0
2 027
PDF

Linguocultural analysis of connotative units related to endearment in the Uzbek language.

Abstract

This article presents the linguo-connotative features of endearing words in the Uzbek language, their cultural foundations, as well as a comparative analysis with the endearment lexicons of different peoples. In addition, the psychological and socio-communicative functions of affective units are highlighted.

Keywords

Endearment units / Terms of endearment Connotative meaning Emotional vocabulary National mentality

O‘ZBEK TILIDA ERKALASH BILAN BOG‘LIQ KONNOTATIV BIRLIKLARNING LINGVOMADANIY TAHLILI

 

Xolmamatova Sarvinozxon Abduvali qizi,

Farg‘ona davlat universiteti 1-bosqich tayanch doktaranti.

 

Annotatsiya Ushbu maqolada o‘zbek tilidagi erkalatma so‘zlarning lingvokonnotativ xususiyatlari, ularning madaniy asoslari hamda turli xalqlarning erkalatish leksikonlari bilan qiyosiy tahlili keltiriladi. Shuningdek, affektiv birliklarning psixologik va ijtimoiy kommunikativ vazifalari yoritiladi.

 

Kalit so‘zlar. Erkalatish birliklari, konnotativ ma’no, emotsional leksika, milliy mentalitet, 

 

Kirish. Erkalash so‘zlari turli xalqlarda turlicha namoyon bo‘lishi tabiiy bo‘lib, bu holat til egalari yashaydigan muhit, iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoit, geografik hudud va etnik e’tiqodlar bilan bevosita bog‘liqdir. Mazkur jarayonni bir nechta til materiallari asosida qiyosiy tahlil qilish orqali aniqlash imkoni mavjud. Shu nuqtai nazardan jahon tilshunoslari tomonidan erkalash ma’nosini ifoda etuvchi leksema va birikmalar turli jihatlardan o‘rganilgan. Jumladan, R. Lakoff[1] A. Kunin[2] shuningdek N. Nishiniadze[3] kabi olimlarning ishlari bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.  A. Kunin o‘z tadqiqotlarida ingliz tilidagi erkalash ma’nolarini frazeologik sathda chuqur tahlil qilgan bo‘lsa, N. Nishiniadze ingliz, gruzin va rus tillaridagi erkalash hamda kamsitish ma’nolarini morfologik nuqtai nazardan solishtirib o‘rgangan. Ushbu ilmiy izlanishlar shundan dalolat beradiki, har bir tilda erkalash ma’nosining yuzaga chiqishi umumiy qonuniyatlarga ega bo‘lsa-da, uning shakli va lingvomadaniy xususiyatlari bir-biridan farq qiladi.

Erkalash terminiga turli manbalarda o‘ziga xos izohlar berilganini ko‘rish mumkin. Masalan, Webster izohli lug‘atida qayd etilishicha, erkalash (affection) – his-tuyg‘u yoki hayajon, noziklik bilan tegish, silash va suyish ma’nolarini anglatadi.[4]

Roget’s Thesaurus lug‘atida esa erkalash termini endearment, loving words, affectionate speeches, pet name kabi sinonimik birliklar bilan izohlangan. [5]

Rus tilidagi izohli lug‘atlarda yuqoridagi manbalardan biroz farqli ravishda erkalash – “rahmdillik qilish, ovutish, asrab-avaylash” tarzida talqin etiladi.[6]

O‘zbek tilining izohli lug‘atida esa erkalash nafaqat mehr bilan suyish, balki paralingvistik vositalar – ya’ni tana harakati, imo-ishoralar orqali ham ifodalanishi mumkinligi ta’kidlanadi.[7]

Bizningcha, erkalash – har bir tilning o‘ziga xos vositalari va usullaridan foydalanib, odamlar, jonivorlar, tabiat, shuningdek, turli buyum va hodisalarga nisbatan mehribonlik, muhabbat, mayinlik, noziklik bilan munosabat bildiruvchi lingvistik jarayondir. O‘zbek tilshunosligida ham erkalash ma’nosi ma’lum darajada o‘rganilgan bo‘lib, R. Xadyatullaev, A. Po‘latov, O. Safarov, Sh. Qazakov kabi olimlar leksik-semantik va uslubiy xususiyatlarni tahlil qilganlar. Shuningdek  J. Bo‘ronov, O. Mo‘minov, M. Rasulova, R. Qo‘ng‘urov va boshqalar erkalash va kichraytirish ma’nolarini grammatik kategoriya sifatida tadqiq etib, ularning asosan suffikslar orqali yaratilish mexanizmlarini keng yoritib berishgan.

