Xalq madaniyati va ma’naviyatining eng qadimiy ko‘rinishi bo‘lgan folklor namunalarida o‘sha xalqning turmush tarzi, hayotiy tajribasi, yutuq va muvaffaqiyatlari aks etadi. Shu bois u asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib, yoshlar tarbiyasida “hayot maktabi” vazifasini o‘tab kelmoqda. Xalqona ruh, betakror samimiyati va qadimiy madaniyatimizning go‘zalligini namoyon etuvchi folklor chinakam ma’naviy xazina, tuganmas buloq singari asrlar davomida xalqimiz ma’naviyatini boyitib, ongu tafakkuri va his-tuyg‘ularini teranlashtirib kelgan.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning ma’naviyat va ma’rifat hamda madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan siyosatidan kelib chiqib, milliy ruxni o‘zida asrlar bo‘yi ortmoqlab kelayotgan, qadimiy an’analarni bugungi kunda ko‘z-ko‘z etayotgan, o‘z ortidan millionlab kishilarni ergashtirayotgan har tomonlama ibrat maktabi bo‘lib, omma mehrini qozonayotgan, yoshlar qalbiga ma’naviyat urug‘ini singdirayotgan ijodkorlardan biri bu - folklor-etnografik jamoalaridir.
Bugungi kunda folklor-etnografik jamoalari xalqimizning qadimiy an’analari, xalq og‘zaki ijodining noyob namunalarini saqlashda, ularga sayqal berib, yana xalqimizning o‘ziga qaytarishda jonbozlik va fidoyilik ko‘rsatuvchi ijodiy laboratoriya vazifasini o‘tab kelmoqda. Ana shunday ma’suliyatli vazifalarni sidqidildan bajarayotgan, fidoiy ishtirokchilardan iborat folklor jamoalaridan biri “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosidir.
“Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi 1986-yil Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani Madaniyat bo‘limining 1-son Madaniyat markazida To‘xta momo Raximova, Munavvara momo Kenjaeva, Xonim momo Hasanovalar kabi hududga mos xalq og‘zaki ijodi merosining mohir ijrochilari boshchiligida tashkil etilgan [2].
To‘xta momo Rahimova, Munavvara momo Kenjayeva, Xonim momo Hasanovalarning boshlarida choynak, ko‘za, kadi qo‘yib, qo‘llaridagi chinni likobchalarni angishvona taqilgan barmoqlari bilan urib, usulga mos raqs harakatlari va qo‘shiq ijrolarida hududga xos, o‘zgacha bir o‘ktamlik ufurib turardi. Hududga xos dastur va ijodiy chiqishlari ko‘p o‘tmay bu jamoa soha mutaxassislari tomonidan e’tirof etilib, turli ko‘rik-tanlovlardagi ishtiroki san’atning bu janri ixlosmandlari e’tiborini qozondi.
Jamoa repertuaridan “Urchuq”, “Chorxo-charx”, “Xo‘sh-xo‘sham”, “Xo‘p mayda”, “Cho‘li-cho‘pon”, “Yor-yor”, “Hamalam-ha” kabi o‘nlab mehnat va udum qo‘shiqlar joy olib, “Rizvongul” folklor-etnografik jamaosi bo‘lib shakllandi. Ayniqsa, mamlakatimiz istiqlolga erishgandan keyin bu jamoaning ijodiy parvozi yanada yuksaldi. Folklor jamoalarining viloyat, Respublika ko‘rik tanlov va festivallarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga bir necha bor sozovor bo‘ldi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan folklor etnografik jamoalari faoliyatida yuksak insoniy fazilat bo‘lmush mehr-muruvvatni aks ettiruvchi folklor sahna ko‘rinishlari ko‘payib bormoqda. Folklor-etnografik jamoalari o‘z dasturidagi marosimlar, qo‘shiqlar, rasm-rusumlar, xalq ijodiyotining turli xil namunalarini o‘z muhlislariga tanishtirish orqali ona diyorimizning muqaddas an’analariga sodiq qolish, uni e’zozlashni ibrat qilib ko‘rsatishlari ahamiyatlidir.
