0
2 221
PDF

HOMELAND AS A VALUE IN THE POETRY OF THE 20TH CENTURY TURKISH PEOPLES

Abstract

Patriotism has been considered a value in all peoples and eras. In particular, representatives of modern literature of the Turkic peoples have widely and diversely addressed the theme of the homeland in their poetry. The article analyzes such poems

Keywords

Homeland, patriotism, idea, theme, poem, nation, value, geographical climate

Adabiyot, jumladan, turkiy xalqlar adabiyotidagi aks etgan oliy qadriyatlardan biri vatanparvarlikdir. Turkiy xalqlarning XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr she’riyatiga nazar solar ekanmiz, Vatan, millat kabilar ioliy qadriyat sifatida kuylanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu davr ijodkorlarining boshqa mavzudagi she’rlarida ham vatanparvarlik oliy qadriyat ekanligi sezilib turadi. Shoirlar bu mavzuda goh faxrlanib, goh kuyinib, goh hayratlanib, goh mushohada yuritib qalam tebratadi. Ularning nazdida Vatan otadek tabarruk, onadek mehribon. Ular yurtdan, eldan ayrilishni musibat deb biladi:

Faqat ketsam sendan yiroq, 

Boshga tushur achchiq firoq,

Hasratingda soch bo‘lur oq...

Bo‘g‘ar oylar, yillar meni,

Koyimasin ellar meni![i]

(Samad Vurgʻun)

Turk shoiri Fozil Husni Dogʻlarja esa «Yurt» she’rida togʻ-u toshlari qadrli boʻlgan vatandan ayrilishdek chorasiz dardiga onasidan chora topishni soʻraydi:

Togʻlar, toshlar boqar menga, 

Men bu yerdan ketolmayman.

Dardimga chora top, ona,

Men bu yerdan ketolmayman.[ii] 

Vatanning barcha gul-u daraxtlari, suvi, havosi lirik qahramon uchun qadrli, ya’ni vatan oʻz tabiati bilan qadriyat sifatida koʻrsatilgan. 

Yurtning, elning qoʻllovi Jamol Kamolga koʻra yetimlik dardini ham aritishga qodir:

 

Otam diydorini ko‘rolmadim men,

Onasiz o‘ssam-da, bo‘lmadim yetim.

Onam deb yerimga erkalandim men,

Otam deb elim-la iftixor etdim.

 

Ko‘rsatmasin, agar bir kun beomon,

Yerimdan, elimdan ayirsa hijron,

Boshimga yiqilgan yetimlik tog‘i

Yakson etar edi meni shu zamon...[iii]

Sakkizlik hasbi hol xarakterida bo‘lib, shoirning yetimlikda o‘tgan bolaligiga ishora qiladi. Bola ota-onasi bilan baxtiyor ulg‘ayadi. Bu baxtiyorlik Jamol Kamolga nasib etmagan. Ammo bag‘rikeng millati, Ona Vatani uni bu musibatdan yiroqlashtirib, unga baxtiyorlik hissini tuydirgan. Yurtdan va eldan ayrilganda yetimlik uni «yakson etar edi». Bu she’rda shoirning Vataniga, eliga muhabbati aytilmay turib, holat orqali ifoda etilgan. Vatandan, eldan yiroqlik uqubatini shoir «yetimlik tog‘i» birikmasi orqali anglata olgan, ya’ni holatni noodatiy tarzda aks ettirgan.

Turk shoiri Baxtiyor Genjamurod she’rida esa lirik qahramon vatan osmonidagi qora kunlarni oyog’iga sanchilgan tikan deb biladi. Ya’ni shoir uchun vujud va vatan bir tushuncha:

Yalang oyog‘imga sanchilsa tikan,

Tan og‘rib, qon ko‘pchib, ingranadi jon.

