0
973
PDF

AYNIY TADQIQOTLARIDA NAVOIYNING FORSIY MEROSI HAQIDA

Abstract

Ayniy mutafakkir shoir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi xususida ko‘plab tadqiqotlar yaratgan. Uning ilmiy merosida foniyshunoslik, ya’ni shoirning forsiy merosi alohida qiymatga ega. Maqolada navoiyshunoslikda Ayniyning muhim rolidan bahs yuritilgan.

Keywords

matn, irfon, tabdil, sharh, devon, g‘azal, muammo, Xamsa, qo‘lyozma.

Author

Maftuna Shomurodova, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi

AYNIY TADQIQOTLARIDA NAVOIYNING FORSIY MEROSI HAQIDA

 

Maftuna Shomurodova,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tadqiqotchisi

 

Sadriddin Ayniy ijodiy merosi rang-barangdir. Hatto uning ilmiy ijodining mavzu ko‘lami ham hayratlanarli darajada keng. Bu adibning diniy, tarixiy manbalarni, irfoniy va devon adabiyotini, jumladan, zamonaviy hamda xorij adabiyotidan chuqur xabardor bo‘lganligidan darak beradi. Ayniy – shoir, yozuvchi, tarjimon, tarixchi, olim, dinshunos va hok. Hatto ilmiy tadqiqotlarining mavzu doirasi ham sharqu g‘arb, mumtoz va muosir adabiyotini qamrab oladi. Ammo olimning navoiyshunosligi nafaqat ayniyshunoslikda, balki adabiyotshunoslikda alohida hodisa sanaladi. Ayniy yoshlik yillarini eslaganda, otasi Saidmurodxo‘ja tomonidan ko‘chirilgan Navoiyning tanlangan g‘azallaridan iborat devoni borligini va u uchun eng qadrli ekanini ta’kidlaydi. Keyinchalik madrasa ta’limida bo‘lgan yillarida Sadri Ziyoning boy kutubxonasidan foydalana olish imkoniyati yana bir odimga Ayniyni Navoiyga yaqinlashtiradi. Chunki u yerda nodir qo‘lyozmalar bilan bir qatorda Navoiyning: “Devoni Navoiy”[1], “Sabba’i sayyor(parcha)”, “G‘azaliyoti Navoiy“G‘aroyib us-sig‘ar”, “Xamsat at- muttaxayyirin”, “Hayrat ul-abror” kabi bizga ma’lum, hozirda O‘zbekiston Respublkasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan kitoblari mavjud bo‘lgan. 

Dastlab Sadriddin Ayniy Navoiy ijodi haqida “Namunai adabiyoti tojik” (1926) tazkirasida ma’lumot keltirgan. Ushbu kitobning birinchi bobida 44-raqam ostida “Nizomiddin Amiri Alisheri Navoy” nomi (Az Davlatshohiy) “Tuhfat ul-afkor” qasidasidan 13 bayt ( 26 misra) keltiradi. Bundan tashqari, Jomiy “Bahoriston”[2] idan Navoiyning uch forsiy ruboiysini olgan[3], jumladan: 

Insof bideh yey falaki minofom,

To z-in du kadom xubtar kard xirom?

Xurshedi chahontobi tu az ҷonibi subh, 

Yo mohi ҷahongardi man az ҷonibi shom.[4]

