0
2 272
PDF

SCIENTIFIC STUDY, PROTECTION AND PROMOTION OF MAKOM AND BAKHSHICHILIK WILL BE FURTHER DEVELOPED

Abstract

In this article, Decision No. 405 announced on December 25, 2023 by the President of Uzbekistan “On additional measures related to protection of intangible cultural heritage, development of scientific study and promotion” in order to further accelerate the large-scale work carried out to preserve and increase the rich intangible cultural heritage of the country and issues related to protection, scientific study and further development of promotion of makom (national singing style) and art of bakhshichilik (national singer) were scientifically analyzed.

Keywords

folklore, makom, bakhshi, research, knowledge, value, intangible cultural heritage, performing arts, ancient musical instruments, katta ashula.

Author

ASATILLO SUNNATILLAYEV, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i.

MAQOM VA BAXSHICHILIK SAN’ATINI MUHOFAZA QILISH, ILMIY O‘RGANISH VA TARG‘IB QILISH YANADA RIVOJLANTIRILADI

 

ASATILLO SUNNATILLAYEV,

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti 

Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik

 kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i. 

 

O‘zbek xalqining ko‘hna va boy musiqa san’ati juda qadimiy va serqirraligi bilan Sharq xalqlari madaniyati orasida alohida о‘rin tutib kelgan. Uning hozirgi davrga kelib mavqei buyuklashgani, behisob merosga ega bо‘lganligining asosiy sababi, bu – uning bevosita  xalq ijodiyoti bilan bog‘langanligidir. О‘zbek xalqining ma’naviyati buyuk, uning tili va adabiyoti, san’ati, musiqiy merosi bunga yorqin misoldir. Shu bois о‘zbek mumtoz musiqa an’anasi, ijrochiligi dunyo miqyosida о‘zining buyukligi bilan ajralib turadi.

O‘zbek mumtoz musiqa san’ati olamining oltin xazinalari cheksiz va dunyodagi eng qadimiylardandir. Aytish mumkinki, biz bugun “Shashmaqom” deya atab, e’zozlayotgan boy mumtoz musiqamiz shakllanishi, takomillashuvi, umuman taraqqiyoti qadim davrlarda boshlangan. Dastlab o‘n ikki maqom, keyinchalik esa “Shashmaqom” shaklidagi bu merosning asosi yetuk bastakorlar, sozandayu xonandalar tomonidan bunyod etilgan va takomiliga yetkazilgan. Shu o‘lmas mumtoz asarlar xalqimiz o‘rtasida professional va havaskor sozandalar, xonandalar ijrosida doimo yangrab, asrlardan-asrlarga, ustozdan shogirdlarga o‘tib, mukammallashib, sayqal topib, boyitilib bizning davrimizgacha yashab keldi va xalqimizning bebaho mulkiga aylandi.

Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyada nomoddiy madaniy merosga quyidagicha ta’rif berilgan.  Nomoddiy madaniy meros bu - tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan urf-odatlar, xalq ijodiyoti (so‘z, raqs, musiqa, tomosha san’ati), o‘ziga xoslikni ifodalash shaklllari, bilimlar va ko‘nikmalarni, shuningdek, ular bilan bog‘liq jihozlar, predmetlar, artafektlar va madaniy makonlarni aks ettiradi. Endi ushbu iboraning tilimizga kirib kelish tarixi to‘g‘risida bir oz to‘xtalib o‘tamiz. 

Dunyo miqyosida nomoddiy madaniy meros va uning muhofazasi masalalari YUNESKOning 1989-yildagi “An’anaviy madaniyat va folklorni muhofaza qilish” bo‘yicha Tavsiyalaridan boshlandi. 1994-yildan milliy tizimlar (davlatlar) tomonidan nomoddiy madaniy merosni o‘zida saqlovchi va boshqalarga yetkazuvchilarning rasman tan olishini va ular tomonidan ushbu merosning kelgusi avlodga yetkazilishiga ko‘maklashish maqsadida “Insoniyatning yashovchi (tirik) durdonalari” Dasturi boshlandi. YUNESKO tomonidan 2003-yil 17-oktabrda “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish” to‘g‘risidagi Konvensiya, 2005-yil 20-oktabrda esa “Madaniy ifoda shakllarining turfa xilligini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash” to‘g‘risida Konvensiyaning qabul qilinishi ushbu iboraning to‘laqonli iste’molga kirib kelish jarayonini yakunladi.