Til faqat aloqa vositasi emas, balki xalqning dunyoqarashi, qadriyati va emotsional tajribasining aksidir. O‘zbek oilalarida keng qo‘llanadigan erkalatish so‘zlari nafaqat mehr ifodasi, balki madaniy identifikatsiya, tarbiyaviy an’ana va affektiv munosabatlarning til orqali mustahkamlanishidir. Ota-onalar tomonidan qo‘llanadigan “qo‘zichog‘im”, “toychog‘im”, “ko‘zimning nuri”, “jonim bolam”, “qunduzim” kabi birikmalar shu turkumga kiradi. Mazkur maqolada ushbu birliklarning semantik, pragmatik va lingvomadaniy mohiyati tahlil qilinadi.

Erkalatma so‘zlarning affektiv tabiati. Tilshunoslikda erkalatish bilan bog‘liq birliklar affektiv (emotsional) birliklar sifatida talqin qilinadi.[8] Ular mehr va ishonchni mustahkamlaydi, muloqot ishtirokchilari o‘rtasida psixologik yaqinlik yaratadi, ijtimoiy-hissiy aloqani kuchaytiradi. Ko‘pchilik erkalatma so‘zlar kichraytirish qo‘shimchalari orqali shakllanadi: jon, -cha, -gina, -voy, -gul affiklari shular jumlasiga mansubdir.[9] Ular nutqni yumshatish, muloyimlik berish va hissiy ta’sirni kuchaytirish vazifasini bajaradi. Masalan,  o‘zbek xalq ertaklarda qo‘llanilgan “Quyonvoy, bunchalik chiroylisan!” gapida –voy qo‘shimchasi orqali suhbatdoshning erkalatganini bilib olishimiz mumkin. O‘zbek tilida erkalashlar leksemalar orqali ham ifoda etiladi. Biz bu leksemalarni mavzu nuqtayi nazaridan quyidagi guruhlarga ajratishimiz mumkin.                                         

1. Zoonimlar (Hayvon nomlari)ga asoslangan erkalatishlar Qo‘zim, qunduzim, toychog‘im kabi leksemalar xalq ongida beozorlik, poklik, yoqimlilik, shirinlik, chaqqonlik kabi tasvirlarni uyg‘otadi. Bu birliklar bolaning “sevimli va beozor” mavjudotga qiyoslanishidan kelib chiqadi. Masalan, Erkin Vohidovning  “Nido” dostonidan olingan quyidagi parcha orqali onaning o‘z bolasiga bo‘lgan muhabbatini va bolani beozor, begunoh sifatida erkalashini ko‘rishimiz mumkin. 

Nega yig‘layapsan,

Yolg‘izim, qo‘zim.

Tun uzoq uxlay qol

Ko‘zlaringni yum [10]

Shu bilan birga, o‘zbek xalqining atoqli ijodkori Zafar Diyor she’riyatida ham “toychoq” leksemasining erkalash ma’nosi yaqqol namoyon bo‘ladi. Shoirning “Ikkinchidan, toychog‘im, a’lo olgin har fandan. Barcha oshna-og‘ayning o‘rnak olsinlar sendan” kabi misralarida ushbu birlik nafaqat mehr-muhabbat bilan murojaat qilish vositasi, balki motivatsion va rag‘batlantiruvchi konnotatsiyani ham ifodalaydi. Chunki toychoq – otning bolasi sifatida o‘sib kelayotgan, hali yetuklikka intilayotgan avlod timsoli sanaladi. O‘zbek xalq tilida bu so‘z ko‘pincha o‘g‘il farzandga nisbatan qo‘llanib, ota-ona mehrining, shuningdek, farzandning kelajagi borasidagi ishonch va umid ramzi sifatida xizmat qiladi.Dunyodagi turli xalqlar farzandlarini o‘ziga xos, milliy ruhni ifodalovchi erkalatish so‘zlari bilan atashadi. Bu nafaqat mehr ifodasi, balki har bir millatning mentaliteti, qadriyati va dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan til hodisasidir. Masalan, bizning xalqimizda “toychog‘im” degan erkalatish keng qo‘llanadi. Bu leksema orqali ota-ona farzandining baquvvat, chaqqon va tirishqoq bo‘lib ulg‘ayishini tilagani seziladi – go‘yoki asov toyday kuchli bo‘lishi istaladi. 

