THE ACTIVITY OF BANKS IN THE TURKISTAN REGION AT THE LAST OF THE XIX AND AT THE BEGINNING OF THE XX CENTURIES
Abstract
The opening of banks in the Turkistan region by the Russian Empire, and its impact on the economic life of the country, as well as the activities of the banking departments that operating in the Russian Empire in Turkistan have been suspended in this article.
Keywords
Russian Empire, Turkistan region, bank, ruble, credit, K.K. Palen.
XIX ASRNING OXIRI - XX ASR BOSHLARIDA TURKISTON O‘LKASIDA BANKLAR FAOLIYATI
Botirov Sh.A. –
O‘zMU tarix fakulteti magistranti
XIX asr ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasining Turkiston o‘lkasida mustamlakachilik tartiblarni joriy etishdan ko‘zlagan asosiy maqsadlaridan biri iqtisodiy masalalarga qaratilgan edi. Turkiston o‘lkasi mustamlaka hududga aylаntirilib, rivojlanib borayotgan Rossiya imperiyasining yengil sanoat sohasi uchun xom ashyo bazasiga aylantirib, imperiya hukumati bundan asta-sekinlik bilan o‘z iqtisodiyotini tiklash va katta foyda olish ko‘zlagan edi. Mustamlaka ma’muriyati Rossiya savdo-sanoatchilar manfaatlarini ko‘zlab, rus-osiyo savdosini, keyinroq moliya kapitalining Turkistonga qulay shart-sharoitlarda kiritish dasturini ishlab chiqqan.
Rossiyaning Turkistondagi istisodiy va siyosiy manfaatlarini 1908 – 1909 yillarda o‘lkada taftish o‘tkazgan graf K.K. Palen quyidagicha ifodalagan edi: “Turkistonni istilo qilishning siyosiy sabablarini hisobga olmagan taqdirda ham bu o‘lka Rossiya tarafidan bosib olinishining dastlabki kunlaridanoq Rossiya uchun ikki jihatdan qiziqish uyg‘otgan edi. Bular: birinchidan: moliyaviy-siyosiy jihatdan davlat daromadi manbai va ichki ishlab chiqarish uchun yangi bozor sifatida bo‘lsa, ikkinchidan: mustamlakachilik siyosati nuqtai nazardan markaziy guberniyalardagi ortiqcha aholini ko‘chirish uchun yangi hudud tarzida diqqatga loyiq edi”.
Turkistonda mustamlaka iqtisodiy tartiblarini o‘rnatishda hamda moliyaviy munosobatlarni joriy etishda banklar alohida o‘rin tutgan. O‘lkada bank muassasalarining ochilishi Rossiyaning manfaatlariga to‘liq javob bergan. Shu maqsadda podsho Aleksandr II 1874 - yil 23 - dekabrda Tukistonda Davlat bankining bo‘limini ochishga ruxsat bergan. Mazkur bank tashkil etilgan paytda uning jamg‘arma mablag‘i 4,1 ming rubldan iborat bo‘lib, u asosan Moskva va boshqa yirik shaharlardan yuborilgan veksellar asosida to‘plangan . 1875 - yil 10 - mayda Davlat bankining bo‘limi Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan. Davlat banki rahbariyati yangi tashkil etilgan bo‘limga savdo veksellarini hisobga olishga va mahsulot hisobidan ssudalar (foiz evaziga qarz) berishga jur'at eta olmadi. Zero o‘lkadagi mahalliy savdo va sanoatning shart-sharoitlari bank rahbariyatiga noma'lum bo’lgan. Faqatgina bank ochilgandan bir yil o‘tib, moliya vazirligi tomonidan veksellarni hisobga olish bo‘yicha moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga ruhsat berilgan.
Davlat bankining Toshkent bo‘limi XIX asrning 90 yillariga qadar butun Turkiston o‘lkasi uchun xizmat qilgan. 1890 - yilda Samarqand, 1893 - yilda Qo‘qon, 1894 - yilda Buxoro, 1895 - yilda Ashxabod, 1910 - yilda Andijonda banklar ochildi. XX asr boshlariga kelib Turkistonda Rossiya Davlat bankining 7 ta bo‘limi faoliyat ko‘rsatgan. 1875-yili Turkistonda Davlat bankidan hisobga olingan veksellar 1876-yili 1-yanvar oyida 46,1 ming rublni tashkil qilgan bo‘lsa, 1895-yilga kelib 1,6 mln rublga yetgan . Shuningdek, 1876 - yilning 1 - yanvar holatiga ko‘ra Davlat banki mintaqa bo‘limlari mablag‘ aylanmasining bir kunlik amaliyoti hajmi veksellar bo‘yicha 4,1 ming rublni tashkil etgan bo‘lsa, 1907 - yilga kelib bu ko‘rsatkich 5 mln. rublga yetgan. Pul o‘tkazmalari esa 29,8 ming rubldan 339,11 ming rublga ko‘tarilgan . Pul aylanmasi bo‘yicha eng yirik operatsiyalar Qo‘qon bo‘limida amalga oshirilib, uning hajmi 19.908 ming rublni tashkil qilgan. Davlat bankining Qo‘qon va Toshkent bo‘limlaridan keyin Samarqand bo‘limida 3,779 ming rubl, Buxoroda 3,458 ming rubl, Ashxabodda 3,22 ming rubl va Andijon bo‘limida 1,436 ming rubl pul aylanmasi amalga oshirilgan. Davlat banki ko‘proq savdo-sanoatchilar uchun xizmat qilgan. Uning bo‘limlari amalga oshiriladigan barcha moliyaviy amaliyotlardan 8 % miqdorida daromad ko‘rishgan .
