TEACHING AND EDUCATION OF ADULTS. ABOUT THE CONCEPTS OF PEDAGOGY AND ANDRAGOGY.
Abstract
Annotation: This article discusses the concepts of pedagogy and andragogy, their differences and similarities in teaching and educating adults.
Keywords
Keywords: Pedagogy, andragogy, adults, education, andragog, pedagogue, independent learning, experience, collaboration.
So‘nggi yillarda jamiyatda ishlaydigan fuqarolar uchun uzluksiz ta’lim olish, qayta tayyorlash va hatto kasbini o‘zgartirishga bo‘lgan ehtiyoj va imkoniyatlarning ortishi, shuningdek, o‘qitish imkoniyatlari va ehtiyojlari tufayli andragogikaga e’tibor doimiy ravishda ortib bormoqda.
Barchamizga ma’lumki, 2020-yil 23-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 637-son bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri imzolandi. Mazkur Qonunga muvofiq ilk bor ta’lim xizmatlarini sezilarli darajada kengaytirish va oshirishga xizmat qiladigan ta’lim olishning turli shakllari kiritildi.
Bular: “oilada ta’lim olish va mustaqil ta’lim olish”, “inklyuziv ta’lim”, “katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berish” hamda “umri davomida ta’lim olish” tushunchalaridir. Jamiyatdagi talablarning ortishi munosabati bilan kattalarni qayta tayyorlash, sog‘lom turmush tarzining tarkibiy qismi sifatida yangi narsalarni o‘rganish va o‘rgatish zarurligini anglash hamda zamonaviy ehtiyojlarning ortishi natijasida katta yoshdagilar butun hayoti davomida bilimlarini kengaytirishi, ko‘nikma va malakalarini boyitib borish hamda talab etiladigan kasbni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ayni shu sababli ham katta yoshdagilarni o‘qitish va ularga ta’lim berishda andragogik yondashuvlar muhim sanalganligi hamda katta yoshdagilarni o‘qitishda andragogik yondashuv mexanizmlaridan oqilona foydalanish bilan ham ahamiyatlidir.
Ta’lim sohasi vakillari uchun pedagogika va angragogika tushunchalari hamda ular o‘rtasidagi farq va o‘xshashliklarni bilish foydalidir.
Pedagogika (yunoncha- paida- bola, gogos- yetaklovchi) atamasi bo‘lib, “bola yetaklovchi” degan ma’noni bildiruvchi grekcha “paydogogos” so‘zidan kelib chiqqan. Tarixiy manbaalarning ko‘rsatishicha, qadimgi Yunonistonda o‘z xo‘jayinining bolalarini sayr qildirgan, ehtiyot qilgan, xarbiy mahoratni o‘rgatgan tarbiyachini ya’ni qulni “pedagog” (bola yetaklovchi) deb atashgan. Keyinchalik esa, maxsus o‘qitilgan va pedagoglikni o‘ziga kasb qilib olgan kishilarni pedagog deb atay boshlangan. Pedagogika fan sifatida bola tarbiyasining nazariy asoslari bilan shug‘ullangan.
Zamonaviy pedagogika bolalar bilan birgalikda kattalarning ham o‘quv-tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tarbiyasi bilan ham shug‘ullanishni ko‘zda tutadi. Aynan kattalarni o‘qitish va ularga ta’lim beruvchi pedagogikaning sohasi andragogikadir.
“Andragogika” atamasi nemis pedagogi va tarixshunosi Aleksandr Kapp tomonidan 1833-yilda ilmiy foydalanishga kiritilgan. Mazkur atama grek tilidan olingan bo‘lib, andros — erkak, odam; agogeyn — olib borish, yetaklash ma’nosini anglatadi. So‘zma-so‘z tarjima qilinganda andragogika — bu “katta odamni boshqarish, yetaklash”ni bildiradi. Bu atama pedagogik voqe’likdan vujudga kelgan ekan, unda so‘z katta yoshdagi odamni ta’lim orqali boshqarish, yetaklash to‘g‘risida boradi. Aynan kattalarga ta’lim beruvchi pedagog andragog hisoblanadi. Andragog — asosiy kasbiy funksiyasi kattalarni o‘qitishdan iborat bo‘lgan mutaxassis.
Aleksandr Kapp andragogika tushunchasini kattalar uchun pedagogika sifatida, o‘ziga xos vazifalari va usullari bilan tanishtirdi.
Andragogika fanini turli pozitsiyalardan ko'rib chiqishimiz mumkin:
• ilmiy bilimlar sohasi sifatida;
• ijtimoiy amaliyot sohasi sifatida;
• akademik fan sifatida.