O‘zni sendan o‘zga sanamadim men,

Tanimsan, qonimsan, jonimsan, Vatan![iv]

Barcha xalqlarda boʻlgani kabi turkiy xalqlar she’riyatida ham vatanni ulugʻlash, uning tabiatidan zavqlanish, oʻtmishidan gʻururlanish oʻrinlari salmoqli. 

Atoqli ozar shoiri Samad Vurgʻun vatanini madh etarkan, Ozarbayjonning geografik qiyofasini kitobxon ko‘z o‘ngida akslantiradi:

Ko‘p oshganman bu tog‘lardan,

Turna ko‘zli buloqlardan,

Tinglaganman uzoqlardan

Sokir Oraz ishvakorni,

Sinaganman do‘st-u yorni.[v]

Inson qayerda tug‘ilib kamol topsa, o‘sha yer uning vatani. U yet tog‘ bolsa ham, bog‘ yoki cho‘l-u sahro bo‘lsa ham u bilan sevinadi, zavqlanadi. Jumladan, qozoq dashtliklarida yashagan O‘ljas Sulaymonov lirik qahramoni vatanini yantog‘I, dashti, otlarning change bilan sevadi, sig‘inadi:

Nebraskaga borar edim-u,

Sog‘inibman vatanni, ukam,

Unda ham shu manzara va shu…

Vatanimga qaytaman, ukam.

Unda aday dashti bor, azal

Yantoq o‘sar, chimchir sovuq ham,

Ot bor, chang bor! Juda ham go‘zal!

Vatanimga qaytaman, ukam…[vi]

Jamol Kamol ijodidagi «Eng buyuk tuproq», «Tun. Bog‘imda kezaman...», «O‘zbekiston tuni», «Buyuk trassa ilhomi», «Ufuqlar», «Tasavvur» kabi dastlabki she’rlarda Ona vatanning daryolari-yu kengliklari, tog‘lari-yu bog‘lari, tunlari-yu tonglari – barcha-barchasidan hayratlanish ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Jumladan, uning «Tasavvur» she’rida o‘qiymiz:

Hayrat – Shu muhtasham jahon hayrati,

Nolish – Shu jahonga tashna armondan.

Men avval entikib, bosib savlati,

Ko‘z uzmay turaman O‘zbekistondan.[vii]

Yosh shoir hali navqiron yigit – kitobxonga o‘git berishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Chunki uning o‘zi Vatanning, Vatan orqali dunyoning sir-u sinoatlarini bilishga mushtoq. Yurt tarixi esa juda qadim. Muqaddas qadamjolari, buyuk allomalari bisyor. Shularni «avval entikib» o‘rganishga kirishgan lirik qahramonni yurtning «savlati» bosadi. Ammo sir-sinoatlardan hayratlanib qolish shoirning maqsadi emas.

Turkiy xalqlar she’riyatida vatavparvarlik qadriyat sifatida baholanar ekan, bu she’riyat lirik qahramoni jon-jahdi bilan ona vatanini asraydi, himoya qiladi. Jumladan, Samad Vurg‘un ona yurtida chin do‘stlik, halollikni qadrlovchilar yashashini istaydi:

Azizi tutib, e’zozlaylik chin do‘stlikning qadrini biz,

Jon tikaylik bu do‘stlikka, qardoshlikka har birimiz.

Nomus qilsin o‘z kunidan maslaksizlar, qalbi ko‘rlar, 

Boqiy yashar bu vatanda pokdomon-u toza tamiz.[viii]

Jamol Kamol lirik qahramoni o‘zini Vatanning bilaklari kuchga to‘lgan, yurtning koriga loyiq o‘g‘loni deb biladi. Tomirlarida qon Jayhun – Amudaryo yanglig‘ jo‘sh uradi. Endi u hayrat-u g‘ayrat bilan qardosh ellarning ham yumushlariga yelka tutmoqchi: 