Ayniy tazkiradagi materiallarni hassos bir adabiyotshunos nuqtai nazari bilan tanlagan. Bu Alisher Navoiy merosidan tanlangan parchalarda ham yaqqol ko‘rinadi. Tazkirada Xoja Fazliy Devon va Xoja Ubaydullohi Marvorid nomiga yozilgan forsiy maktubi ham keltirgan. Adabiyotshunos Abduqodir Hayitmetov Ayniyning ushbu amaliy ishi orqali: “O‘tgan asarning yigirmanchi yillarida o‘zbek adabiyotshunoslari orasida: “Navoiy biz uchun kerakmi yoki kerak emasmi?” – degan masala yuzasidan bahs borar ekan, Sadriddin Ayniy 1926 yili tuzgan “Namunai adabiyoti tojik” tazkirasiga Navoiyni ham kiritib, uning faqat o‘zbek adabiyotining emas, balki fors-tojik adabiyotining ham buyuk namoyondasi ekanini ko‘rsatgan va yuqoridagi mantiqsiz zararli bahsga amaliy javob bergan edi”[5], - Ayniyning navoiyshunoslikdagi ulkan xizmatini xolis va to‘g‘ri baholagan edi. Tan olish kerakki, Sadriddin Ayniy o‘sha davrdagi murakkab adabiy va siyosiy jarayonlarga qaramay yangi navoiyshunoslikning sarkori sifatida maydonga chiqdi. Ayniy Navoiy ijodiyotini o‘rganish yo‘lida bir qancha ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi, chunonchi: 1938-yilda Navoiy tavalludining besh yuz yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilishi munosabati bilan “Mir Alisher Navoiy” nomli maqolasi “Tochikistoni Surx” gazetasida 1938-yil, 29-30-dekabr sonida; “Gazetai muallimon”da 1939-yil, 1-9 yanvar sonlarida chop etiladi. Muallifning “Alisher Navoiy” degan xiyla batafsil yozilgan maqolasi esa 1941-yilda “Sharqi Surx” jurnalining bir necha sonlarida ketma-ket bosiladi. 

Ayniyning navoiyshunoslikdagi ulkan hissasi matnshunoslik bilan bog‘langan bo‘lib, 1940-yilda Alisher Navoiy “Xamsa”sini birinchilardan bo‘lib muxtasar, ommabop shaklda bosmaga tayyorlagan, unga so‘zboshi hamda izohli lug‘at tuzib o‘sha yili lotin alifbosida nashr ettirdi. Bu kitob 1947-yilda ikkinchi marta kiril alifbosida chop etildi va bu o‘zbek madaniy va adabiy hayotida katta voqea bo‘ldi. Abduqodir Hayitmetov “Zabardast navoiyshunos” nomli maqolasida Ayniyning navoiyshunoslik evolyusiyasini shunday belgilagan edi: “Alisher Navoiy va tojik adabiyoti” maqolasi ham qisqartirilgan shaklda gazetalarda chop etiladi, keyin esa to‘la ravishda 1948- yili “Ulug‘ o‘zbek shoiri” to‘plamida bosilib chiqdi[6]. Ustoz Ayniyning ulug‘ shoir hayoti va faoliyati bo‘yicha 30-40-yillar davomida tinimsiz olib borgan izlanishlari “Alisher Navoiy” nomli salmoqli hajmdagi monografiyasini yaratish bilan yakunlangan edi”. Olimning “Alisher Navoiy va tojik adabiyoti” nomli tadqiqoti Tojikistonda nashr etilgan. Ayniy maqolada Alisher Navoiyning tojikcha taxallusi, Navoiyning tojikcha devoni, “Mufradot” asari, Navoiyning tojik tilida yozdirgan asarlari, O‘sha zamondagi tojik ijodkor yoshlarining o‘sishiga Alisherning yordami, Navoiyning tojik adabiy merosi kabi muhim jihatlarga e’tiborini qaratadi.

