САТИРА АБДУЛЛЫ КАДИРИ
Аннотация
Великий словесник А. Кадири считается мастером юмора среди других жанров литературы. В своих комиксах он с озорным смехом обнажает проблемы того времени. В статье анализируются его комические произведения.
Ключевые слова
юмор, публицистика, ирония, юмор, сатира, фельетон, пресса, газета, журнал, диалог, критика
Автор
Abror HAMROYEV, tadqiqotchi
Qodiriy o‘z ijodining dastlabki yillaridayoq birinchi bo‘lib satira va yumor, uning ahamiyati haqida qizg‘in mulohaza yuritadi. Satiraning eng muhim janrlarini taraqqiy ettirish zarurligini, o‘zi ham shu sohada ijod qilish orzusida ekanligini bayon qilgan edi. “Kulgilikning boshlanish tarixi juda eskidir. Kulgilik insonlar bilan birga tug‘ilgan, uning boshqa xususiyatlari, ya’ni kamolot va ruhiy holatlari ila yondoshdir. Shuningdek, biz o‘zbeklarning kulguligimiz ham o‘z ta’rifini eskidan boshlaydi”[1].
Qodiriy kulgi tarixi haqida fikr yuritar ekan, Afg‘oniston podshosi Amir Abdurahmonxon bilan Kalparash degan qiziqchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tarixni misol qilib keltiradi. Kulgi kishilar bilan bilan birga tug‘ilib, ular bilan birga kamolotga erishadi, deb hisoblaydi. Xarakter kulgisi haqida gapirar ekan, uni sajiyaviy kulgi deb qaraydi. “Toshpo‘lat tajang”, “Kalvak Maxzum”, “Ovsar” va “O‘tkan kunlar” romanidagi obrazlarni misol tariqasida ko‘rsatadi.
Hajv nazariyasi haqidagi mulohazalarini davom ettirib, “Yozishg‘uvchilarimizga” maqolasida xarakter kulgisi eng mo‘tabari deb qaraydi. Xarakter kulgisini yaratish uchun shartlarni ko‘rsatadi: a) qahramonning xarakteri; b) shu xarakter ichidan adib beradigan ma’no yoki ibraning namoyon bo‘lib turishi; v.h.) shu ikki turlik narsa ichidan istehzo yoki kulgi moddasining tabiiy suratda kelib chiqishi. O‘z fikrini isbotlash uchun adib Toshpo‘lat tajang obrazini tahlil qiladi.
Hajviyot nazariyachisi sifatida kulgini tasnif qiladi: “Ichki ma’naviy tomondan kulgilikda uch turlik unsur ham bor: 1-mutoyaba (sharj ma’nosida), 2-yumor (hajv), 3-satira (ibrat). Shu uch turlik kulgilikni ifoda qilishda yordamchi (vositachi) xizmatini o‘taguvchi unsurlar ersa: hazil, kinoya, mubolag‘a, tasfir, tashbiya, tamsil, istiora, tatoqqul, tajahul,xalq maqollari va ta’birlari va shunga o‘xshashlar”[2]. Ko‘rinadiki, adibning tasnifi va ta’rifi hajviyotning mohiyatiga mos keladi.
Keyinroq Abdulla Qodiriy o‘zining hajvga bag‘ishlangan maqolasida kulgining o‘ziga xos xususiyati va uning ba’zi xillari haqida chuqur mulohaza yuritadi.
“26–yilda kuldurguchilarimiz” (“Mushtum”, 1926 yil, 24–son) maqolasida esa umuman hajv va yumor borasida mufassal to‘xtalib o‘tadi. Bundan tashqari, “Mushtum” jurnalining bu boradagi ahamiyati, faoliyatidagi kamchiliklar, ijodiy jamoaning (hajvchilar) chiqishlari, ba’zi hajviyalar tahliliga e’tibor qaratadi. O‘sha davr hajvchiligi borasida o‘zining asoslangan fikrlarini bayon etadi: “biz “Mushtum” yozishg‘uchilari oramizda o‘tkir kulki ijodchilari yo‘q, hammamiz ham o‘z holimizga yarasha kulki to‘quymiz, jamiyat qitig‘ig‘a to‘g‘rilab qo‘l yubora olmaymiz... Biroq yaxshi xususiyatimiz shundaki, har zamon jamiyatning qitig‘ini izlaymiz, izlashdan charchamaymiz va o‘lturib qolmaymiz... Yozishg‘uvchilarimizning ikinchi yaxshi xususiyati shundaki, yozg‘an maqolalarini bosilish va bosilmasiga qaramaydirlar. Bosilmadi, deb umidsizlangmasdan yozishni davom etdira beradirlar” (“26–yilda kuldurguchilarimiz”, 709–bet).