Folklor-etnografik jamoalarining ijro yo‘li, repertuar tizimi va folklor xazinasiga yondashish uslubida an’anaga munosabatlari turlicha. Lekin ularning ijro usullari, badiiy mahorat darajalari, folklor an’analariga munosabatlari o‘zlari istiqomat qilib turgan hududga bevosita bog‘liq ekanligini ham e’tirof etish lozim bo‘ladi.
“Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosining o‘ziga xosligi shundaki, jamoa repertuaridan o‘rin olgan tumanning Ayoqchi, Qushchi, Bashir, Qaynar, Jovuz kabi tog‘li hudud xalqlarining betakror urf-odat va mavsum-marosim qo‘shiqlarining tog‘liklarga xos harakatdagi raqslari bilan ijro etilishdadir.
Istiqlol tufayli xalq badiiy ijodiyotining barcha tur va janrlari qatori mavsum-marosim folklori qo‘shiqlarining tiklanishi uchun katta imkoniyat yaratdi. Bu imkoniyatlar tufayli asriy qadriyatlar tizimi, bosqichma-bosqich tiklanib, hayotga qaytmoqda. Bu esa mustaqil diyorimizda kechayotgan hozirgi tarixiy-folklor jarayonining muhim qirralaridan biridir. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosining repertuarida ayniqsa mavsum-marosim qo‘shiqlari alohida ahamiyatga ega. Jamoaning ijodiy izlanishlari natijasida bir qator mavsum-marosim qo‘shiqlari tiklandi.
Mavsum marosimlarning boshlanishi ham o‘rganilishini ham negadir Navro‘z bayrami boshlab beradi go‘yo. Sharq mamlakatlari hayotida muhim o‘rin tutgan hamda tadqiqotchilar tomonidan turli tarixiy davrlarda keng ko‘lamda o‘rganilgan va turlicha talqin qilingan “Navro‘z” bayramida o‘zbeklarning asrlar davomida shakllanib kelgan falsafiy, tarixiy va milliy qarashlari namoyon bo‘ladi [3].
Ko‘klam kunlari dala ishlari bilan band kishilarning gaplariga quloq tutsangiz “Hamalda amal”, “Hutda tommasin, hamalda tinmasin” kabi maqollarini ko‘p eshitasiz. Ammo ba’zida, yog‘ingarchilik haddan ziyod ko‘p bo‘lib, bu hol ham ekin ishlari uchun zarur bo‘lgan. Dehqon vaqtida urug‘ qaday olmasa, hosil yeg‘imi ikki barobar kechikib ketishi mumkin. Shuning uchun, dehqonlar qulay ob-havo bo‘lishini hohlashgan. Ular tabiatning hamma injiqliklarini uning belgilari orqali oldindan aniqlashga urinishgan. Hamal oyida yoqqan yomg‘irlardan quvvat olgan o‘t-o‘lanlar gurkirab o‘sib, tabiatga ko‘rkamlik baxsh etgan. Ulardan ta’sirlangan holda, ba’zida tabiatga hamroh sifatida, ba’zida unga yo‘l boshlovchi bo‘lib qo‘shiqlar yaratishgan. Ana shunday qo‘shiqlardan biri “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosining repertuaridagi “Hamal-hamal” qo‘shig‘idir:
Hamal, hamal keldi hamal,
Qildi amal hamal, hamal.
Bobodehon ketmoning ol,
Belbog‘ing tort
Xovruz yerga amal keldi.
Yerdan giyohni ko‘kartirar,
Hamalni yomg‘ir jalasi.
Butun yo‘lni yashnatar,
Savrning gulu lolasi.
Hamal mindi yelkamga,
Navro‘z keldi o‘lkamga.
Demak ko‘kalga yetdigey,
O‘tlar beray serkamga [4].
Ma’lumki, Navro‘z keng omma tomonidan nishonlanadigan umumxalq bayramidir. Shu bois bu bayramning ko‘p qo‘shiqlari ommaviy ijrochilikka mo‘ljallangan. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosining Navro‘z bilan bog‘liq qo‘shiqlarda yurt ozodligi, ma’naviy qadriyatlarimizning elga qaytish g‘oyasi tarannum etiladi:
Navro‘z keladi o‘lkaga Navro‘z keladi,
Serfayzu barokot sayli Navro‘z keladi.