Mazkur Konvensiyaning O‘zbekistonda ratifikatsiya qilinishi bo‘yicha harakat 2005-yildan boshlangan edi. Konvensiya har tomonlama o‘rganib chiqilishi natijasida tegishli takliflar tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasi orqali Oliy Majlisga kiritildi va buning oqibatida 2007-yil dekabr oyida “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish” Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Xalqaro normalarga ko‘ra, ratifikatsiya hujjatlari taqdim etilgandan olti oydan keyin, ya’ni 2008-yil 29-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaning ishtirokchi-davlatiga aylandi.

Xalqaro hujjatlarni qabul qilish qoidalariga asosan O‘zbekistondagi mavjud qonunchilikdagi nomoddiy madaniy meros bilan bog‘liq masalalar qayta ko‘rib chiqilishi va lozim bo‘lgan hollarda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi zarur edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik Palatasi boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, 2001-yilda qabul qilingan “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Ushbu takliflar Oliy Majlisning Senatida ham o‘rganib chiqildi va oxir oqibat 2009-yilning 9-oktabrida “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida” O‘RQ-228-sonli Qonuni qabul qilindi.

2010-yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nomoddiy madaniy merosni muhofazasiga bag‘ishlangan Davlat dasturini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus Farmoyishi e’lon qilindi va 2010-yil iyun oyida ushbu Davlat dasturining loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. 2010-yilning 7-oktabrida Vazirlar Mahkamasining “2010-2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 222-sonli qarori qabul qilindi.

Shu tariqa, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish masalalari milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topdi. Xalqaro Konvensiya va milliy qonunchiligimizda aks ettirilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish shu sohaga ixtisoslashgan tashkilot va muassasalar va ulardagi mutaxassislarning zimmasiga yuklandi.

O‘tgan yillar davomida Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi muassasalar va ulardagi mutaxassislar, soha vakillari, olimlarimiz tomonidan bajarildi, bir qator ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublikamiz bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, o‘rganilgan nomoddiy meros namunalari ro‘yxati shakllantirildi. Hali ilmiy jihatdan to‘liq o‘rganilmaganlari aniqlab olindi. Bu jarayonda har bir viloyatga xos nomoddiy madaniy merosni o‘zida saqlovchi va yetkazuvchilar ro‘yxatga olindi. Ular bilan joylarda uchrashuvlar o‘tkazib, faoliyat turlariga aniqlik kiritildi. Nomoddiy madaniy meros namunalarining mahalliy ro‘yxatlari tuzildi. Bebaho xazina ijro san’ati, maqom va baxshichilik san’ati,  an’anaviy hunarmandlik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar, jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari, o‘zlikni namoyon etishning og‘zaki shakl va an’analari, tabiat va koinot bilan bog‘liq bilim va urf-odatlar, ularning aksariyati insoniyatning boyligi sifatida YUNESKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Maqom ijrochiligi va baxshichilik san’ati bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, maqom ijrochiligi va baxshichilik san’ati bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari va an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati instituti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.  

Maqom va baxshichilik san’ati ajdodlardan biz avlodlarga o‘tib kelayotgan boy xazina. Uni asrab avaylash va bugungi kun yosh ijodkorlari uchun o‘z aslicha hech bir ziyonlarsiz yetkazib bera olishimiz shart. Buning uchun esa avvalo o‘zimiz bu oltin san’atning tub mazmunini anglashimiz, undagi sehrli jilolaru, qalblarni titratuvchi ohanglarni aynan asl holicha tushunmog‘imiz va ijro etmog‘imiz kerak. Aks holda o‘zimiz to‘laqonli anglab yetmagan tushunchani yosh avlodga yetkazgudek bo‘lsak bu durdona san’atga bo‘lgan bizning o‘quvsizligimiz va hurmatsizligimiz bo‘lib qolishi mumkin.

 So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at, ilm-fan sohasini yanada rivojlantirish maqsadida qator Farmon va qarorlar qabul qilinmoqdaki, bu amalda keng imkoniyatlar eshigini ochib, ijodiy yutuqlar, xalqaro miqyosdagi e’tiroflarga zamin yaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatning boy nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash va ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida, 2023-yil 25-dekabrda    “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 405-son Qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni, xususan, maqom va baxshichilik san’atini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish hamda milliy qadriyatlarimizni keng namoyon etish bilan bog‘liq faoliyatni yanada takomillashtirish, shuningdek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda uning namunalarini aniqlash, ro‘yxatlarga kiritish, raqamlashtirish, targ‘ib qilish va saqlash;

maqom va baxshichilik san’atini muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, targ‘ib qilishni yanada rivojlantirish;