Turk xalqida esa “arslonim” deb erkalash qadimdan urf bo‘lib, bunda ota-ona bolasining arslonday mard, qo‘rqmas va g‘olib inson bo‘lib voyaga yetishiga ishora bor. [11] Biz uchun noodatiy tuyulishi mumkin bo‘lgan “kuchuk” erkalatishi esa koreyslar orasida juda ko‘p uchraydi. Koreys ota-onalar farzandlarining kuchukchaday serharakat, shirin va beg‘ubor bo‘lishini shu so‘z bilan ifodalaydi.

2. Astronimlar (Tabiat unsurlari)asosidagi erkalatishlar. Bu guruh poetik va estetik qiymati yuqori bo‘lgan erkalash birliklaridan iborat. Astronomik nomlar orqali shaxsni ulug‘lash, nurga, balandlikka, go‘zallikka qiyoslash eng ko‘p kuzatilgan turdir. Nafaqat o‘zbek xalqi balki umuman turkiy xalq o‘rtasida qadimdan osmon va osmon jismlari bilan bog‘liq birliklar erkalatishning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin olib kelgan. Misol uchun “quyoshim”, “oyim”, “yulduzim”.  Bu semantik guruh qadim qadriyatlar bilan bog‘liq bo‘lib, “nur””, “yorug‘lik”, “hayot manbai” kabi konseptlarni ifodalaydi. Masalan, “Quyoshim” leksemasi odatda qiz farzandlarga nisbatan qo‘llanilib, qiz farzandning iliqlik va mehr sochuvchi obrazini ifodalaydi. O‘zbek oilalarida “quyoshim” degan erkalatish odatda qizlarga nisbatan ishlatiladi. Bu tasodifiy emas, xalq tasavvurida qiz bola – mehr-muhabbat sochuvchi, oila bag‘riga iliqlik beruvchi nur timsoli. Shuning uchun ham uni “quyoshim” deb atash orqali butun atrofga mehr ulashuvchi, nur taratuvchi mavjudot sifatida tasvirlaydi. Bu holat turk xalqidagi “güneşim”(quyoshim) erkalatishiga hamohang. Biroq turkiy xalqlardan bo‘lgan qozoqlarda tasavvur biroz boshqacha rivojlangan. Ular tarixan ko‘chmanchi xalq bo‘lgani uchun quyoshning jazirama issig‘i safar davomida ko‘pincha og‘irlik tug‘dirgan, aksincha, tun sokinligi va oy yog‘dusining salqinligi ularga qulaylik bergan. Shu bois qozoqlar oy timsolini ko‘proq e’zozlashgan va eng go‘zal erkalatishlar orasida “oyim”, “oy yuzligim”, “nurli oyim” kabi so‘zlar shakllangan. Qozoq xalqida quyosh leksemasi teskari ma’noni bildirib, dushman sifatida talqin qilinadi. Chunki ular qadimdan ko‘chmanchi xalq bo‘lganligi bois asosan kunduz kunlari yo‘l  bosishgan. Agarda kun isib ketsa ularga qiyinchilik tug‘dirgan. Ular osmon jismlaridan ko‘pincha “oy’ leksemasini qo‘llab erkalash ma’nosini hosil qiladilar. Masalan, «Кун жедi» ; «кун шакты» –; «баска кун туу»[12] Bu erkalatishlar nafaqat farzandlarga, balki sevikli yorlariga nisbatan ham qo‘llangan. Bizning badiiy adabiyotimizda ham qo‘llaniluvchi “oyim” leksemasi har doim ham erkalash ma’nosini ifodalovchi osmon jismi “oy” leksemasida kelmasligi ham mumkin. Tilshunoslikda tashqi ko‘rinishi jihatidan chalg‘ituvchi, ammo asl tarixiy kelib chiqishi boshqa qatlamga mansub bo‘lgan leksik birliklar mavjud. Bunday birliklar ko‘pincha xalq etimologiyasi ta’sirida fonetik o‘xshashlikka qarab noto‘g‘ri talqin qilinadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida uchraydigan “oyim” murojaat shakli ana shunday chalg‘ituvchi birliklardan biridir. Asarda Yusufbek hojining kelini Kumushga murojaati sifatida qo‘llangan “oyim” so‘zi tashqi shakliga ko‘ra oy + –im kabi idrok etilishi mumkin. Bunday idrok uni zamonaviy o‘zbek tilidagi “osmondagi oy” so‘ziga egalik qo‘shimchasi qo‘shilgandek qilib ko‘rsatadi va “mening oyim”, ya’ni “onajonim” mazmuniga yo‘naltiradi. Ammo tarixiy-lisoniy manbalar bu talqin ilmiy asosga ega emasligini ko‘rsatadi. So‘zning haqiqiy o‘zagi ay bo‘lib, u qadimgi turkiy til qatlamida “ayol”, “xotin”, “beka” ma’nolarida qo‘llangan. Bu haqda eng qadimgi va ishonchli yozma dalillardan biri Mahmud Koshg‘ariyning XI asrga oid “Devonu lug‘otit turk” asaridir. Mazkur asarda ay leksemasi aynan “xotin, ayol” ma’nosida izohlangan (DLT, I jild). [13] Shunday qilib, “oyim”dagi oy bo‘lagi fonetik yaqinlik tufayli zamonaviy “oy” (osmon jismi) bilan o‘xshash bo‘lsa-da, bu o‘xshashlik tasodifiy fonetik paralellik xolos. Uning semantik ildizi “Devonu lug‘otit turk”da qayd etilgan qadimgi ay = ayol birliklariga borib taqaladi. Shuningdek, so‘z tarkibidagi –im qo‘shimchasi ham tarixiy nutqda oddiy egalik ko‘rsatkichi bilan bir qatorda hurmat va murojaat ma’nosini kuchaytiruvchi grammatik vosita sifatida qo‘llangan bo‘lib, qadimgi turkiy tilga xos murojaat shakllaridan biridir.Bu etimologiyani zamonaviy manbalar ham tasdiqlaydi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (5 jildlik, 2006) “ayim/oyim” shaklini ikkita semantik qatlamda ko‘rsatadi:

