachilik, dehqonchilik, hunarmandchilik, tikuvchilik kabi hunarlar bilan bog‘liq о‘yinlar shakllangani ma’lum. Masalan, terimchilikda (daraxtga chiqib, meva terish, mо‘ljalga tayoq va tosh otish musobaqa о‘yinlari); ovchilikda («ov о‘yin», kamondan otish, uchar nishon, «kiyik ovi»); chorvachilikda («Podachi», «Chо‘pon va oqsoq bо‘ri»); dehqonchilikda («Mas’hoba», «Xirmon-xirmon»); hunarmandchilikda («Sartarosh», «Kovushim», «Kashtachi», «Terimchi») kabi о‘yinlar bо‘lgan.
Harbiylarning ham о‘z mashg‘ulotlariga mos keladigan «Urush-urush», «Asr olish», «Qal’ani egallash» kabi о‘yinlari mashhur.
VI. Voqeaband о‘yinlar. Teatrlashtirilgan (syujetli) о‘yinlar tarixiy, voqealarni hayotning ta’sirli, qiziqarli daqiqalarini badiiy-ijodiy ifodalaydi. Bunday о‘yinlarga «Podsho-vazir», «Ov о‘yin», «Urush о‘yin», «Asir olish», «Echki chо‘pon», «Bо‘ri va qо‘ylar» va boshqalar misol bо‘la oladi.
VII. Harakatli о‘yinlar. Epchillik, chaqqonlik, kо‘pchilik musobaqasi sifatida bir necha tomonlar о‘rtasida о‘tkaziladi. Bularga misol kilib, «Tepa kurash», «Qо‘riqchi», «Aylanib tep», «Qirq tosh», «Chunka shuvoq», «Chirkash» (yoki «Chiri kas») kabilarni kо‘rsatish mumkin.
Harakatli о‘yinlarni tо‘rtga bо‘lish mumkin:
1) Bir kishilik о‘yinlar (masalan, «Qoziq о‘yin», «Sakra» kabilar). Ular insonning xususiy, jismoniy fazilatlarini taraqqiy ettirishga kо‘mak bergan;
2) Ikki kishilik о‘yinlar (masalan, «Kurash-olishuv», «Ag‘darish», «Shaxmat» kabilar). Ular yakkama-yakka kurashish, maqsadga erishish, g‘alaba qozonishga intilish hislarini shakllantirgan;
3) Guruh, jamoa bо‘lib о‘ynaladigan о‘yinlar («Aylanma darra», «Sichqon-mushuk», «Chо‘pon о‘yini» kabilar). Ular inoqlik, о‘rtoqlik, dо‘stlik, hamkorlik, hamjihatlik kabi xislatlarni vujudga keltirishga xizmat qiladi;
4) Tarafma-taraf (jamoa-jamoa) bо‘lib о‘tadigan о‘yinlar («Oq terakmi-kо‘k terak», «Botmon-botmon» kabilar). Bu о‘yinlar raqibga qarshi halol kurashish va jamoa a’zolarini hurmat qilish, maqsadga hamjihat bо‘lib erishish kabi fazilatlarni tarbiyalagan.
VIII. Turli vositali о‘yinlar. Bu о‘yinlarni ikkiga bо‘lish mumkin: moddiy vositalar (ovunchoq, qо‘g‘irchoq, о‘yinchoq hamda tayoq, tosh, tо‘p, yong‘oq kabilar) yordamida bajariladigan о‘yinlar; ma’naviy, badiiy-ifodali vositalar (fikr, sо‘z, qо‘shiq, raqs, teatr kabilar) yordamida amalga oshiriladigan о‘yinlar.
