0
2 716
PDF

ЛИТЕРАТУРА – НАУКА ИСКУССТВА РЕЧИ

Аннотация

Искусство – продукт художественного мышления человека. В статье рассматривается литературоведение как вид искусства и размышляет о роли слова в его создании. Также показана история изучения направления, его составляющих и отличие от других видов искусства.

Ключевые слова

искусство, литература, филология, история литературы, теория литературы, литературоведение, методология, библиография, текстоведение, филология.

Inson boshqa jonzotlardan fikrlashi, his qilishi bilan ajralib turadi. Fikr va hissiyot unga yaratish, kashf qilish – ijod qilish imkoniyatini berdi. Shuning uchun ham Alisher Navoiyga koʻra inson maxluqotlarning1 «zoti sharifi»dir. Yaratish jarayonida ijodkor aqlini va qalbini ishga soladi. Insoniyat tafakkurining ilk yaratiqlari sifatiga mehnat qurollari va qadimiy manzilgohlarda saqlanib qolgan piktografik (rasmli) yozuvlarni aytish mumkin. Shu kungacha yaratilgan bunday yaratiqlarning ayrimi fan-texnikaning rivojlanishiga xizmat qilsa, qolgani kishida estetik zavqni uygʻotadi. Masalan, kitobning yaratilishi fan-texnikaning rivojlanishiga bemisl turtki bergan boʻlsa, «Shashmaqom» kuylarining yaratilishi qalbda hissiyotning joʻsh urishiga xizmat qildi. Ana shu kashfiyotlarning ikkinchi guruhi sanʻat asari deb yuritiladi. U badiiy tafakkur mahsuli boʻlib obrazlilik asosida ish koʻradi. Obrazlilik borliqdagi voqelikni koʻz oldimizda gavdalantirishdir. U ijod mahsulining ta’sirli va ishonchli boʻlishida muhim vosita. Ya’ni san’at asari obrazlilik vositasida kishiga zavq beradi, uni qaygʻuga soladi va hokazo. Oʻz navbatida san’at ham yaratilish asosi va ta’sir usuliga koʻra turlarga boʻlinadi. Jumladan, rassomlik san’ati ranglar, musiqa san’at ohang, raqs san’ati harakat uygʻunligiga asosolansa, haykaltaroshlik san’ati yoʻnilgan toshning obrazlantirilishiga asoslanadi. Oʻymakorlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’atlar ham oʻz asosi va ta’sir kuchiga egadir. Bu san’atlar qatoriga «badiiy ijod» yoki «adabiyot» deb ataluvchi soʻz san’ati ham kiradi. U soʻz vositasida ish koʻradi – boshqa san’atlar bergan zavq va hisni (hatto ulardan kuchliroq qilib) soʻz orqali beradi. 

Soʻz san’atini oʻrganuvchi fan filologiya (lotincha «filio» – «soʻzni sevaman», «logos» – «ta’limot»), soha mutaxassisi esa filolog deb yuritiladi. Filolgiya tilshunoslik (lingvistika), adabiyotshunoslik, publitsistika kabi bir necha fan tarmoqlaridan iborat. Fanning bu sohalari soʻzni turli sathlarda oʻrganadi. 

Adabiyotshunoslikning ob’yekti (predmeti)

Adabiyotshunoslikda ob’yekt (lotincha «narsa») – badiiy adabiyot va uning yaratilishi, jamiyat hayotida tutgan oʻrnidir. Adabiyotsunos esa sub’yekt deyiladi. Badiiy adabiyot ma’lum tarixiy sharoitda biror ijodkor tomonidan yaratiladi. Ana shu tarixiy sharoit va ijodkorning faoliyati ham adabiyotshunoslikning ob’yektiga kiradi. 

Adabiyotsunoslikning tarkibiy qismlari

Adabiyotshunoslik soʻz san’atkorlari ijodiy faoliyati va ular yaratgan asarlarning badiiy jihatlarini, jamiyat hayotida tutgan oʻrnini tekshiradi. Shunga koʻra adabiyotshunoslik tarkibiy qismlarga ajraladi.

Adabiyotshunoslikning asosiy tarkibiy qismlari:

– Adabiyot tarixi – adabiyotning yaratilishi, jamiyatga ta’siri va uni yaratgan ijodkorlarning faoliyati tarixini oʻrganadi. 

– Adabiy tanqid – hozirda yaratilayotgan asarlarga baho beradi, tarixiy-adabiy jarayonni tahlil etadi.

– Adabiyotshunoslik metodologiyasi – adabiyotni oʻrganishning usullarini ishlab chiqadi.

