ЖАНР ФЕЛЕТОН И ЕГО МЕСТО В ТВОРЧЕСТВЕ АБДУЛЛЫ КАДИРИ
Аннотация
Яркий представитель узбекской литературы, А.Кадири является не только опытным писателем, но и искусным публицистом. Доказательством нашего мнения могут служить его комиксы и статьи, опубликованные в периодической печати. Особенно его фельетоны, опубликованные в газетах и журналах того времени, являются ярким образцом узбекской публицистики. В статье рассматривается жанр фельетона и его роль в творчестве А. Кадири.
Ключевые слова
фельетон, юмор, публицистика, ирония, юмор, сатира, пресса, газета, журнал, диалог, критика
Автор
Abror HAMROYEV, tadqiqotchi
Rostgo‘y, so‘zlari qilichdek o‘tkir, publitsistikasida esa sho‘ro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib ko‘rsatishga jazm etgan Abdulla Qodiriyning feletonlari xususida so‘z yuritishdan oldin feleton so‘zini izohiga to‘xtalish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz: “Felton (fr. feuilleton<feuille–varaq; dastlabki feletonlar fransiyada alohida varaqlarda chop etilgan). Kundalik hayotda ro‘y beradigan salbiy hodisalarni yoki biror kimsani o‘tkir til bilan tanqid qilib, uning ustidan kulib, dolzarb mavzuda yozilgan gazeta yoki jurnal maqolasi; publitsistik janr. Satira va yumorning janrlari juda ko‘p: feleton, hajviy hikoya, pamflet...va hakozolar” [1],–deb ta’rif beriladi o‘zbek tilining izohli lug‘atida.
Demak, feleton ijtimoiy hayot masalalarini ijtimoiy kulgi asosida yoritadigan tanqidiy asar bo‘lib, ularning vazifasi jamiyat ijtimoiy–siyosiy, iqtisodiy ishlab chiqarish va madaniy–ma’naviy hayotining barcha tomonlarini qamrab olgan holda o‘zida aks ettirishi, mazkur sohalarda uchraydigan kamchilik, nuqson, ijtimoiy illatlarni fosh etish, tanqid qilish orqali ular haqida jamoatchilik fikrini uyg‘otish va oqibat natijada bu kamchilik va nuqsonlarning tugatilishiga erishish va bu bilan jamiyat hayotining taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishdan iborat publitsistik janrdir.
Feletonning asosiy tig‘i voqelikdagi turli–tuman nuqson, qusur, negativ holatlarga qaratilgan bo‘lib, maqsad bu xato, kamchiliklarni tugatish, barham berishdir. Yuzaki qaraganda, tanqid o‘qi ayrim odamlarga yo‘naltirilganday tuyulsa–da, asosiy maqsad ayrim kimsalar tashiydigan turli illatlarni yo‘qotishdir. Feleton badiiy–publitsistik janrlar sirasiga kiradi. Janrning qo‘shaloq nom bilan yuritilishi, ham badiiyat, ham publitsistika qonun–qoidalari asosida yaratilishi, ularning talablariga qay darajada javob berishiga qarab baholanishini anglatadi.
Feletonning badiiy xususiyatlari deganda, tiniq manzara, quyma tasvirlar, obraz, timsollar, tipik xarakter va sharoit, syujet chizig‘i, pishiq kompozitsiya, adabiy til, xalq tili, rang–barang ijod vositalari anglashiladi. Feletonning publitsistik xususiyatlari deyilganda, mantiqiy muhokama, ilmiy tushuncha, o‘tkir polemik ruh, publitsistik cho‘g‘, achchiq va nordon kulgi, muallif “men”ining faolligi, bayonning, tasvir uslubining, syujet, kompozitsiya, konfliktning o‘ziga xosligi, monolog va dialogning mo‘lligi va hokazolar tushuniladi. Janr tabiati ilmiy tushuncha, amallardan foydalanishni ham taqozo etadi, shu ma’noda feletonni badiiy–ilmiy–publitsistik janr, deb ham atash mumkin.
Feletonning muhim xususiyatlaridan biri, uning hujjatliligi, voqebandligi, haqqoniyligi. Xuddi shu narsa muallifni tasvirda, bayonda, obraz, xarakter yaratishda, syujet, kompozitsiya imkoniyatlaridan foydalanishda bir qadar cheklaydi. Masalan, u personajning tugal portretini chizmasligi mumkin, to‘la chizishi balkim shart ham emas, bunda u portret tavsifi (xarakteristikasi), obraz–tezisga ko‘proq murojaat etadi.