tarixiy: hurmatli ayol, beka,

hozirgi: onaga nisbatan erkalatma.[14]
Mazkur lug‘atdagi izohlar so‘zning zamonaviy ma’nosi keyingi davrda shakllangan semantik kengayish oqibati ekanini ko‘rsatadi.

Demak, Qodiriy asarida uchraydigan “oyim” murojaat shaklining tarkibidagi oy bo‘lagi osmondagi oy bilan bog‘liq emas. Uning haqiqiy o‘zagi “Devonu lug‘otit turk”da qayd etilgan qadimgi turkiy ay – “ayol, xotin, beka” manziliga borib taqaladi. Shu sababli ushbu birlik o‘zining tarixiy semantik qatlamida “hurmatli beka”, “namunali ayol” sifatidagi ijtimoiy-madaniy unvonni ifodalaydi.

3. Shirinlik va mazali narsalar asosidagi erkalatishlar. Xalqimizda bolani yoki tinglovchini yoqimtoyligidan kelib chiqqan holda  “asalim”,” shakarim”, “nonvoyim”, “qandim” singari erkalatmalar ham mavjuddir.  Bu turdagi erkalatma birliklar bola yoki suyukli insonni shirinlikka qiyoslash orqali mehrning kuchini ifodalaydi.  Masalan, Asal qizim, qani bir burningizni artib oling-chi [15]

4.Tana a’zosi asosidagi  erkalatish birliklar. Tana a’zolari bilan bog‘liq erkalash birliklari (leksik birliklar) odatda inson tanasining ma’lum bir qismini ifodalaydi va psixologik jihatdan o‘ta yaqinlik, mehr va samimiyatni aks ettiradi. Bunday birliklar turkiy va arab til oilalarida qadimdan rivojlangan bo‘lib, nutqda emotsional yaqinlikni kuchaytiruvchi vosita sifatida xizmat qilgan. Misol: “Ko‘z nuri” iborasi. Ko‘z qadimdan inson hayotidagi eng qadrli va muhim a’zolardan biri sifatida qadrlangan. Shu sababli, farzandni “ko‘z nuri” deb atash uning hayotdagi eng aziz ne’mat ekanini ifodalaydi. Bu ifoda psixolinguistik jihatdan bolaga nisbatan mehr, g‘amxo‘rlik va qadrlashni kuchli aks ettiradi.