Bu tarkibiy qismlar Adabiyot nazariyasi fanini vujudga keltiradi. Unda badiiy asarlarning insoniyat estetik tafakkurining shakllanishida tutgan oʻrni, soʻz san’ati asarlarining qurilishi va oʻziga xos xususiyatlari oʻrganiladi. 

Adabiyotshunoslikning yordamchi tarkibiy qismlari:

– Bibliografiya (yunoncha «biblio» – «kitob», «graphos» – «yozuv») – badiiy asarning yozilgan, va chop etilgan vaqti, uning mazmuni va muallifiga oid ma’lumotlar bilan shugʻullanadi.

– Matnshunoslik (tekstologiya) – badiiy asarning asl matnini, ularni toʻgʻri oʻqish usullarini koʻrsatadi. 

– Adabiyotshunoslik tarixi – adabiyotshunoslik fanining tarixini oʻrganadi. 

 

Adabiyotshunoslik tarixiga nazar

Adabiyotshunoslik haqidagi mukammal shakllangan dastlabki ilmiy qarashlarni Aristotel aytdi. U «Poetika» va qisman «Ritorika» kabi asarlarida Gomer, Sofokl, Evripid singari antik davr ijodkorlarining asarlari tahlili orqali adabiyotning jamiyat bilan bogʻliq boʻlmogʻi kerakligini isbotladi. Mutafakkir fikricha, ijodkor original asr yaratishi uchun boshqalarga taqlid qilmaslik lozim. Sharqda, jumladan, Oʻrta Osiyoda ham adabiyotshunoslikka oid fikrlar qadimdan shakllangan. X–XI asrlarda qomusiy olimlardan Abu Ali ibn Sinoning «Mu’tasam ush-shuaro», Abu Nasr Forobiyning «She’r va qofiyalar toʻgʻrisida soʻz», «She’r san’ati qonunlari toʻgʻrisida maqola» kabi asarlarida she’riyatning qonun-qoidalari haqida soʻz boradi. Mahmud Qoshgʻariyning «Devoni lugʻot ut-turk» asarida eng qadimgi xalq ogʻzaki namunalari keltirilishi asnosida ular haqida qimmatli ma’lumotlar ham qayd etilgan. Keyinroq tazkiranavislik yoʻnalishi paydo boʻldi. «Lubob ul-albob» (Muhammad Avfiy), «Tazkirat ush-shuaro» (Davlatshoh Samarqandiy), «Majolis un-nafois» (Alisher Navoiy), «Muzakkir ul-as’hob» (Maleho Samarqandiy), «Majmuat ush-shuaro» (Fazliy) va boshqa tazkiralar oʻz davrining ijodkorlari va badiiy asarlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon», Zahiriddin Muhammad Boburning «Muxtasar» asarlarida turkiy she’riyat qoidalari batafsil yoritib berildi. 

Qolaversa, mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining aksariyati badiiy asarlarida ham ijodkorlik mas’uliyati, soʻz sehrining qudrati haqida noyob fikrlarni ilgari surdilar. Masalan, Sayfi Saroyi (1321-1396) «Vasf ul-shuaro» gʻazalini toʻligʻicha shu mavzuga bagʻishlaydi. Shoirga koʻra adabiyot olami gullarga burkangan soʻlim bogʻ, lekin bu bogʻda haqiqiy soʻz aytayotgan shoirlargina bulbul, oʻzgasining zogʻdan farqi yoʻq. Shuning uchu bu qushlardan

Kimining soʻzlari mavzun-u2 shirin, 

Kimining loyiqi tashrif-u tahsin.

 

Kimi oʻzganing ash’orin menim der, 

Kimi halvo kabi shalgʻam choʻbin yer.

Ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy soʻzni (adabiyotni) ilohiy deb biladi. Chunki u «nishon berur oʻlukka jondin», u «ayladi insonni judo hayvondin». Shuning uchun soʻzni (adabiyotni) qadrlash, unga faqatgina aql ishi deb qaramaslik lozim.

Dona-u dur soʻzni afsona bil, 

Soʻzni jahon bahrida durdona bil.

XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib estetik tafakkurning oʻzgarish natijasida adabiyotshunoslik ham yangicha tendensiyalar bilan shakllandi. Jadid adabiyotshunoslari Yevropa va Yaqin Sharq adabiyoti bilan tanishishdilar va oʻzbek adabiyotida ham shu imkoniyatlarni qoʻllab koʻrishni ma’qul koʻrdilar. Shu ma’noda Soxtalik, shaklbozlikka aylanib qolgan mumtoz adabiyotning «bir xil, bir xil, bir xil»ligidan oʻkingan Choʻlpon koʻngli «boshqa bir narsa qidiradir». Abdurauf Fitrat faqatgina til, adabiyot va ma’naviyat masalalari bilan mashgʻul boʻlgan «Chigʻatoy gurunggi» toʻgaragini tashkil etdi, adabiyotshunoslikka bagʻishlangan maxsus asari – «Adabiyot qoidalari»ni yozdi. 