Ayniy Alisher Navoiyning fors-tojik adabiyoti ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini fors-tojik adabiyotining bir bilimdoni sifatida birma-bir yoritadi. Jumladan, Alisherning taxalluslari haqida so‘z yuritib “o‘zbekcha asarlarida “Navoiy”, fors tojikcha she’rlarida “Foniy” taxallusini qabul etgan, shuning bilan barobar ba’zi o‘zbekcha asarlarini “Foniy” va ba’zi tojikcha she’rlarini “Navoiy” taxallusi bilan ham yozgan”ligini yana bir bor eslatib o‘tadi. Shunga monand “Lison ut-tayr”ni yozishda “Foniy” taxallusini munosib ko‘rgan deydi. Olim ulug‘ shoirning tojikcha she’rlari “Devoni Foniy” nomi bilan mashhurligini va mazkur kitob olti ming bayt (12 ming misra)ni o‘z ichiga olganini G‘iyosiddin Xondamirning “Makorimul-axloq” nomli kitobi va Navoiyning yosh zamondoshi Zahiriddin Bobur mirzoning “Boburnoma” siga tayanib aytadi. Shoirning Jomiyga bag‘ishlab yozilgan “Tuhfat ul-afkor” nomli yuz baytdan iborat qasidasini Ayniy fors-tojik adabiyotida mashhur shoh asarlardan biri deb biladi va uni falsafiy, hayotiy, tanqidiy asar sifatida baholaydi. Navoiy o‘z muddaosini qasidaning ko‘p o‘rinlarida so‘z o‘yini – muammo yo‘li bilan ta’kidlaydi, bu xildagi so‘z o‘yini XV asr fors-tojik adabiyotida katta hunar salgan. Ayniy bunga misol tariqasida qasidaning bir necha baytlarini mohirona tarzda sharhlab, shoir iste’dodini sodda tarzda o‘quvchilarga ko‘rsatib beradi:

“Mehnati iflos mufrit dar garoni Qof don!”

Ma’nosi: “haddan ortiq iflos ya’ni qashshoqlik azobini og‘irlikda Qo‘hi Qof bilan teng bil!”. Shoir ana shu muddaoni ikkinchi misrada muammo yo‘li bilan ta’kidlab yozadi: 

“Qof” shud chun “foqa” behad gasht, v-in mushkiltar ast”

Ma’nosi (muammoning ochilishi bilan birga):Ko‘rmaysanmi, kambag‘allik –faqirlik ma’nosida bo‘lgan “foqa” so‘zi behad oxirsiz bo‘lsa “Qof”ga aylanadi (oxirsiz) “foqa” (“foq” bo‘lib uning aylanmasi – teskari “Qof” bo‘ladi)”.

Alisherning Jomiy vafotiga yozgan marsiyasini Ayniy “tojik adabiyotidagi marsiyalarning eng jonso‘zlaridan biri” deb biladi. Marsiyaning tarkibband shaklidaligini aytib o‘quvchilarga yanada tushunarli bo‘lishi uchun qo‘shimcha ma’lumot berib, bandi oxiridagi ikki misra takrorlanmaydigan izohini beradi va har bir bandi o‘n bayt va hammasi yetti band(140 misra)dan iboratligini aytadi. Ayniy diqqatini qaratgan jihati asardagi tasvirlar tabiiy va har kimga tushunarli sodda bo‘lib, bunda sharqning aql qabul qilmaydigan mubolag‘alaridan asar yo‘qligidir. Bularni Ayniy misrama-misra quyidagicha izohlaydi:

Jomiyning janozasini qabristonga olib borish holatini: “Olamero ba so‘i olami digar burdand” – bir olamni boshqa olamga olib bordilar. Uning jasadini ko‘mishni bunday tasvirlaydi: “joy kardand chu ganje ba taki xok turo” – seni bir qimmatbaho xazina kabi tuproq ostiga ko‘mdilar.

Ayniy Navoiyning tili tojikcha she’rda umuman sodda, ravon va tabiiydir, tojikcha g‘azallarida u oddiy suhbatda gapirayotganday mohirlik ila she’r yozadi, uning tojikcha she’rlarini (“Tuhfat ul-afkor” qasidasaidan boshqalarini) nasrga aylantirish kerak bo‘lsa, so‘zlarni oldinma-keyin qilishga va tashqaridan boshqa biror so‘z keltirishga ehtiyoj tug‘ilmasligini ta’kidlaydi.