Feletonda muallif o‘ta faol bo‘lishi, voqealarga bemalol aralashishi, baho berishi lozim. Feletonchilikda materialni ishlashda ikki xil usuldan keng foydalaniladi. Bular – dalillarni tizimli, ketma–ket bayon qilish — hikoyalash usuli, ikkinchisi – qiyoslash, chog‘ishtirish usulidir. Shu o‘rinda, A.Qodiriy feletonlariga murojaat etsak, u feletonlarida voqealarni buzmay, ketma–ket bayon qilish, hikoyachilik uslubi ko‘proq xosligini ko‘rishimiz mumkin. A.Qodiriy “Lahmi kadid”, “Qurbon bayrami” feletonlarini ushbu uslubda yozgan bo‘lsa, “Sovinak qori bilan Mag‘zava qori” feletonida qiyoslash uslubidan foydalangan. Feleton turli usullarda yozilishi mumkin: hikoya, ertak, tush, suhbat keng tarqalgan usullardan sanaladi.
Feletonda obrazlilik, obraz yaratish muhim bo‘lib, katta mahorat talab qiladi. Obrazlilikning yuksak cho‘qqisi inson obrazini yaratishdir. Obraz yaratishda muallif syujet va kompozitsiya imkoniyatlaridan, detal va tafsilotlardan, o‘xshatish, jonlantirish, bo‘rttirish, kichraytirish, maqol, matal, hikmatli so‘zlardan, xalq iboralaridan o‘rinli va unumli foydalanishi mahorat belgisi, muvaffaqiyat garovidir. Abdulla Qodiriyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak maxsum xotira daftaridan”, “Shirvon xola nima deydi?” feletonlari janrning yuksak namunalari bo‘lib, yosh qalamkashlar uchun mahorat, ibrat maktabidir.
A.Qodiriy publitsistikasiga nazar tashlasak, o‘sha davrlardagi “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazeta sahifalarida ham feleton xususiyatiga ega bo‘lgan hajviy materiallar bosilgan. Lekin chinakam badiiy publitsistik feletonning beshigi “Mushtum” (1923 yildan chiqa boshlagan) jurnali bo‘ldi.
Jurnalning tashkilotchilari va dastlabki xodimlari hisoblangan Abdulla Qodiriy va G‘ozi Yunusning publitsistik va belletristik feletonlari bosildi. Abdulla Qodiriyning hajviyoti hikoya xususiyatlari omuxta bo‘lib ketgan umumlashgan badiiy–publitsistik feletonlardan iborat edi. Abdulla Qodiriyning “Kalvak Mahzumning xotira daftari”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi”, “Moskovdan xatlar” kabi feletonlari “Mushtum”ning qator sonlarida davomli bosilgan.
Feleton mavzusi haqida ikki xil fikr hukm suradi. Birinchi fikr shundan iboratki, ba’zi jurnalistlar feleton uchun maxsus kulgili mavzu, qiziq voqea bo‘lishi kerak, deydilar. Bu toifadagi jurnalistlar kulgili bo‘lmagan jiddiy mazmundagi biror mavzuni taklif etganlarida “zeriktirarli voqea” deb, feleton yozishni istamaydilar. Aksincha, ular ayrim “qiziq” fakt, biror kishining hayotida yuz bergan latifasimon hodisani eshitganlarida uning ijtimoiy mazmuni, mohiyati haqida chuqur o‘ylab o‘tirmasdan feletonbop voqea ekan, deb zavqlanadilar. Darvoqe, shunday voqea haqida tezgina “syujet” to‘qib bir amallab feleton ham yasab tashlaydilar. Bunday feletonlar o‘z–o‘zicha kulguli bo‘lib tuyuladi, ammo u haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, unda biror ijtimoiy foydali fikr ifodalanmagani ma’lum bo‘ladi. Mavzuning asl mohiyati ochilmagan, umumlashtiruvchi xulosa chiqarilmagan, g‘oyasi noaniq, mazmuni sayoz, qog‘oz gulga o‘xshagan bunday feletonlar ijtimoiy ta’sir kuchiga ega bo‘lolmaydi.
Feleton mavzusi haqidagi ikkinchi fikr shundan iboratki, har qanday mavzuda ham, ularning jiddiy yoki kulgili bo‘lishidan qat’i nazar, feleton yozish mumkin.