Sening osmoningdan sog‘inch bilan mast,

Qadrdon ellarga tashlasam nazar,

«O‘g‘lim!» – deb chaqirar mo‘ysafid Kavkaz,

«O‘g‘lim!» – deb chaqirar daryoyi Hazar...[ix]

Qayd etish kerakki, turkiy xalqlar she’riyatida lirik qahramon insoniyatni vatanparvarlikka, ezgulikka, ahilikka chorlar ekan, bu amallarni bajarishda o yurti bilangina cheklanib qolmaydi. Ya’ni vatan kengroq mohiyat kasb etib, qo‘shni va qardosh yurtlarni, qolaversa, butun yer sharini ona vatanidek himoya qilish lozimligin aytadi. Samad Vurg‘un:

Va yana insonning xayol sarvari

Uchar fazolar-u dengizlar sari.

Sen ey, saodatning go‘zal sahari,

Olqishla insonning orzuli yo‘lin,

Yetkaz Yer yuziga jasorat qo‘lin,[x] –

deya yer yuziga jasorat tilasa, Jamol Kamol lirik qahramonining tasvvuri uzoqlarga nigoh tashlab, Rus, Baltika, Bolqon o‘lkalari, Dnepr, Dunay daryolari, ulardan osha Istanbul, Parij, Qohira, Rim shaharlari va Atlantika okeanining posboni bo‘lishni istaydi. Shoir vatan so‘ziga yanada kengroq ma’nolarni yuklab, butun yer-u osmonni – borliqni «mening Vatanim», deydi:

Shu Osmon, Shu Zamin – mening Vatanim,

Shu Osmon, Shu Zamin – mening Xudoyim.

Bunda begona yo‘q, barchasi manim,

Mening Amerikam, mening Xitoyim!..[xi]

Shoir butun zaminni o‘z vatani deb biladi. She’rda ilgari surilayotgan fikr bugungi dunyoga qutqu solayotgan qutblashish, dunyoni bo‘lib olish, tarafkashlik, guruhbozlik siyosatiga qarshi zaruriy qalqon vazifasini o‘taydi. Insonning faqatgina o‘zi mansub bo‘lgan mamlakat tinchligini o‘ylashi, sarhadlardan tashqaridagi yurtlarning tashvishlariga bee’tibor bo‘lishi kaltabinlikdir. Shoir dono xalqimizning «Qo‘shning tinch – sen tinch» maqoli mohiyatida mavjud fikrni she’riyatiga singdiradi. Insoniyat uchun Yer shari umumiy ekan, muammolar ham yurtlarga ayro-ayro taqsimlangan emas. Insoniyatga ofat keltirayotgan ekologik, siyosiy va iqtisodiy muammolar bu fikrlarni to‘la tasdiqlaydi. Bu ofatlarga qarshi birgalikda, bahamjihat kurashish talab qilinadi. Va ayni damda barcha xalqlar baxtiyor yashashga haqli:

– Bashar avlodining barchasi – inson,

Vatan hammamizga – Shu buyuk Zamin![xii]

Shoir «Vatan» tushunchasining mohiyatini ochishda turli usullardan foydalangan. Jumladan, «Tasavvur» she’ridagi kabi Ona yurt orqali dunyoni vatan deb bilish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash lozimligi boshqa sakkizligida ochib berilgan. Ifodaning dialog orqali berilgani fikrning vaznga solinishida o‘ziga xoslikni ta’minlagan:

– Ona O‘zbekiston, sendan so‘rayman,

Nelarni o‘ylaysan Shu farahli tun?

– Jumla mamlakatga non bersam deyman,

Kiyintirsam deyman uni bus-butun…

Ozar shoiri Samad Vurg‘un ona xalqi baxtini qardoshlarning tinch va baxtiyor yashashisiz tasavvur qilolmaydi: 

Sensan, Vatan yorug‘ yuzim,

Tingla manim yurak so‘zim.

Qardoshlikda baxt yulduzing.