Davlat banki o‘z nizomiga ko‘ra qat’iy vositachi bank vaziasini bajarib, ko‘proq veksellarni hisobga olish (yoki aylanmasi) asosida faoliyat olib borgan. Bank Rossiya savdo kapitali manfaatlari uchun xizmat qilib, Turkiston o‘lkasi pul bozoridagi vositachi kreditga bo‘lgan talabini qondirgan. Davlat banki tashkil topgan dastlabki yillardanoq butun Rossiya savdo kapitalining xizmatkori sifatida chiqqan. Davlat banki o‘z faoliyati doirasida ko‘proq yirik savdogorlar uchun xizmat qilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib davlat banki Turkiston o‘lkasi pul bozoridagi monopolistik mavqyeini yo‘qota boshlagan. Bu jarayon, ayniqsa, Birinchi jahon urishi arafasida va bevosita urush yillarida kuchaygan.
Davlat banki bilan deyarli bir vaqtda vositachi banklar ham o‘z faoliyatlarini boshlagan. 1880 - yilda Turkiston o‘lkasida “Глинка Янчевиский и К” bankirlik uyi, 1881 - yildan esa “O‘rta Osiyo” banki faoliyat olib bora boshlagan. U Turkiston o‘lkasida dastlab 1881 - yili ish boshlagan aksiyadorlik turdagi tijorat banki hisoblangan . Shu bilan birga 1890 - yildan boshlab o‘lkada yirik vositachi banklardan biri Volga - Komsk banki bo‘limi ochigan . 1891-yili Moskvaning Xalqaro savdo, 1893-yilda Peterburgning Volga-Kama aksiyadorlik tijorat banklarining bo‘limlari ochilgan. Keyinchalik Moskvaning Hisob, Savdogar, Peterburgning, Azov Don, Sibir va boshqa banklar o‘z faoliyatlarini boshlagan. Masalan, O‘rta Osiyo aksiyadorlik-tijorat bank ustavi bo‘yicha, quyidagi operatsiyalarni amalga oshirish ruxsat berilgan: 1) Rus va chet el savdo veksellarini hisobga olish; 2) 9 oygacha bo‘lgan ssudalar va kreditlar berish; 3) Veksel va boshqa foizli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlar olish; 4) Uchinchi shaxslar orqali Davlat foizli qog‘ozlarini, pay, aksiya va obligatsiyalarni sotish va sotib olish; 5) Xususiy shaxslar va savdo uylar mahsulotlarni sotish kabilardan iborat bo‘lgan. Bank o‘z kapitalini ko‘paytira olmaganligi sababli 1911 - yilga kelib tugatilgan .
Ushbu banklardan tashqari Rus - Xitoy banki, Osiyo – Don vositachi bankining Toshkent bo‘limi va Toshkentda o‘zaro kredit jamiyatlari faoliyat olib borishgan. 1914-yil vositachi bank bo‘limlarining umumiy soni 40 taga yetdi . Banklar Turkiston o‘lkasida turli sohalarda faoliyat olib borishsada, biroq ularning asosiy yo‘nalishi paxta operatsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan. Zero, XIX asrning 80 yillaridan boshlab, paxta yetishtirish borasida olib borilgan siyosat natijasida Turkiston XX asr boshlariga kelib Rossiya yengil sanoati uchun paxta yetkazib beruvchi asosiy o‘lkaga aylangan.
Paxta yetishtirish bo‘yicha Turkiston o‘lkasining Farg‘ona viloyati oldingi o‘rinda turgan. Agar 1889-yildi 25841 desyatina yerga paxta ekilgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu miqdor 234798 desyatinani tashkil etgan. 1913 - yilga kelib, paxta maydonlar 300 ming desyatinaga yetgan. Shuning uchun ham bank bo‘limlari asosan Farg‘ona viloyatida joylashtirilgan. Umuman vositachi bank bo‘limlari Turkiston o‘lkasi bo‘ylab quyidagicha joylashgan. Qo‘qonda 8 ta, Samarqand va Buxoroda 7 ta. 1910 - yilga kelib Farg‘ona viloyatida 20 ta xususiy aksionerlik bank bo‘limlari joylashgan edi. Farg‘ona viloyati general – gubernatori xisobotida faqatgina 1910 - yilning o‘zida Qo‘qon va Andijonda 7 ta vositachi bank bo‘limlari ochilgani qayd etiladi . Vositachi banklar Turkiston o‘lkasidagi faoliyatida davlat bankiga tayanganlar. Davlat banki tomonidan vositachi banklar va firmalar uchun 5,2 % kredit ochilib, vositachilarga 8 - 9 % hmsobida tarqatilar edi. Dehqonlar uchun bu kreditlar 40 – 50 % dan tushardi, ya'ni 5 – 7 barobar oshib ketar edi .