Borliqni bezab shaftoli-olma gulidaney,
Shabnam uza bargida sarafroz keladi.
Navro‘z keladi o‘lkaga Navro‘z keladi,
Serfayzu barokot sayli Navro‘z keladi.
Dehqon keladi omoch-u-ketmon ko‘tarib,
Oshiq boqadi yoriga zimdan yutalib.
Bor ol baraka yeringga bersin baraka-e,
Pok mehnatidan bahra oling jon aka.
Navro‘ keladi o‘lkaga Navro‘z keladi,
Serfayzu barokot sayli Navro‘z keladi [4].
Qadimda ushbu misralarni bahor kelishi bilan, kuzda hosil mo‘l bo‘lishini umid qilib, ezgu niyatda dalaga don sepgan bobodehqonlarimiz el-u yurtga omonlik, tinchlik, farovonlik tilab kuylaganlar. Bu qo‘shiqlar navro‘z-yilboshi tantanalarining eng nafis qo‘shiqlaridan biri bo‘lgan. Qo‘shiq misralarida el dasturxoniga baraka yog‘ilishi, halol mehnatni ulug‘lash, ezgu umidlarning maysalanishi, to‘kin-sochinlik, oilalar xotirjamligi, yurt boyligi ekanligi g‘oyasi yetakchilik qiladi.
Mavsumiy marosimlarda ham oilaviy marosimlar kabi xalq uni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rgan, marosim uchun turli taomlar pishirilgan. Tabiiyki, har bir mavsumning o‘ziga yarasha shoh taomlari bo‘lgan va bu taomlarga bag‘ishlangan xalq qo‘shiqlari ham dunyoga kelgan. Sumalakni tagi olmasligi uchun qozonni muttasil kovlab turish lozim. Bu ish sharbat qozonga solingan oqshomdan tun bo‘yi davom etadi. Shu boisdan uni tayyorlovchi ayollar tun bo‘yi sumalak qozoni atrofida bazm uyushtirib, zavq-shavq bilan yelib-yugurganlar, sumalakni alqagancha qo‘shiqlarni kuylab raqsga tushganlar [5]. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi repertuaridagi Navro‘z bayramining shox taomi sumalak haqidagi qo‘shiq ham bamisoli daryoday jo‘shib kuylanadi:
Doshqozonlarda sumalak
Kovlayolmay kampir halak
Kovla jo‘ra qozonni
Quvla dildan armonni
Yong‘oqlari shaqir-shuqur
Qozon qaynar vaqir-vuqur
Sumalakjon sumalak
Pishar qachon sumalak
Taomlarning ichida
Oromijon sumalak
Qirlarda lola qirmizi
Checham cho‘ponning mard qizi
Kovla jo‘ra qozonni
Quvla dildan armonni [4].
Gul - yaxshilik, ximmat, go‘zallik ramzidir. Gulni hurmat va ehtirom ramzi sifatida yoru-do‘stlarga taqdim etish, o‘zaro bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatini gul bilan izhor qilish an’anasi kishilarni ezgu niyat, mehr-oqibat, shafqat va diyonat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir. Bayram, sayllar va marosimlarni yaratuvchi xalq, har faslning o‘ziga mos liboslar kiyib, tabiatga uyg‘un holda bayramlarni nishonlashgan [2]. Bahorda lola sayli, qizil gul sayli, boychechak sayli kabi gullar marosimida gullarga monand liboslar kiyishgan va shu kayfiyatga mos qo‘shiqlar ijro etishgan. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi repertuaridagi ana shunday qo‘shiqlardan biri “Lola sayli” qo‘shig‘idir:
O, layli layli layli
Bizda bugun gul sayli
O‘zbek elida bayram
Bahor ayyom tufayli
Lola lola lolajon,
Lola sayli sho‘x bo‘lsin
Lolal lola lolajon,
Bizdan ko‘ngling to‘q bo‘lsin [4].