Gullay bergil dorilamon

Ozarbayjon, Ozarbayjon.[xiii]

Bunday she’rlarda lirik qahramonning Vatanga muhabbati ona ona yurti orqali jahonga muhabbat darajasiga ko‘tariladi, demakki, uning vatani sarhadlari kengayadi.

Turkiy xalqlar she’riyatida Vatan obraz darajasiga ko‘tarilar ekan, lirik qahramonning u bilan suhbatlashishi hamda Vatan tilidan uning insonga cheksiz mehrining ifodalanishi ta’sirchanlikni oshiradi. Shoirlar Ona vatanining, u orqali o‘z elining go‘zal ta’riflarini keltiradi: ular faqat ezgulik tarafdori, savob ishlarga qodir, mehrda tengsiz.

Yuqoridagi she’rlarda shoirlar Ona yurtida turib butun zaminga omonlik tilagan bo‘lsalar, ayrim she’rlarida, aksincha, jahonni dur bilib, Ona yurtni durdona deb biladilar. Ya’ni she’rlarda ifodada xususiylikdan umumiylikka, umumiylikdan xususiylikka nigoh tashlanishi bilan o‘zaro farqlanib turadi, ya’ni o‘z yurtini barcha yurtlardan azizroq biladi. Quyosh, osmon, zamin hamma yurt uchun bir, lekin lirik qahramon vatanning o‘z porloq quyoshi, o‘z musaffo osmoni, o‘z bebaho zamini bo‘lishini orzu qiladi. Yaxshi kunlar bo‘lganidek baxtsiz kunlar ham bor, albatta. Bunday she’rlar so‘ngida lirik qahramon vataniga yana ezgudiklarni sog‘inadi. Bayramlari ko‘p bo‘lishini, sohrolari, vodiylar-u daryolari nasib etishini so‘raydi:

Nurli-nurli ayyomlaring bo‘lib tursin,

Nasib etsin senga oltin sahrolaring,

Ovozingga to‘lib tursin, to‘lib tursin,

Yurtim, chaman vodiylaring, daryolaring…[xiv]

«Nasib etsin» jumlasi mustabidlik davri og‘riqlariga ishoradir. «Oltin sahrolaring» birikmasi ikki ma’nolilikni bergan: sarg‘ayib yotgan sahrolar, qimmatbaho sahrolar. Mustaqillik istagi «Ovozingga to‘lib tursin» birikmasi ko‘magida anglatilgan. Shoir Vatan tavsifida o‘zgalarga ergashmaydi, ifodasi o‘ziga xosdir. 

Shoirning boshqa sakkizligida esa tabiiy jarayonlar insoniy illatlarga ko‘chirilganligiga guvoh bo‘lish mumkin:

Ona Yer, har kuni olam ufqiga

Ko‘z yoshing oqizar bahri ummonlar...

Bahri ummon bo‘lib qo‘zg‘almas nega

Senga banda bo‘lgan tirik insonlar?

 

Ona Yer, ona Yer, boshingda tutun,

Bag‘ringdan otilar o‘tli vulqonlar...

O‘tli faryodingdan bir kunmas-bir kun

Tikka qo‘zg‘almasmi o‘lik insonlar?..[xv]

Bahri ummonlarda oqayotgan suv emas, Ona Yer ko‘z yoshlari, tutunli vulqonlar Ona Yerning bag‘ridan otilayotgan o‘tli ohlari. Ritorik so‘roq orqali insoniyatni sergaklikka, ogohlikka chorlanish bor. She’rda tajohuli orif san’ati orqali millatlararo nizolarga, shafqatsizlikka barham berilishi, da’vat etilishi, «o‘lik insonlar»ning uyg‘oqlikka chorlanishi alam bilan ifoda etilgan. Ya’ni lirik qahramon tilidan Vatanga, Ona sayyoraga mehrli bo‘lish borasida «suhbatdoshini o‘ziga fikrdosh qilish, o‘ziga nisbatan xayrixohlik, rozilik hislarini uyg‘otish maqsadida»[xvi] ritorik so‘roq qo‘llangan. «Tikka qo‘zg‘almasmi o‘lik insonlar?..» satrida «qiyomat» so‘zi qo‘llanmasa-da, dunyoning barbod bo‘lishi mumkinligiga, oxirzamon holatiga ishora bor. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Jamol Kamolning bunday she’rlariga xos jihatlardan biri shundaki, shoir bayon qilmaydi, aytmaydi, tasvirlash yordamida she’rxonida ma’lum xulosani yuzaga keltiradi.