Abdulla Qodiriyning tom ma’nodagi jurnalistik faoliyati 1917 yil fevral inqilobidan keyingi davrga borib taqaladi. Shu davrdan boshlab uning matbuotda maqolalari, feletonlari, hajviyalari, ochiq xatlari chiqa boshladi: “Shodmarg (Kichik feletun)”, “Najot” 1917 yil, 21 mart, “Saylovmi, Bosqunlikmi kaykan”, “Ulug‘ Turkiston” 1917 yil 4 avgust [2].
Shu o‘rinda, Abdulla Qodiriyning feleton yozish uslubi jihatidan kelib chiqib, uning feletonlarni shartli ravishda ma’lum turlarga ajratish mumkin. Uning “Hoy, xudoy urg‘onlar”, “Hoy yer yutkur” kabi feletonlari hikoya–feleton, “Kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r” feletoni publitsistik–felton, “Negakim?”, “Bozor surishtirmaydir!”, “Kula–kula o‘lasan”, “Dumbasi tushib qolgan” kichkina feleton shaklida yozilgan bo‘lsa, “Yig‘indi gaplar”i feleton–sharh uslubida, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?” singari feletonlari turkum feletonlar shaklida yaratilgan deb hisoblash mumkin.
Qodiriy feletonlarini o‘rganar ekanmiz, ular mavzusi jihatdan rang–barangligining shohidi bo‘lamiz. Lekin, ular qaysi bir mavzuda bo‘lmasin, feleton zamirida istibdod zulmga qarshi kurash, nohaq kishilarni fosh etish, ma’rifat uchqunlarini targ‘ib qilish g‘oyalari mujassamlashgan. Qator feletonlarda maishiy mavzular, undagi xalq turmushi bilan bog‘liq jihatlar ko‘rsatib o‘tilganki, biz buni quyida ko‘rib chiqishga harakat qilamiz.
Abdulla Qodiriy feletonlari tahliliga o‘tishdan oldin, muallifning “Yozishg‘uvchilarimizg‘a” aytgan quyidagi jumlalariga e’tibor qaratishingizni lozim ko‘rdik: “Kulgu jurnalida ishtirok qilish bir oz nazokat talab qiladir. Chunki sizni nafratlandirgan, istehzolandirgan masala yoki shaxsni o‘z hayotdan, o‘z xususiyatdan olib kulgi holig‘a qo‘yishingiz kerak. Ya’ni siz bu kulgulikni yasag‘an bo‘lib ko‘rinmang, balki o‘zi yasalg‘an bo‘lsin. O‘z holini o‘zi arz qilsin. Toki o‘qug‘uvchingizgina emas, hatto kulgiga qolg‘an raqibingizning o‘zi ham chorasiz siz bilan birgalashib kulishga majbur bo‘lsin” (Yozishg‘uvchilarimizg‘a, 676).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Qodiriy feletonlarini o‘ziga xosligi “kichik feltonlar” izohi bilan chop etilgan aksariyat asarlarining yarim betga sig‘dira olish va ular orqali ulkan tashviqot ishlarini olib borishida namoyon bo‘ladi. Bu esa uni yuksak iste’dod egasi ekanidan dalolat beradi. Demak, XX asr o‘zbek publitsistikasida Abdulla Qodiriyning o‘rni alohida ahamiyatga ega. U o‘zidan katta publitsistik meros ham qoldirgan. Bu meros, asosan, uning, adabiy–tanqidiy maqolalari, feletonlari, hangomalari, xatlari va hajviyalarida aks etgan. Mazkur publitsistik asarlarda adibning badiiy–estetik konsepsiyasi, o‘z davrining ko‘plab kamchilik va muammolariga bildirgan munosabati, badiiy ijod sir–asrorlari, davr siyosatining mazmun–mohiyati, zamondoshlarining hayoti va ijodiga doir qarashlari ifodalangan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Qarang. www. Ziyouz.com kutubxonasi. O‘zbek tili izohli lug‘ati.5 tomlik, 2 tom.-Т.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi.-B.338
2. Abdulla Qodiriy. Tanlangan asarlar.// Diyori bakr. Nashrga tayyorlovchi H. Qodiriy.-T.: Sharq, 2014.-B.527-528 (Bundan keyingi iqtiboslar shu nashrdan olinadi, beti va nomi qavs ichida ko‘rsatiladi)
Комментарии