Moddiy vositalar bilan bajariladigan о‘yinlarda tо‘p, tosh, tayoq, suyak (oshiq), arqon, belbog‘ kabilardan foydalaniladi. Kо‘pincha foydalanadigan vosita о‘yin nomini belgilagan. Tо‘p yordamida «Poda tо‘p», «Qochar tо‘p», «Tо‘p devor», «Shtanba», «Tо‘p о‘yin»; tosh yordamida «Chaqimtosh», «Bekki», «Uch tosh», «Besh tosh», «Qirq tosh», «Yuz tosh», «Lappar»; tayoq yordamida «Chillak», «Dastak», «Qadama tayoq»; yong‘oq yordamida «Toqmi-juft», «Dulki»; suyak yordamida «Oq suyak», «Oshiq о‘yin»; arqon yordamida «Arqon tortish»; belbog‘ yordamida «Belbog‘ tortish», «Belbog‘ ustida kurash» kabi о‘yinlar о‘ynalgan.
О‘yin qurollarini (atributlarini) tayyorlash bolalarning о‘sib-ulg‘ayishi uchun ham muhim bо‘lgan, mehnat va mahoratni talab qilgan. Masalan, tо‘pni mol junidan, chillik, yog‘och ot kabilarni daraxt novdasidan tayyorlash jarayoni bolalarda mehnatsevarlikni rivojlantirgan. Bolalar о‘rtasida о‘yin qurollarini tayyorlash bо‘yicha norasmiy musobaqalar ham vujudga kelgan.
Ma’naviy, badiiy, ifodali о‘yinlarda nomoddiy vositalardan foydalanilgan. Masalan, agar о‘yin aqlni, bosh qotirishni taqazo etsa – «Boshqotirma о‘yini»; agar о‘yinda asosiy vosita sо‘z bо‘lsa – «Sо‘z о‘yinlari»; agar о‘yin hayotiy hodisalar, voqealar, syujet, obraz orqali ifodalangan bо‘lsa, ularni voqeaband etsa, teatrlashtirilgan о‘yinlar; agar о‘yinda qо‘shiq asosiy vosita bо‘lsa, ularni «Qо‘shiqli о‘yinlar» deb atash mumkin.
Asosiy vosita о‘yin mazmuni, xarakteri, shakli, kо‘pincha turi va nomini belgilab beradi. Shu sababli, ifodali vositali о‘yinlar ichida sо‘zli, qо‘shiqli, raqsli, voqeaband (teatrlashgan) о‘yinlar alohida о‘rin tutadi.
1. Boshqotirma о‘yinlar. Bu о‘yinlarga aqliy salohiyat kerak bо‘ladi, ular bolalarning aqlini ishga solishga, о‘stirishga, mantiqli va tez fikr qilishga, farosatli, topqir bо‘lishga xizmat qiladi. Masalan, «Taxtda jang», «Chiziq о‘yin», «Shaxmat», «Topqir» kabi о‘yinlarni bosh qotirmasdan о‘ynab bо‘lmaydi.
2. Sо‘z о‘yinlari. Asosan, og‘zaki nutqdan tashkil topib, ularga «Tez aytish», «Topishmoq top», «Qirq yolg‘on», «Bahri bayt», «Guldir gup» kabilar kiradi. Bunday о‘yinlarda aqliy faoliyat asosiy о‘rin tutgani uchun, ularni ba’zida «aqliy о‘yinlar» ham deyishadi.
3. Qо‘shiqli о‘yinlar. Kuy va ashula, aytishuv asosida vujudga kelib, ularga «Yak-yak», «Um-ufu», «Bо‘shama», «Kichkina», «Yurmana-yurman», «Sidircha», «Yozi-kal», «Botmon-botmon», «Oq terakmi-kо‘k terak» kabilar kiradi.
4. Raqsli о‘yinlar. Asosan, raqsli yoki pantomimali harakatlar asosida ijro etilib, ularga «Beshqarsak», «Chо‘pon о‘yin», «Xо‘sh-xо‘sh», «Laka-lak» va boshqalar kiradi. Shuni ta’kidlash kerakki, vositali о‘yinlar kо‘pincha sof holda uchramaydi, ular boshqa о‘yinlar bilan aralash holda, ya’ni turli yoshlilar, turli jinsdagi kishilar orasida yilning turli davrlarida ham о‘ynaladi.