Baxtiyorlik emas, balki o‘kinch ohangida, insoniyat tarixiga, hayotiga xos og‘riqli jihatlarni aytish orqali kitobxonda Vatanga muhabbat uyg‘otish g‘oyasi turkey xalqlarning bu mavzudagi she’riyatida ko‘plab uchraydi. 

Oq

Qora

Sariq

Butun insonlar qardoshim[xvii] –

deya insoniyatni totuvlikka undagan turk shoiri Nevzat Ustyun o‘zini dunyo tuprog‘ida ko‘kargan daraxt deb biladi. Lekin bu kabi «daraxt», ya’ni turkiyalikka zarra ozor yetqazilishiga («qonay ko‘rsa bir turkiyalikning barmog‘i») qarab turolmaydi:

Oti qayergacha borsa borsin

Javobgari menman.[xviii]

Turkiy xalqlar ijodkorlarining yuqorida tahlil etilgan she’rlarda o‘kinch taajjubli bo‘lsa,  quyidagisida kuzatishlar xulosasi sifatida jarang sochadi:

Seni yondirdilar, seni sotdilar,

Necha bor qatlingga ichdilar qasam.

Va lekin o‘zlari qonga botdilar,

Va lekin o‘zlari topdilar barham.

 

Turk shoiri Rifat Ilgazga ko‘ra vatandoshining Qora dengizni pisand qilmay, undagi balq ovidan zavq olmay tashlab ketishi una piyozni ezg‘ilab tutgandek tuyuladi. Piyozning achchiqligi inobatga olinsa, she’r lirik qahramoni bu holdan ko‘zida yosh bilan qalbi og‘rishini anglash mumkin:

O‘tib ketsang Bo‘g‘ozdan

Bir burda non izlab

Ezib yuborasan yer sharinqismingda piyoz kabi…[xix]

Fozil Husni Dog‘larja esa yurtning o‘kinchli dardlarini Marsdan kelgan odamga so‘zlaydi:

Istasang men senga o’z Vatanimdan

So’zlay ko’rgan-bilganimdan to’g’ri

Mana bu xasis boy mana bu ochko’z kimsa

Bunisi buzuq xotin u yodda qo’rqoq o’g’ri

Ko’rib turibsanki ahvolimiz yaxshimas sira[xx]

She’r beixtiyor Abdurauf fitratning «Mirrix yulduziga» se’rini yodga solidi. Fitrat ham o‘z yurtining dardlarini Mirrix – Marsga to’kib slogan. Mars mifologik tasavvurga ko‘ra urush homiysi. Fitrat va Dog‘larjaning o‘tli ohlari oldida Marsdagi olovli po‘rtanalar ham ojiz.

Vatan sanalmish ona Zaminni qonga botirganlar aslida o‘zlariga qasd qilgan bo‘ladilar. Shoirning sakkizliklari ixcham shaklda jahon taqdiriga daxldor muhim xulosalarni bir el she’rxoniga emas, insoniyatga uqtiradi.

Sen esa jahonda sobitsan hamon,

Sobitsan, vatanlik sharafing oqlab.