XX asrning ikkinchi yarmida esa Izzat Sulton, Toʻxta Boboyev va boshqa jamoaviy mualliflar tomonidan Adabiyot nazariyasi fani yaxlit holda oʻrganildi. Shuningdek, ushbu fanning faqatgina ma’lum bir jihati yoritilgan tadqiqotlar yaratildi.3 

«Adabiyot» arabcha «adab» (odob) soʻzidan olingan. «-ot» koʻplik maʻnosini beruvchi forsiy qoʻshimcha. Bu soʻz adabiyotshunoslikda mavjud lugʻatlarda, asosan, ikki ma’noda qoʻllanishi aytilgan boʻlsa,4 «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»da uch maʻnoda qoʻllanilishi aytiladi.5 Bizningcha, bu soʻz oʻzbek tilida uch ma’noda qoʻllaniladi: 

1) fan-texnikaning barcha sohalariga oid boʻlgan kitoblarga nisbatan. Masalan, ximiyaga oid adabiyot, fizikaga oid adabiyot va h.

2) soʻz san’atiga tegishli boʻlgan asarga nisbatan. Masalan, «Oʻtkan kunlar» – oʻzbek adabiyotining yorqin namunasi.

3) soʻz san’atini oʻrganuvchi fanga nisbatan (adabiyotshunoslik ma’nosida). Masalan, Adabiyot fani badiiy asarlarni janrlarga boʻlib oʻrganadi. 

Badiiy adabiyot (asar) soʻz orqali yaratilgan ijod mahsuli sifatida ilmiy adabiyot (asar) bilan bir pogʻonada turadi, ya’ni ularning ikkalasi ham fikr va gʻoyalarini soʻz vositasida amalga oshiradi. Lekin ularning farqli jihatlari ham borki, bu jihatlar badiiy va ilmiy adabiyotni bir-biridan ajratib turadi. Ilmiy adabiyot oʻquvchining toʻgʻridan toʻgʻri aqlini boyitadi va xulosalar chiqarishga yordam beradi. Badiiy adabiyot esa oʻquvchini oldin hayajonga soladi, hissiyotini jumbushga keltiradi, keyin xulosa chiqartiradi. Masalan, fizikaga oid biror asarni oʻqigan oʻquvchi shu fanning sirlaridan voqif boʻladi, ammo unda hissiyotga berilish holatlari kuzatilmaydi. «Oʻtkan kunlar» asarini oʻqigan oʻquvchi asarni oʻqish davomida voqealar orasida yuradi: qahramonlar bilan birga sevinadi yoki qaygʻuga choʻkadi: Qaysidir ma’noda, Otabekka Qutidorning uyidan haydalganda, hiyla qurboni bolib kishanband qilinganda unga yordam berishga azm qiladi, yolgʻon-yashiq xabarlar keltirilgan xatlardan Kumushbibining duv-duv toʻkilayotgan koʻzyoshini asrab qolishga intiladi u ichgan zahar goʻyo kitobxonga berilgandek aziyat chekadi. Bu hayajonli holatlar kitobxonga umumlashma xulosaga kelishiga imkon beradi, aqliga (ongiga) ta’sir qiladi. Endi kitobxon zulm-u istibdodga qarshi tortinmay kurashadi, haqiqiy muhabbatni ulugʻlashga intiladi.


 


[1] Maxluqot – arabcha «maxluq» («yaratilgan») soʻzining koʻpligi. Yaratuvchi esa Xoliq. Ya’ni Olloh (Xoliq) barcha mavjudotning yaratuvchisidir.

[2] mavzun – vaznli

[3] Biz bu izlanishlarni mavzularga bogʻliq boʻlgani holda keying saboqlarimizda eslab oʻtamiz.

[4] Bu haqda qarang: Hotamov N. Sarimsoqov B. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati. T.: Oʻqituvchi. 1979.166-b.

[5] Bu haqda qarang: Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – T.: Энциклопедия, 2006. – Б. 34.

0
0
0

Информация об авторе

ID: 3081211984

Hakimov Munisjon
  • Страна Узбекистан

  • Специальность Filologiya

  • Учёная степень Fan nomzodi (falsafa doktori-PhD)

  • Научное звание Ilmiy unvonsiz

Комментарии

Комментарии

Выберете значение
Комментарии заблокированы администратором

Комментарии могут добавлять только авторизованные пользователи. Войдите Или Зарегистрируйтесь