nomoddiy madaniy merosning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan namunalarining, shuningdek, merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya doirasida xalqaro ro‘yxatlarga kiritilishiga erishish;

nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspeditsiyalari tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, fundamental va maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlash;

nomoddiy madaniy merosning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan namunalarining, shuningdek, merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya doirasida xalqaro ro‘yxatlarga kiritilishiga erishish;

nomoddiy madaniy merosni doimiy ravishda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish maqsadida respublika va xalqaro miqyosda etnofolklor ekspeditsiyalari tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, fundamental va maqsadli grantlar ajratilishini ta’minlash;

nomoddiy madaniy meros ta’limning barcha bosqichlarida o‘rganilishini tashkil etish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash.

Shuningdek, qaror bilan taniqli baxshilar ishtirokida folklor teatrlashtirilgan tomoshalar sahnalashtiriladi va ularning respublika teatrlarida namoyish etilishi tashkil qilinishi, xalq dostonlari va ertaklar asosida bolalar uchun multfilmlar yaratilishi, qolaversa, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi va uning asosiy vazifalari ham tasdiqlandi.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy baza, institutsional tizim va madaniyat muassasalari faoliyatini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish hamda ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy xulosa va takliflar tayyorlash;

xalqimizning ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirish, yurtdoshlarimizni milliy madaniyatimiz va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan keng bahramand etish, jamiyatning madaniy-esteti

ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish;

madaniyat tashkilotlari, jumladan, madaniyat markazlari, teatrlar, sirk muassasalari, konsert tashkilotlari, madaniyat va istirohat bog‘larining faoliyatini, shuningdek, madaniy-ommaviy, konsert-tomosha, gastrol tadbirlari, xalq ijodiyoti, badiiy hunarmandchilik, amaliy san’at turlari hamda xalq o‘yinlarini ilmiy o‘rganish va ularni ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash;

madaniyat, san’at, badiiy ijod, madaniyatshunoslik hamda nomoddiy madaniy meros sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, etnofolklor ekspeditsiyalarini uyushtirish, sohada innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llash, shuningdek, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy va amaliy grant loyihalarini amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasida nomoddiy madaniy meros muhofazasini tashkil etishning nazariy va ilmiy metodologik asoslarini yaratish;

mamlakatimiz hududlaridagi nomoddiy madaniy meros elementlarining milliy ro‘yxatini yuritish, hujjatlashtirish, muhofaza va nazorat qilish, bu yo‘nalishda davriy hisobotlarning tayyorlanishi va doimiy ravishda yangilab, to‘ldirib borilishini ta’minlash, ularning namunalarini umume’tirof etilgan xalqaro ro‘yxatlarga kiritish uchun tegishli hujjatlarni ishlab chiqish;

aholi o‘rtasida, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda nomoddiy madaniy merosni keng targ‘ib qilish, ommalashtirish hamda bu sohada ilmiy asoslangan uslublarni ishlab chiqish;

ta’limning barcha turlari uchun nomoddiy madaniy meros sohasi bo‘yicha ta’lim standartlari va fan dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, shu jumladan, audio, video va elektron darsliklar, onlayn darslar hamda boshqa turdagi ilmiy-metodik materiallarni tayyorlash.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida etnofolklor laboratoriyasi tashkil etilib, unda quyidagi vazifalar belgilanmoqda:  

yo‘qolib ketgan noyob nomoddiy madaniy meros namunalari va ular bilan bog‘liq bo‘lgan asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlarni qayta tiklash;

nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib borishi va kelajakdagi holatini modellashtirish;

nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarida to‘plangan materiallarni texnologiyalar o‘zgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga o‘tkazib borish hamda audiovizuallashtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.

institutga 2024-yildan boshlab har yili to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida tayanch doktorantura uchun kamida 3 tadan, stajyor-tadqiqotchilik uchun kamida 2 tadan kvota ajratiladi.

nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish, xususan, maqom va baxshichilik san’ati bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi tanlovlar asosida shakllantiriladi.

2024-yildan boshlab har yili madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik san’ati bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan ilmiy xodimlar xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladi. 