“26 nchi yilda kuldiruvchilarimiz” maqolasida tanqidning ikki xili: “Adabiyot dunyosida ikki turli tanqid borligi, jiddiy tanqid va hajviy tanqid” haqida fikr yuritadi. “Jiddiy tanqid o‘zining kuzatgan nishonasi ustida o‘zgarishlar yasasa ham”, uning ko‘proq mutaxassislarga (“ziyolilarga”) qaratilgani, ammo unda ommaviylik xususiyati kamligini hisobga olib, asosiy diqqatini hajviy tanqidga qaratadi. Hajviy tanqidni xalqning ruhiga yaqin, xalq qalbini his eta oladigan tarjimon deb hisoblaydi.
Shu bilan birga o‘sha davr yozuvchilari, “Mushtum”dagi adiblar orasida ham o‘tkir kulgi ijodchilari yo‘qligi, hamma o‘z holiga yarasha kulgi to‘qishi, “jamiyat qitig‘iga to‘g‘rilab, qo‘l yubora olmasliklaridan afsuslanadi.
Mening kulgilikda ishlatadigan necha turlik imzo, ya’ni qahramonlarim bor: Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat, Ovsar, Dumbul, Shilg‘ay va boshqalar. Agar siz shu imzolar bilan yozilgan kulgiliklarni tekshirib chiqsangiz, munda asli yozuvchining shaxsini tamoman ko‘rmaysiz. Faqat so‘zni imzo egasining o‘z og‘zidangina eshitasiz. Kalvak Maxzum obrazi orqali–da, ko‘pdan haqiqiy hayot bilan aloqasi uzilgan xolis bir mahalla imomini ko‘rasiz, – deb yozadi Qodiriy “Kulgu haqida” nomli maqolasida.
Nazariy fikrlari va qarashlarining isboti sifatida o‘zi hajviy asarlar yoza boshladi. 1923—1926 yillar davomida «Mushtum» jurnalining qiyofasini belgilovchi, hajviy qissa janrining yetuk namunalari bo‘lmish «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» kabi asarlari bosildi. «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan» qissasida haqiqiy hayotdan butunlay uzilgan, xurofotdan boshqa narsani ko‘ra olmaydigan mahalla masjidi imomi Kalvakning kulgili sarguzashtlari, tug‘ilishidan boshlab boshdan kechirgan voqea-hodisalar hikoya qilinadi. Kalvak maxzum — taraqqiyot dushmani. Har qanday ijobiy o‘zgarishlarga qarshi bir odam. Uni jamiyat allaqachon chiqindi sifatida uloqtirib tashlagan. U shu darajada mutaassibki, ruhoniy bilimlarni ham yolchitib o‘rgangan emas. U shu darajada taraqqiyotdan orqada qolib ketganki, sho‘rolar maktabida o‘qiyotgan yosh qizchalarning maktabga ochiq borishi-yu ularning kiyinishi unga buzuqlik, g‘ayri shar’iy ko‘rinadi. U o‘z so‘zlari, savollari bilan o‘z ruhiy olamini ham namoyish qiladi. Bu olam g‘oyat kir va qop-qora zimistondan iborat. Bu uning qiroatxonada o‘zini tutishida, 12—13 yoshli o‘quvchi qizchaga bergan savollarida, umuman fikrlashida ko‘zga yaqqol tashlanadi.
A. Qodiriy Kalvak maxzum obrazini yaratishda uning butun dunyoga buzuq niyat bilan boquvchi qorayurak bir kishi ekanligidan kelib chiqqan holda so‘zlar, iboralar tanlaydi, ya’ni xarakterini nutqi vositasida gavdalantiradi.
Abdulla Qodiriyning munaqqid, beayov hajvchi ham bo‘lganligini uning 1923 – 1926 yillari yozgan maqola, feleton va hajviyalaridan bilish mumkin. Adibning publitsistik mahorati aynan o‘sha yillari kamol topgan, bugun biz to‘lqinlanib o‘qiydigan hajviyalari o‘sha yillari matbuot yuzini ko‘rgan edi.