Ayniy “Mufradot” haqida fikr yuritib Alisherning tojikcha ilmiy-adabiy asarlaridan biriligini, muammo janrining qoidalariga oidligini eslatib, yozilish tarixiga to‘xtaladi. Muammo XV asrda Sharq adabiyotida yangi janr sifatida maydonga keladi. Bu janrning qoidalarini birinchi bor Sharafiddin Ali Yazdiy[7] tartibga solib, kitob shaklida to‘plagan. Ammo bu janrni umumlashtirib, rivojlantirgan va undan ijtimoiy masalalarda foydalangan Navoiydir. Olim Zayniddin Mahmud Vosifiyning “Badoeul-vaqoe”siga tayanib o‘sha davrda har bir kishi Navoiyga yaqinlashmoqchi bo‘lsa, eng avval muammo bilan mashg‘ul bo‘lgan ekan deydi. Navoiy bu janrni yoshlarga o‘rganish yo‘lini osonlashtirish uchun muammoning mutaxassislaridan bo‘lgan Mavlono Kamoliddin va Mavlono Shamsiddinlarga[8] kitob yozgirgan. Ularning kitoblari muvaffaqiyatsiz chiqqach, shunday iltimos bilan Jomiyga murojaat qilgan. Ayniy “Xamsatul-mutahayyirin” bilan tanishib, Jomiyning “Xulyatul-xulal”, “Mutavassit”, “Sag‘ir” va “Asg‘ar” nomli to‘rt kitob yozganini, ammo Navoiy ushbu asarlarni ham yoshlar uchun tushunish, foydalanish qiyin deb bilgannini va bu to‘g‘rida o‘zi “Mufradot”ni yaratganini aniqlaydi. “Shoirning bu kitobi boshqalarnikidan shu jihatdan farq qiladiki, har bir qoida uchun keltirilgan misolda talaba haligacha ko‘rmagan qoidaga duch kelmaydi va o‘quvchi o‘sha ko‘rilgan qoida asosida, u misoldan ma’lum nomni osonlik bilan chiqaradi”, deydi Ayniy. Shuningdek Jomiy o‘g‘li Ziyouddin Yusufga o‘z asarini o‘qitmasdan Navoiyning “Mufradot” kitobini o‘qitgani va muallifga muammo qoidasi bilan maktub yozib qutlagani bilan asarning g‘oyat qimmatli ekanini uqtiradi. 

Alisherning fors-tojik tilida yozdirgan ellikdan ortiq asarlari xususida fikr yuritayotib Ayniy quyidagilarni zikr etadi: "Xamsatul-mutahayyirin"da qayd qilinishicha musiqaga oid asar yozishni musiqashunos Mavlono Alishohga buyurgan, u "Aslul- usul" nomli kitob yozadi. Bundan tashqari Mirmurtoz, Xo‘ja Abdullohi Marvarid va Binoiylar ham kitob yozishgan. Ammo faqatgina Jomiyning "Advor" nomli musiqaga oid kitobigina Navoiyni qoniqtirgan. Jomiy 27 ta tojikcha kitoblarini Navoiyga atab yo uning iltimosiga ko‘ra yozganligi ma’lum.

Sadriddin Ayniy o‘sha zamondagi ijodkor tojik yoshlarining o‘sishida Alisherning yordami haqida alohida to‘xtalib Sayfiy, Osafiy, Hiloliy, Binoiy kabi qobiliyatli yoshlarga mehribon va g‘amxo‘r-tarbiyachi ekanini ko‘rsatadi. Aytaylik buxorolik Sayfiy haqida Vosifiyning estaliklariga tayangan olim Navoiy uning favqulodda qobiliyatini ko‘rib alohida e’tibor berganini aytadi. Shu tufayli Sayfiy yaxshi tahsil ko‘rgan, o‘tkir shoir, muammochi bo‘lib yetishgan, shuhrat qozongandan keyin mag‘rurlikka tushgan va ichkilikka berilgan. Ammo Alisherning nasihatlari soyasida bu balodan qutilgan, katta obro egasi bo‘lgan. Osafiy ham shunday yoshlardan biri. Navoiyning “Majolis”dagi ma’lumotlariga ko‘ra uni baland qobiliyatli ekani, kuchli hofizasini va she’rini ta’rif qilish bilan barobar, uning nojo‘ya harakatlarini va adabiy ishda yalqovligini tanqid qiladi. 