Qayd etilishicha, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladigan nomzodlar pedagogik-ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan, magistrlik darajasiga ega bo‘lgan iqtidorli va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasida ochiq tanlov asosida saralab olinadi. Xorijga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuborish bilan bog‘liq xarajatlar esa “El-yurt umidi” jamg‘armasiga xorijda doktoranturada taʼlim olish dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Qarorga muvofiq, 2024 - 2026-yillarda nomoddiy madaniy merosni ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha fundamental va maqsadli grantlar bo‘yicha davlat buyurtmalari rejasi tasdiqlandi, unga ko‘ra:

Fundamental va maqsadli grantlar bo‘yicha: (O‘zlikni namoyon qilishning og‘zaki shakl va an’analar, baxshichilik namunalari)

 “Alpomish” dostoni (2024-2025-yillar);

 “Go‘ro‘g‘li” dostoni (2024-2025-yillar);

 “Go‘ro‘g‘li” turkumidan “Oltin qaboq” dostoni (2025-2026-yillar);

 “Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostoni (2025-2026-yillar)

Ijrochilik san’ati bo‘yicha: (musiqa, raqs va xalq tomosha san’ati) 

 Ko‘hna cholg‘ular ijrochiligi hamda uning tarixiy ahamiyati (2024-2025 yillar); 

 Katta ashula va Farg‘ona askiyasi ijrosi (2024-2025-yillar) 

 O‘zbek va qoraqalpoq xalq raqs san’atining o‘ziga xos xususiyatlari va tarixiy takomili (2024-2026-yillar) kabi maqsadli ilmiy-amaliy grant lohiyalari bajarilishi belgilangan.

Nomoddiy madaniy merosning alohida namunalarini ilmiy-amaliy asosda kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish rejasiga ko‘ra quyidagilar:

Maqom san’ati - O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti, Munojat Yo‘lchiyeva, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Soyibjon Begmatov, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Otanazar Matyoqubov; 

Katta ashula - O‘zbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibragimov, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Rustam Abdullayev;

Baxshichilik san’ati - O‘zbekiston xalq baxshisi Qaxxor Rahimov, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov, filologiya fanlari doktori, professor Shomirza Turdimovlar ushbu yo‘nalishlarni ijodiy va amaliy rivojlantirish va ilmiy tadqiq etishga mas’ul etib belgilangan. 

Qarorga muvofiq, O‘zbek xalq dostonlarining jonli ijrodan yozib olingan namunalarihamda “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik to‘plamini nashr etish ishlari yakuniga yetkaziladi.

2024-yildan boshlab, har yili mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillarini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilishi, 2024-yil 1-oktabrga qadar “Qadriyat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi hamda tegishli elektron xizmatlar va manbalar bilan integratsiya qilininishi belgilab qo‘yilmoqda.

“Qadriyat” elektron platformasida: 

nomoddiy madaniy merosni, shu jumladan maqom va baxshichilik san’ati namunalarini o‘zida saqlovchi va yetkazuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ularning ro‘yxati;

nomoddiy madaniy merosni, jumladan maqom va baxshichilik san’ati namunalarini elektron hujjatlashtirish, hisobini yuritish va ular haqidagi materiallar, matn, foto va boshqa audiovizual asarlar;

sohaga oid xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar, mahalliy va xorijiy etnofolklor ekspeditsiyalari materiallari, xalqaro ro‘yxatlarga kiritilgan nomoddiy madaniy meros namunalari haqidagi batafsil ma’lumotlar joylashtiriladi hamda muntazam ravishda yangilab borililishi belgilanmoqda.

Qarorga asosan, nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash-o‘rgatish-tiklash-ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantirilishi, nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi sohani yangi bosqichga olib chiqishda ahamiyatlidir.

Ishonamizki, mazkur qaror nomoddiy madaniy merosimiz, qolaversa maqom, baxshichilik san’atining ilmiy-amaliy jihatdan yanada rivojlanishiga, qarorda belgilangan asosiy vazifalar esa ushbu sohani yanada taraqqiy etishiga turtki beradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 405-son Qarori.

2. Sayfullayev B., Yo‘losheva S., Eshonqulov J., Ashirov A., Toshmatov O‘. Nomoddiy madaniy meros – folklor ijro san’ati an’analari. O‘quv qo‘llanma. - T.: Navro‘z, 2017. 216 b.

3. O‘zbek milliy folklor san’ati va etnomadaniy qadriyatlar. O‘quv qo‘llanma. - T.: Navro‘z, 2014.

4. Toshmatov O‘., Isakulova N. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishning huquqiy asosalari. T.: Fan, 2014.

0
0
0

Information about the author

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Country Uzbekistan

  • Speciality Iqtisodiyot

  • Academic degree Fan doktori (DS)

  • Scientific title Ilmiy unvonsiz

Comments

Comments

Choose a value
Comments are blocked by the administrator

Comments can only be added by authorized users. Sign in Or Register