Kelganlar holiga boqasan hayron,

Ketganlar yodini yodingda saqlab...[xxi]

(Jamol Kamol)

She’rning birinchi bandi o‘tmishning ixcham ko‘zgusi. U tafsilotlarsiz, yirik davrni qamrovchi umumlashma chizgilardan iborat. Bosqinchilar va fitnakorlar xiyonatchilar ko‘magi bilan Buxoro, Urganch, Samarqand kabi shaharlarga o‘t qo‘ygani, Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat singari yurt fidoyilari sotqinliklar qurboni bo‘lganligiga tarix guvoh. Biroq Kayxusravdek bosqinchilar va sotqinlarning o‘zlari qonga bo‘ktirildi. Jumladan, Qoracha Hojib 1219 yilda Chingizxon O‘trorga bostirib kelishida[xxii], Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonda barpo etgan davlatining tanazzulida[xxiii], shuningdek, Sulton Jaloliddinga qarshi ukasi G‘iyosiddin Pirshoh[xxiv], bosh vazir Sharofulmulk[xxv]larning qilgan xiyonatlari tariximizning qora sahifalaridir. Ammo ona yurt taraqqiyotda davom etmoqda. Ta’kidlaymizki, yuqoridagi satrlarni o‘qib, o‘zbek she’rxoni shunday xulosa qiladi. Ammo bu sakkizlikni o‘qigan har bir xalq o‘z tarixiga bog‘liq shunday holatlarni ko‘z o‘ngidan o‘tkazadi. Chunki she’r umuminsoniy mavzuni ko‘tarib chiqa olgan. 

Vatandan ayro yashab yurt sog‘inchi kuylangan she’rlar turkey xalqlar adabiyotizda ko‘plab uchraydi. Zahiriddin Muhammad Boburning:

Bu Hind eri hosilidin ko‘p ko‘ngil oldim,

Ne sudki, bu er meni dilgir qilibtur.

 

Sendin bu qadar yiroq o‘lmadi Bobur,

Ma’zur tut, ey yorki, taqsir qilibtur[xxvi], –

tarzidagi baytlarini yodga keltiring. Yoki Furqatning:

Manam sho‘rida bulbul bo‘stonidin adashganman,

Yuzi gul, qomati sarvi ravonidin adashganman,

Dilim hajri-la qondur dilsitonidin adashganman,

G‘aribi ko‘yi g‘urbat xonumonimdin adashganman,

Va yo bir murg‘i vahshiy oshyonidin adashganman[xxvii], –

singari misralarida Vatanga intilayotgan lirik qahramonning dardli holati tasvirlangan. Jamol Kamolning quyidagi sakkizligi ham ayni Shu – Yurt sog‘inchi mavzusida. Turli o‘lkalarni kezib zavq olarkan, lirik qahramon tog‘larni oshganda Yurti unga tog‘lardan-da baland, dengizlarga boqqanida esa ufqdan-da olis yulduz, ammo yoniq yulduz bo‘lib ko‘rinadi. 

Yurdim sayohatlar sehriga qonib,

Dengizlarda suzdim, bitdi armonim.

Dengiz ufqida ham yulduzday yonib,

Sen menga ko‘rinding, O‘zbekistonim...[xxviii]

Rifat Ilgaz ham Turkiya tabiatining zavqli kartinalarini chizish orqali yurtni tashlab ketgan vatandoshi qalb muzlarini eritishga, ona yurtning qadriga yetishga chorlaydi:

Sen oppoq uskurum balig‘ini sog‘inarsan

Chunki ko‘z ochgansan po‘yroz shamolida

Lados shamolida ulg‘aygansan chag‘alaylar bilan

Ko‘z o‘ngingda miltirar Keremiye va Sinop mayoqlari,[xxix] – 

Mazkur she’rlar Bobur va Furqat she’rlariga esh mavzuda bo‘lsa ham shakl va uslubda ulardan ajralib turadi. 