Ittifoq hukumati Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi keng nishonlanishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda va butun ittifoqda yubileyga tayyorgarlik ishlari avj oladi. Navoiy asarlari uning dostonlari nashr etiladi. Jumladan, “Xamsa”ning qisqartirilgan variantini Ayniy nashrga tayyorlaydi. 1948 yilgi Navoiy yubileyini nishonlash arafasida Ayniy nashrga tayyorlagan “Xamsa”ning qisqartirilgan tuzatishlar kiritilgan varianti ikkinchi marta nashr etilgan. Sadriddin Ayniy esa Alisher Navoiy “Xamsa”sini birinchilardan bo‘lib sharhlashday mashaqqatli, masuliyatli va ayni bir paytda sharafli mehnati bilan buyuklikka dahldorligini yana bir bor namoyish eta oldi. Ayniyning “Xamsa” nashri XX asr navoiyshunosligidagi ko‘pgina tarmoqlarning yuzaga kelishida turtki bo‘ldi. Matnshunoslik, lug‘atshunoslik, tabdil, sharh va izohlar kabi masalalarda navoiyshunoslik Ayniy tadqiqotlariga tayangani ma’lumdir. Bu esa ayniyshunoslikda o‘rganiladigan muhim izlanishlardan hisoblanadi. 

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

[1]. O‘zbekiston Respublkasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar: 2197 raqami ostida. 

2. Ҷомӣ Абдураҳмон. Баҳористон. –Душанбе: “Адиб”, 1987. саҳ.-125. 

3. Jomiy “Bahoriston”i – mashhur adabiy yodgorliklardan biri, qisqa-qisqa adabiy va axloqiy hikoyatlardan tashkil topgan bo‘lib, Shayx Sa’diyning “Guliston”i uslubida yozilgan.Abdurahmon Jomiy o‘zining bu asarini o‘g‘li Ziyovuddin Yusufga atab yozgan. Asar hijriy 892-yil, milodiy 1486-1487 yillarda yozilgan bo‘lib, sakkiz qismdan iborat, muallif shu qismlarning har birini “ravza” deb atagan. Yettinchi ravza qisqagina tazkiradir, unda X –XV asrning mashhur shoirlari va o‘ziga zamondosh bo‘lgan shoirlar to‘g‘risida ma’lumot bergan. Sadriddin Ayniy “Namunai adabiyoti tojik” risolasini yaratish chog‘ida ushbu asarga bir necha bor murojaat qilgan.

4. Sadriddin Ayniy. Namunai adabiyoti Tojik. –Душанбе: “Адиб”, 2010. Саҳ-80.

5. Abduqodir Hayitmetov. Zabardast Navoiyshunos // “ O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali. 2003-yil №5.

6. Ulug‘ o‘zbek shoiri.// maqolalar to‘plami (Oybek tahriri ostida). –Toshkent: 1948-y. 198-210 sahifalarda.

7. Sharafiddin Ali Yazdiy(858yil hijriy 1454 milodiy vafot etgan) Amir Temurning hukmronligi tarixi haqida “Zafarnoma” nomli ulkan kitob yozgan Xv asrning mashhur tarixchilaridan biri. 

0
0
0

Information about the author

ID: 1111111111

Tahriryat
  • Country Uzbekistan

  • Speciality Iqtisodiyot

  • Academic degree Fan doktori (DS)

  • Scientific title Ilmiy unvonsiz

Comments

Comments

Choose a value
Comments are blocked by the administrator

Comments can only be added by authorized users. Sign in Or Register