Endi, hajviy asarlar deb qanday asarlarga aytilishiga to‘xtalsak. Hajviy asarlarda, asosan, satirik va komik–yumoristik obrazlar yetakchilik qiladi. Satirik obraz qisman salbiy obrazga o‘xshab ketsa–da (har ikkala tipdagi obrazlar vositasida hayotdagi salbiy kishilar yoxud hayotdagi qusurlar tanqid qilinadi), ular o‘rtasida prinsipial farqlar ham bor: salbiy obrazda hayotdagi qusurlar inkor qilinsa–da, hajv etilmaydi – yozuvchi ular ustidan ochiqdan–ochiq kulmaydi. Satirik obrazlarda esa, aksincha, hayotdagi qusurlar ustidan zaharxanda kulish, sarkazm, kinoya, masxaralash usuli yetakchilik qiladi. Satirik obrazning xatti–harakatlari va qiliq–odatlaridan kishi behad nafratlanadi, ulardan jirkanadi. Xususan, “Kalvak Maxsumning xotira daftaridan” asaridagi Kalvak maxsum obrazi bunga to‘la qonli misol bo‘la oladi.
Abdulla Qodiriy ijodiy merosida qariyb saksondan ortiq katta–kichik hajviyalar o‘z mavzui, janri jihatdan bir–birini to‘ldirib, o‘zbek milliy hajviyasi zaminini yaratadi. Xususan, “Tinch ish”, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” kabi hajviy hikoyasi, qissalari adib ijodida ham, umumadabiyotimiz rivojida ham muhim hodisadir. To‘g‘ri, adib hajviyachiligi osmondan yaralmadi. Eng avvalo boy xalq ijodi, ming yillik mumtoz adabiyotimiz va yana G‘arb va Sharq adabiyotlarining noyob hajviy namunalari mahorat maktabi vazifasini yaratdi, deyish mumkin. Zero, adibning “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, yoki “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” kabi hajviy qissalari ruhida, xarakterlar nutqi va muomalasida mashhur Afandi latifalari, xalq kitoblari, ertak va dostonlariga xos tasvirlash usullari va uslubi omuxta bo‘lib ketgan. Shuningdek, Sharq hamda G‘arb adabiyotlarining bu boradagi an’analaridan foydalanilgan. Xususan, Tatar va ozar hajvchiligi maktablarida darslik – qo‘llanma vazifasini o‘tagan deyish mumkin. Ammo adib kimdan nimadan o‘rgangan yoki foydalangan bo‘lmasin, o‘z ovozi va sozi bilan milliy o‘zbek realistik hajvchiligi an’analarini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Hech bo‘lmaganda u yaratgan Sharif Oxund, Shirvon xola, Kalvak Mag‘zum, Toshpo‘lat tajang kabi xarakterlarni eslash o‘rinlidir.
Kulgi – xalq ijodi. Yozuvchi xalqdan oladi va xalqqa beradi. Abdulla Qodiriy Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat tajangni ham, solih Ma’dum va O‘zbek oyimni ham xalq ichidan topgan, xarakterlarni umumlashtirgan, sayqal berib, badiiy libos kiydirgan. Adibning turli suhbatlarda, davralarda “gap o‘g‘irlab” o‘tirishining sababi ham mana shunda. Hatto adibning o‘g‘li Habibullo Qodiriy “Otam haqida” nomli kitobida yuqorida ismlari keltrilgan satirik qahramonlarning ayrim prototiplari, ular bilan Qodiriyning real muloqotlari va o‘zi guvoh bo‘lgan qiziq-qiziq voqealari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi[3].
Bu dalillar ulug‘ adibning xalq hayotiga, oddiy odamlarning qalbiga, dardu alamlariga, quvonch va shodliklariga yaqin va sherik bo‘lganligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Qodiriyning badiiy adabiyotdagi kulgi, hajvning mohiyatiga oid nazariy fikrlari juda kuchli ekanligini olimlar ta’kidlab o‘tadilar[4].
Abdulla Qodiriy psixologiyasida, tabiatida hayot voqealariga tanqidiy munosabat bildirish juda kuchli. Voqelikni xoh u zamonaviy, xoh tarxiy mazmunda bo‘lsin, undan qat’i nazar ko‘pchilik holatlarda hajviy-badiiy ruhda talqin etishi shundan. Adib ijodiga xos bu xususiyatlar uning mayda hangomalaridan tortib, eng yirik hajviyalari mohiyatida ham uchraydi.
Xulosa qilib aytganda, Abdulla Qodiriy hajvlarida o‘z davrining sergak va faol tanqidchisi, adabiyot ishi uchun fidoyi adib ekanligini namoyon eta oldi. Uning hajviy maqolalarida uyg‘onish davrining, adabiyotining ruhi aks etib turganligini sezish qiyin emas.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Қодирий А. Кичик асарлар. Тошкент. 1969.181-бет.
2. Қодирий А. Кичик асарлар. Тошкент. 1969.183-бет.
2. Ҳабибулло Қодирий. Отам ҳақида.Тошкент. 1983.39-47-бетлар.
4. Б.Карим. Абдулла Қодирий.Тошкент. “Фан”. 2006. 99-бет.
Комментарии