Xullas, turkiy xalqlar zamonaviy she’riyatini kuzatgan o‘quvchi unda Vatan qadriyat sifatida kuylanganligiga amin bo‘ladi. Ijodkorlar bu mavzuda turli janrlarda qalam tebratganlar va janr tabiatidan kelib chiqib, ba’zan Vatanni ta’riflasalar, ba’zan u bilan muloqotga kirishadilar, ba’zan o‘kinsalar, ba’zan u bilan g‘ururlanadilar. 

Shoirlar ijodining dastlabki namunalarida Vatan va uning tabiatidan hayratlanish kuzatilsa, ular ijodining keyingi davrlariga xos she’rlarda mavzuga falsafiy mushohada yuritish bilan yondashilgan. 

 


 


[i]Самад Вурғун. Юракдаги шеър. Т.: ҒАСН, 1978. – Б. 8. 

[ii] Ҳозирги замон турк шеърияти. Т.: ҒАСН, 1980. – Б. 76. 

[iii] Жамол Камол. Сайланма. VII жилдлик. I жилд. – Т.: Янги аср авлоди, 2018. – Б. 249.

[iv] Baxtiyor Genjamurod. Yurakning o‘rtli osmoni. – T.: Adabiyot, 2021. – B. 3. 

[v] https://kh-davron.uz/kutubxona/multimedia/samad-vurgun-sherlar.html

[vi] Ўлжас Сулаймонов. Айланайин. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1987. – Б. 19.

[vii] Жамол Камол. Сайланма. VII жилдлик. I жилд. – Т.: Янги аср авлоди, 2018. – Б.73.

[viii]Самад Вурғун. Юракдаги шеър.  – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1978. – Б. 14.

[ix] Жамол Камол. Сайланма. VII жилдлик. I жилд. – Т.: Янги аср авлоди, 2018. – Б.73.

[x] Самад Вурғун. Юракдаги шеър.  – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1978. – Б. 43.

[xi] Жамол Камол. Сайланма. VII жилдлик. I жилд. – Т.: Янги аср авлоди, 2018.  – Б.74.

[xii] Ўша жойда.

[xiii] https://kh-davron.uz/kutubxona/multimedia/samad-vurgun-sherlar.html

[xiv] Жамол Камол. Сайланма. VII жилдлик. I жилд. – Т.: Янги аср авлоди, 2018. – Б. 172.

[xv] Ўша китоб. – Б. 231.

[xvi] Абдураҳмонов Ғ. ва бошқ. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Т.: Ўқитувчи, 1979. – Б. 31.

[xvii] Ҳозирги замон турк шеърияти. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1980. –Б. 130.

[xviii] Ўша жойда.

[xix] Ҳозирги замон турк шеърияти. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1980. –Б. 115.

[xx] https://kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/fozil-husni-doglarja-sherlar.html

[xxi] Жамол Камол. Ўша китоб. – Б. 237.

[xxii] Muhammadjonov A. O‘zbekiston tarixi (7-sinf uchun maktab darsligi). – T.: Sharq, 2017. – B.67.

[xxiii] O‘sha kitob. – B. 74.

[xxiv] O‘sha kitob. – B. 76.

[xxv] O‘sha kitob. – B. 77.

[xxvi] Бобур. Танланган асарлар. – Т.: Ўқитувчи, 1976. – Б.51.

[xxvii] Фурқат. Танланган асарлар. II томлик. II том. – Т.: ЎзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти, 1959. – Б. 75.

[xxviii] Жамол Камол. Ўша китоб. – Б. 243.

[xxix]Ҳозирги замон турк шеърияти. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги адабиёт ва санъат нашриёти. 1980. –Б. 115.

 

2
0
2

Information about the author

ID: 3081211984

Hakimov Munisjon
  • Country Uzbekistan

  • Speciality Filologiya

  • Academic degree Fan nomzodi (falsafa doktori-PhD)

  • Scientific title Ilmiy unvonsiz

Comments

Comments

Choose a value
Comments are blocked by the administrator

Comments can only be added by authorized users. Sign in Or Register