Shuningdek, oddiy leksik birliklar ham tana a’zolari bilan bog‘liq erkalash sifatida ishlatiladi. Masalan: “yuragim”, “jonim”, “bag‘rim”. Bu birliklar faqat ruhiy yaqinlikni emas, balki emotsional bog‘liqlik va individual yaqinlik hissini ham kuchaytiradi. Arab tilida ham shunga o‘xshash fenomen mavjud. Masalan: qalbi (“yuragim”), hayati (“hayotim”) kabi birliklar erkalash, mehr-muhabbat va ruhiy bog‘liqlikni ifodalaydi[16]. Bu birliklar shaxsiy va hissiy masofani qisqartirib, ijtimoiy va madaniy kontekstda yaqinlikni mustahkamlash vositasi sifatida ishlatiladi. Shu bilan birga, turkiy til oilasida ham tana a’zolari bilan bog‘liq erkalash birliklari ko‘p uchraydi. Masalan: “ko‘zim”, “yuragim”, “jonim”, “qulog‘im”. Mahmud Koshg‘ariyning Devonu lug‘otit turk asarida tana a’zolari va ruhiy bog‘liqlikni ifodalovchi leksik birliklarga oid izohlar mavjud (Koshg‘ariy, XI asr, I jild, “yurak” va “ko‘z” moddasi). Bu birliklar nutqda samimiylikni oshiruvchi va ijtimoiy-madaniy jihatdan qadrlanuvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Lingvistik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tana a’zolari bilan bog‘liq erkalash birliklari ikki darajada ishlaydi:

Shaxsiy emotsional daraja: farzand, yaqin do‘st yoki sevgan kishiga nisbatan mehrni kuchaytiradi.

Madaniy-konvensional daraja: ma’lum bir xalq, til yoki ijtimoiy qatlamda qadrlanadigan metaforik va ramziy ifodalarni beradi.

Shunday qilib, tana a’zolari bilan bog‘liq erkalash birliklari nafaqat lingvistik vosita, balki madaniy-semantik va emotsional fenomen sifatida ham tahlil qilinadi. Ular orqali til ichida insonlar o‘rtasidagi mehr, hurmat va yaqinlik hissi mustahkamlanadi.

 Abstrakt so‘zlar asosidagi erkalatmalar. Abstrakt tushunchalar bilan bog‘liq erkalash birliklari mavhum kontseptlarni ifodalaydi va nutqda samimiylik, mehr-muhabbat va hissiy bog‘liqlikni kuchaytiruvchi vosita sifatida xizmat qiladi. Bunday erkalatmalar yaqin insonlar o‘rtasidagi sof tuyg‘ularni yanada go‘zal va poetik tarzda ifodalash imkonini beradi. Bu guruhga kiradigan birliklar quyidagi mavhum tushunchalarga asoslanadi:

1) Sevgi va mehr: jonim, sevgilim, ruhim

2) Baxt va quvonch: baxtim, quvonchim, xursandligim

3) Ishonch va umid: ishonchim, umidim, umidvorim

4) Hayot va taqdir: hayotim, hayot yo‘ldoshim

Ushbu birliklar psixolinguistik jihatdan nutqiy va hissiy samimiylikni kuchaytiradi. Masalan, oila, do‘stlik yoki romantik kontekstda erkalash orqali shaxslar o‘rtasidagi emotsional masofa qisqaradi va ijtimoiy aloqalar mustahkamlanadi. Masalan, 

Baxtim, ilohim doimo sog‘-omon bo‘ling – bu ibora erkalash shaklida baxt va sog‘liqni ifodalash vositasi sifatida ishlatiladi.

Ishonchim, sen doimo yonimda bo‘l – shaxsiy bog‘liqlik va emotsional qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi.

Umidim, har doim yorug‘ yo‘ling bo‘lsin – mavhum tushunchani shaxsiy va samimiy ifoda orqali erkalash shaklida yetkazadi.  \

Abstrakt tushunchalar bilan bog‘liq erkalash birliklari xalqaro lingvistik tendensiyalarga ham mos keladi. Masalan:

Arab tilida hayati (“hayotim”), qalbi (“yuragim”) kabi birliklar shaxsiy va ruhiy yaqinlikni ifodalaydi [17]

Turkiy tillarda bahtım, umudum kabi birliklar ayni funksiyani bajaradi va nutqda samimiylik, hurmat va mehr-muhabbatni mustahkamlaydi (Koshg‘ariy, XI asr, Devonu lug‘otit turk).

Shuningdek, zamonaviy o‘zbek tilida abstrakt tushunchalar asosidagi erkalatmalar ko‘pincha badiiy va adabiy matnlarda ishlatiladi. Bu birliklar mavhum tushunchalarni konkret va shaxsiy kontekstga yaqinlashtiradi, nutqga poetik ohang beradi va hissiy estetik funksiyani kuchaytiradi.

Lingvistik ahamiyati

Semantik funktsiya: abstrakt tushunchalarni shaxsiy va samimiy kontekstga o‘tkazish.