XX asr boshlarida imperiyada iqtisodiy sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida Turkistonda aksiyadorlik-tijorat banklarining bo‘limlari ko‘paya boshladi. 1900-1909-yillar mobaynida Peterburgning 3 ta banki (Volga-Kama bankining bitta bo‘limi, Sibir va Moskvaning hisob banki) O‘rta Osiyoda o‘z bo‘limlarini ochdilar. Bungacha Turkistonda faqat Moskvaning xalqaro Savdo va Peterburgning Volga-Kama banklarining bo‘limlari ish yuritgan bo‘lsa, 1909 - yilga kelib beshta bank (Moskva Xalqaro banki bilan birgalikda) bo‘limlarining soni yettitaga yetdi. 1910 - yilga qadar Rus-Xitoy, keyinchalik Rus-Osiyo aksiyadorlik-tijorat banki nomi bilan faoliyat ko‘rsatgan ushbu bank o‘lkada 12 ta bo‘limini ochgan.
Agarda Turkiston o‘lkasidagi ayrim banklar faoliyatiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, Moskva hisob banki, Rus – Xitoy banki, Moskva savdogar banki, Sibir banki, Rus tashqi savdo banki va yana bir qator banklar veksellar, ssudalar bo‘yicha moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgan.
Rus – Xitoy banki 1903 - yilda tashkil etildi. 1910 - yilga kelib u Shimoliy bank bilan qo‘shilib, Rus – Osiyo bankini tashkil etdi va Turkiston o‘lkasidagi eng yirik banklarga aylandi. Farg‘ona Toshkent bo‘yicha bankning kredit aylanmalari miqdori 700 – 800 mln rubl bo‘lgan. Bank o‘z faoliyati davomida Turkiston o‘lkasidagi eng yirik Vadeev savdo – sanoat o‘rtoqligini o‘z nazoratiga olishga erishdi. Rus – Osiyo bankining o‘lkadagi kuchli raqibi Moskva savdo banki va Moskva hisob banklari bo‘lgan. Moskva hisob banki 7 ta bo‘limidan 6 tasini aynan Turkiston o‘lkasida joylashtirgan.
1911 - yilda Turkiston o‘lkasida Sibir savdo banki o‘z faoliyatini boshlagan. Qisqa vaqt ichida o‘lkaning yirik savdo markazalri Farg‘ona, Sirdaryo viloyatlarida va Buxoro amirligida o‘z bo‘limlarini ochdi. Bu banklar bilan bir vaqtda Azov – Don banki ham o‘z faoliyatini boshladi. U asosan Toshkentda joylashib vositachilarni kredit bilan ta'minlab turdi, shuningdek, Turkiston o‘lkasida 1898 - yildan boshlab “Don yer” banki, 1902 - yildan esa “Poltava yer” banki va “Nijniy Novgorod – Samara” banklari faoliyat olib borishgan. Ushbu banklar asosiy faoliyatida nizomga ko‘ra ko‘chib kelgan ruslarga kreditlar berish va ularni qo‘llab – quvvatlash belgilangan. 1903 - yilda Poltava yer banki Turkiston o‘lkasidagi ko‘chmas mulklar garoviga kreditlar ajratishga ruxsat berishini so‘rab Turkiston general – gubernatoriga murojat etadi. Rossiya Moliyaviy Vazirligi tomonidan uning bu iltimosi qondiriladi. Bank 1910 - yil 1 - iyuldan 1911 - yilgacha 53 yer ssudalarni 355 ming rublga 181 shahar ssudalarini 10144900 rublga berdi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Rossiya imperiyasi moliya tizimini Turkiston o‘lkasiga yirik banklarning bo‘limlari va aksiyadorlik kredit jamiyatlarini tashkil etish orqali olib kirgan. Undan asosiy maqsadi o‘lka iqtisodiyotini to‘laligicha metropoliyaga bo‘ysindirishdan iborat bo‘lgan. Turkistondagi davlat bank bo‘limlari va savdo tijorat banklari avvalambor, Rossiya savdo-sanoatchilari manfaatlari uchun xizmat qilgan va o‘lkani metropoliyaning xom ashyo bazasiga aylantirishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan. Shuning uchun o‘lkada turli yo‘llar bilan bo‘lsada, bank bo‘limlarining faoliyati tobora kengayib borgan.
Comments