IX. Hayvonlar ishtirokida о‘tadigan о‘yinlar. Bu xildagi о‘yinlar eng qadimiydir. Qadimda odamlar avvaliga tabiatning о‘zida hayvonlar jangini tomosha qilishgan. Keyinchalik hayvonlarni ushlab, ularni maxsus urishtirishgan. Natijada «Bedana urishtirish», «Xо‘roz urishtirish», «Qо‘chqor urishtirish», «It urishtirish» kabilar paydo bо‘lgan.
Hayvonlar ishtirokida о‘tadigan boshqa о‘yinlar ham bо‘lgan. Ularda hayvonlardan vosita, ulov sifatida foydalanishgan. Jumladan, eshak va ot minib о‘ynaladigan о‘yinlar «Eshak kо‘pkari», «Uloq», «Ot poyga», «Ag‘darish», «Chovgon» va boshqalar о‘zbek xalqi orasida keng tarqalgan.
Xalq hayotida minglab rang-barang о‘yinlar mavjud bо‘lib, ular ming yilliklar ichida boyib borgan va ajdodlarimizning ma’naviy va jismoniy hayotida muhim о‘rin tutgan. Kо‘p asrlar davomida xalq о‘yinlari avlodlarni tarbiyalashda «hayot maktabi» vazifasini о‘tagan. Ular ajdodlarimizni aqliy, ruhiy va jismoniy barkamol bо‘lishida xizmat qilgan.
Xalq о‘yinlari ajdodlarimizning ming yilliklar davomida tо‘plagan ulkan tarixiy-madaniy boyligimizdir. Ammo, shо‘rolar davrida e’tibordan chetda qola boshlangan xalq о‘yinlari Mustaqillik tufayli tiklana boshladi. «Xalq о‘yinlari bayrami» (1991, 1992, 1993–yy., Forish), «Milliy sport va xalq о‘yinlari» I va II Olimpiadalari (1994, 1996–y.y. Forish), «Alpomish» I Respublika xalq о‘yinlari festivali» (1998, Termiz»), «Tо‘maris» qizlar milliy festivali (1999, Jizzax), «Alpomish» II Respublika xalq о‘yinlari festivali (2000, Farg‘ona), «Tо‘maris» II qizlar milliy festivali (Shahrisabz, 2001), «Alpomish» III Respublika xalq о‘yinlari festivali (2002, Guliston) kabi yirik anjumanlar – xalq о‘yinlarini tiklanishida muhim voqea bо‘ldi.
Shunday qilib, ming yilliklar davomida xalq о‘yinlari ajdodlarimizning jismoniy, ma’naviy, ruhiy va aqliy rivojlanishi uchun asosiy vosita bо‘lib kelgan. Madaniy merosimizning bir qismi bо‘lgan, avlod-ajdodlarimizga asrlar mobaynida ruh va sog‘liq ato etib kelgan xalq о‘yinlarini chuqur о‘rganish, jonlantirish milliy qiyofamizni saqlash, demakdir.
Adabiyotlar:
- Qoraboyev U. “Madaniy tadbirlar” T.: “Toshkent kartografiya fabrikasi” 2003.
- Qoraboyev U. “О‘zbek xalqi bayramlari”. T.: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. 2002.
- Sayfullaev B. Tomosha san’ati tarixi va nazariyasi. – T.: Fan va texnologiya, 2014, 152 b.
- Madaniyat va san’at atamalari izohli lug‘ati/tuzuvchilar: A.Umarov, M.Bekmurodov; О‘zbekiston Davlat San’at va madaniyat instituti, – T., G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi. – 2015, 352 b.
Комментарии