O‘zbek folklorida “Lola sayli” bilan bog‘liq xalq qo‘shiqlari ko‘p uchraydi. Bunga sabab qish qirovli kunlardan zerikkan kishilar, bolalar, yigit-qizlarning yayrab o‘yin-kulgu, shodiyona qiladigan tantana bo‘lganligi deyishimiz mumkin. Ayniqsa bu qo‘shiqlar bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan yigit-qizlarning uchrashuv maydoni bo‘lganligi ham qo‘shiqlarning yanada ommalashishi, ko‘ngillarda chuqurroq qolishiga sabab bo‘lgan. Qo‘shiqlarda lola elning chiroyi ekanligi, bu gulning ochilishi odamlar diliga faraxbaxsh nur ato etishi, chaqmoqdan, sellardan qo‘rqmay insonlarga ham jasorat, g‘ayrat bag‘ishlashi tarannum etiladi.
Navro‘z ayyomi dehqonlar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. Chunki aynan shu kunlarda ekin ekish, dala, bog‘ yumushlariga kirishilgan. Dehqonlar, bog‘bonlar va chorvadorlar ayozli kunlardan eson-omon chiqib, bahorning ilk kunlarini intiqlik bilan kutib, katta dehqonchilik ishlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganlar [5]. Insonlar dehqonchilik jarayoni bilan band bo‘lsalarda, bu jarayonda turli xil qo‘shiqlar ham kuylashgan. Ana shunday qo‘shiqlardan biri “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi repertuaridagi “Shudgor” qo‘shig‘idir:
Jon og‘am jonim og‘am,
Shudgorni boshlang jon og‘am.
Yer bilan suhbat quring,
Har korni peshlang jon og‘am.
Belga belbog‘ yarashar,
Dehqonga gulbog‘ yarashar,
Belga belbog‘ yarashar,
Cho‘ponga qir-tog‘ yarashar.
To‘g‘ri aytding jon checha,
Yerni haydayin tong kecha.
Sen pishirgin sumalak,
Belimga darmondir checha.
Yerga urug‘ni sep og‘am,
Niyatni xolis qil og‘am,
Ajizni quvla jon og‘am,
Yerda sahovat kon og‘am [4].
O‘zbek xalqi an’anaviy dehqonchilik bilan bog‘liq qarashlar va mavsum marosim qo‘shiqlarini o‘rganar ekanmiz, yer, don va nonga bo‘lgan o‘ziga xos hurmat-ehtiromning turli-tuman udumlar va marosimlarda hozirgacha saqlanib kelayotganligini ko‘rishimiz mumkin. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi ushbu qo‘shiqlarni tiklab, yangi-yangi talqinlarini yaratib xalqimizning asriy qadriyatlarini keyingi avlodga munosib yetkazishda fidoyilik ko‘rsatmoqdalar.
Insonlar har bir fasldan o‘zgacha kuch olishgan, ular tabiat kuchlariga uning cheksiz qudratiga ishonishgan. Bahor fasli insonlar uchun yangilanish, yasharish fasli sifatida qalblariga chuqur o‘rnashgan bo‘lsada, pishiqchilik oylarini ko‘proq yaxshi ko‘rishgan. Asad oyidan boshlab bog‘-rog‘larda pishiqchilik boshlanadi. Bu davrda mirishkorlar, dehqonlar yog‘och qo‘riqchi orqali o‘z bog‘laridagi uzumzorlarni, bug‘doyzorlarni chumchuq, zarg‘aldoq, mayna, chug‘urchiq va boshqa qushlardan qo‘riqlaganlar. Albatta bu jarayon bilan bog‘liq turli xil qo‘shiqlar kelib chiqqan. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi repertuaridagi ana shunday qo‘shiqlardan biri “Chumchuq” qo‘shig‘idir:
Sarg‘aldoq sarig‘-o
Yeganing botmon tarig‘-o
Ketingda yugura-yugura
Bo‘ldim arig‘-o
Gala o‘lsin-o
Ombor-g‘aladonlarga
Donlar to‘lsin-o
Gala chumchuq, chumchug‘-o
Burning puchuq-puchug‘-o
Uzumlarni cho‘qilab
Qilding uchuq-uchug‘-o [4].