Keyinchalik zamonaviy andragogika asoslarining shakllanishi 1970-yillarda amerikalik olim M.Sh.Noulzning asarlarida amalga oshirildi.
Dastlab Noulz kattalar va bolalarning bilim olish usullarini keskin farqlab, andragogikani pedagogikadan ajratib turadigan to‘rtta asosiy omillar mavjud ekanligini ta’kidlagan:
- o‘z-o‘zini imidjini o‘zgartirish ("Men-kontseptsiya"): kattalar ko'proq "o‘zini-o‘zi boshqarish" kerak;
- kattalar o‘qitishning nihoyatda boy manbasiga aylanadigan tajriba to‘playdi;
- o‘rganishga tayyorlik, kattalar o‘zlari duch keladigan va ular "tegishli" deb hisoblagan muammoli sohalarda o‘rganishni xohlashlari;
- ta'limotning o‘ziga yo‘naltirilganligi, muammoga yo‘naltirilgan kattalar subyektga yo‘naltirilganligi.
1984- yilda Noulz beshinchi jihatni kiritdi, ya’ni bu kattalar ta’limida "o‘qish va o‘rganish uchun motivatsiya"dir.
1989- yilga kelib esa o‘zining avtobiografik kitobida u andragogika uchun oltinchi omilni ya’ni, bilish zarurligini kiritdi.
Noulz tomonidan belgilangan har bir qoida muhokama uchun ochiq bo‘lib, ko‘plab savollar tug‘ilishiga hamda baxs-munozaralarga sabab bo‘lgan.
Noulzning asarlari Amerikada birinchi marta nashr etilganda, ularning haqiqiyligi haqida darhol jiddiy bahs-munozaralar paydo bo‘ldi. 1970-yilning oxirlarida Noulz bahsga kirishishga qaror qildi. Andragogika va pedagogika diskret jarayonlar emasligini e'tirof etib, u pedagogik pozitsiyalar kattalar uchun ba'zi vaziyatlarda haqiqiy ekanligini ta'kidladi.
Kattalarga ta’lim berish uchun ishlatiladigan ayrim usullar va vositalar bolalarni o‘qitish usullaridan farq qilsa, ayrim jihatlari esa o‘xshashdir.
- Andragogika - katta yoshdagi o‘quvchilarni o‘qitishning usuli va amaliyoti. Talabalarni yoki kattalarni andragogikaning ishtirokchilari deb atashsada, ular pedagogikaning vakillari sifatida belgilanadi.
- O‘qituvchilar andragogikada o‘qituvchi yoki angragog deb atalsa, pedagogikada esa o‘qituvchi yoki pedagog deyiladi.
- Pedagogika o‘qituvchining uslubiga bog‘liq, andragogika esa mustaqil ta’lim uslubi.
- Pedagogikada oldindan belgilab qo‘yilgan maqsadlar mavjud, andragogikadagi maqsadlar esa moslashuvchan.
- Pedagogikada talabalar hissa qo‘sha olmaydi, chunki ular tajribasiz, andragogikada esa kattalar yoki tinglovchilar sohaga o‘z hissalarini qo‘shishga qodir deb hisoblaydilar.
- Pedagogikada ham andragogikada ham o‘qitish usullari, mashg‘ulot usullari va rolli o‘yinlar hamda dars jarayoni pedagog va andragoglar tomonidan boshqariladi. Dars va mashg‘ulotlar pedagogikada ham andragogikada ham ishtirokchilar bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
- Talabalar andragogikada o‘qish vaqtiga va tezligiga ta’sir qiladi, o‘qituvchi esa bu omillarni pedagogikada nazorat qiladi.
- Pedagogning va andragogning vazifalari bir xil: o‘quvchi va tinglovchilarni to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, pedagogikadan farqli ravishda andragogikaning ta’limiy maqsadi o‘rganuvchilarga o‘quv fanining mazmunini qabul qilishga, uni tahlil qilish va tanqidiy fikr bildirishga zamin yaratish hamda ta’limda o‘rgangan yangiliklarini hayotda va dars jarayonida amaliy qo‘llay olishda namoyon bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
- O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrdagi 637-son qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni.
- 2020-yil 15-iyuldagi D.Toshmuxamedovaning "Век живи - век учись" - о важности переподготовки взрослых специалистов в современных условиях” nomli maqolasi.
- O‘.M.Asqarova, M.A.Abdullaeva, M.Boltaeva “Andragogika” o‘quv qo‘llanma. Namangan-2014.
- www.lex.uz
- idum.uz
Comments