Pragmatik funktsiya: nutqda yaqinlik, mehr-muhabbat va ruhiy bog‘liqlikni kuchaytirish.

Estetik funktsiya: mavhum tushunchani poetik va obrazli tarzda ifodalash.

Shunday qilib, abstrakt tushunchalar bilan bog‘liq erkalash birliklari lingvistik, psixologik va madaniy kontekstlarda samarali vosita sifatida xizmat qiladi va insonlar o‘rtasidagi hissiy aloqalarni mustahkamlaydi.

“Mehrligim”, “popugim”, “hayotim” singari birliklar bilan erkalatmalarni davom ettirishimiz mumkin. Xuddi shunday erkalatmalar yaponlarda ham majud bo‘lib, ular ko‘pinchafarzandini “chiisanahana” (kichikgulim) deb erkalatar ekan  va bu   noziklik, go‘zallik, kamolot ramzi ifodalashi juda ham o‘ziga xosdir.[18] 

 

Xulosa. Erkalatma so‘zlar har bir xalqning: qadimiy dunyoqarashi, tabiat bilan munosabati, turmush tarzi, madaniy xotirasi bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbek xalqining erkalatish birliklari esa mehr, xushmuomalalik, beozorlik va ezgulik konseptlariga qurilgan. O‘zbek tilidagi erkalatma birliklar milliy-madaniy tafakkurning yorqin namunasidir. Ular nafaqat mehr ifodasi, balki avlodlar o‘rtasidagi hissiy meros, tarbiyaviy qadriyatlar va madaniy xotiraning til shaklida davom etishidir. Har bir erkalatma so‘z – bu xalqning dunyoni idrok etish tarzi, o‘z farzandiga munosabati va hayotiy falsafasining lingvistik ko‘rinishidir.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

 [1]  Lakoff R. Language and Womans’s Place. – New York: Harper Colophon Books, 1975. – PP. 5-64.

[2] Кунин А.В. Англо-русский фразеологический словарь. – М.: Русский язык, 1984. – С. 43-752

[3] Нишиниадзе Н.Ш. Ономасиологические исследование выражения категории ласкательности и    уничтожительности суффиксальными производными: Автореф. дис. ...канд. филол. наук. – Тбилиси: TибГУ, 1986. – 21 с.

[4] Merriam W. Merriam Webster’s Collegiate Dictionary. Eleventh Edition, – Massachusetts, USA: Incorporated Springfield, 2003. – 21 p.

[5] Roget’s Thesaurus of English Words and Phrases (105th Anniversary Eddition). – London: The Penguin Press, 2002. – PP. 888-889 

[6] Словарь русского языка. В 4-х т. (издание второе). – М.: Русский язык, 1984. Т. 4. – С. 593-594.

[7] Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 2 жилдли. – М.: Русский язык, 1981. Ж. 2. – 450 б.

[8] Karimov, S. Affektiv birliklarning lingvopsixologik xususiyatlari. Toshkent: Fan, 2018.

[9] Rahimova, D. O‘zbek tilida erkalatish va kichraytirish shakllari. Samarqand: SamDU nashriyoti, 2019.

[10] Vohidov E. Nido. – Toshkent G‘afur G‘ulom , 2017

[11] Turdiqulova, M. Turkiy xalqlarda erkalatish uslubi va uning tarixiy ildizlari. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2021

[12] ЛЕОНОВА Д.Ф. ЛАСКОВОЕ ОБРАЩЕНИЕ В КАЗАХСКОМ И РУССКОМ ЯЗЫКАХ

[13] Koshg‘ariy M. Devonu lug‘otit turk. I jild. – Toshkent: Fan, 2013. – “Ay” moddasi.

[14] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-jild. – Toshkent: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2006

[15] Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. –Toshkent G‘afur G‘ulom , 2023

[16] Abu Hayyan al-Andalusi, 12-asr; Lane, 1863

[17] (Lane, 1863; Abu Hayyan al-Andalusi, 12-asr)

[18] Nakamura, K. Japanese Terms of Endearment and Cultural Semantics. Tokyo: Mitsuba Press, 2017.

1
0
1

Information about the author

ID: 6953422767

Xolmamatova Sarvinozxon
  • Country

  • Speciality Filologiya

  • Academic degree Ilmiy darajasiz

  • Scientific title Ilmiy unvonsiz

Comments

Comments

Choose a value
Comments are blocked by the administrator

Comments can only be added by authorized users. Sign in Or Register