Bu kabi qo‘shiqlar xalq orasida ko‘plab yaratilgan, ammo afsuski tabiat bilan bog‘liq qo‘shiqlar, boshqa marosim qo‘shiqlariga nisbatan kam saqlanib qolgan yoki unutilgan. “Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamaosi mana shunday yo‘qolib borayotgan mavsumiy marosimlarni xalqdan olib yana xalqqa rang-barang dasturlar yordamida qaytarayotgan eng faol jamoalardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbek mavsum-marosim qo‘shiqlarining folklor-etnografik jamoalarida qo‘llanilishi yaxlit holda olib o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzulardan biridir. Uning folklor-etnografik jamoalarida qo‘llanilishi, janriy xususiyatlari to‘liq tadqiq etilmagan. Biz ham mavsum-marosim qo‘shiqlarining folklor-etnografik jamoalarida qo‘llanilishi, ba’zilarini janr jihatidan tadqiq etishga urundik va unga ko‘ra quyidagi xulosa va tavsiyalarni berish mumkin:
1. O‘zbek xalqi mavsumiy marosimlarga boy xalqlardan hisoblanadi. Bunga sabab, yurtimizda to‘rt faslning mukammal tarzda kechishi va mehnat jarayonlari bilan bog‘liqligidadir. Har bir marosim o‘ziga xos aytim va qo‘shiqlarga ega bo‘lganligi sababli folklorshunoslikda marosim va unda ishtirok etuvchi so‘z komponenti birgalikda mavsumiy marosim folklorini tashkil etadi.
2. Jamoa repertuarini shakllantirish va rivojlantirish ishlari folklor-etnografik jamoa ijodiy faoliyatida muhim va asosiy rol o‘ynaydi. Jamoa tinglovchi hamda tomoshabinlarning mehr-muhabbatini qozonishi yoki o‘z-o‘zidan tarqalib ketishi, ko‘p jihatdan repertuarga, yanada aniqroq qilib aytsak, uning mazmuniga bog‘liq bo‘ladi.
3. Folklor jamoa ishining g‘oyaviy-estetik yo‘nalishi, ijodiy guruhning haqiqiy va to‘laqonli kamolotga yetishi asosan repertuarni tanlay bilish mahorati va asarlarning o‘ziga xos ba’zi jihatlariga bog‘liq. Shuning uchun folklor jamoalari va ilmiy-uslubiy markazlarning rahbarlari repertuarni shakllantirishiga jiddiy masala deb qarashlari va qat’iy tanqidiy munosabatda bo‘lishlari zarur. Binobarin, folklor jamoalari o‘z oldilarida xalqimizning ko‘hna san’atini asrab-avaylash, targ‘ib qilish va ijodiy yuksaltirishdek g‘oyat ezgu, mas’uliyatli vazifa turganligini yoddan chiqarmasliklari kerak.
4. O‘zbek xalqining yil taqvimi bilan bog‘liq urf-odat va marosim, ular bilan bog‘liq qo‘shiqlarni tarixiy-etnografik aspektda o‘rganish o‘zining muhim ilmiy-amaliy ahamiyatini yo‘qotmagan mavzular sirasiga kiradi. Mazkur mavsum-marosim qo‘shiqlar an’anaviy uslubda ijro etilishiga ko‘ra ahamiyati juda katta bo‘lib, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va etnomadaniy merosini boyitishda, hamda davom etishida muhim amaliy ahamiyat kesb etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Yo‘ldosheva S. Folklor-etnografik jamoalari uslubiyoti. T.: Navro‘z. 2014. 163-b
Mas’ul muharir: Yo‘ldosheva S. O‘zbek milliy folklor san’ati va etnomadaniy qadriyatlari. T.: Navro‘z. 2014. 175-b
Sunnatillayev. A. O‘zbek marosim qo‘shiqlarining tasnifi va badiiyati. Magistrlik diss. Toshkent: 2018.
“Rizvongul” folklor-etnografik xalq havaskorlik jamoasi repertuaridan.
Ashirov. A. O‘zbek xalqining qadimiy e’tiqod va marosimlari. T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti. 2007. 270-b.
Комментарии