SHADOW ECONOMY AND WAYS TO REDUCE IT ANNOTATION
Abstract
The article discusses the opinions of scientists about the shadow economy, the causes and circumstances of its occurrence. Tendencies in the development of the shadow economy were also assessed.
Keywords
Economy, shadow economy, causes of shadow economy, gross domestic product, share in gross domestic product.
Author
Dilshoda Rahimberideva, Toshkent moliya instituti 4-bosqich talabasi.
Jamiyat falsafiy ta’limotlari kishilik jamiyatining rivojlanib borishi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida sodir bo‘ladigan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda salbiy holatlarning ham sodir bo‘lishini inkor etmaydi. Fikrimizcha, xufyona iqtisodiyot ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida sodir bo‘lgan shunday salbiy iqtisodiy jarayonlardan biri hisoblanadi. Xufyona iqtisodiyot rivojlanish muammolarini aniqlash va uni bartaraf etish yo‘llarini ishlab chiqish muhim ijtimiy ahamiyatga ega.
Iqtisodiyotda xufyona sektorning rivojlanishi sabablaridan biri iqtisodiy islohotlar va iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarida o‘ta qattiq rejimlarni qo‘llashdir. Masalan, soliq yukning yuqoriligi, moliyaviy jazolarning ko‘pligi va hisob-kitob tizimidagi ortiqcha byurokratiyalar. Natijada iqtisodiy sub’ektlar daromadlarini “saqlab qolish” maqsadida xufyona ishlash tizimiga qisman yoki to‘liq o‘tib, xufyona sektorda faoliyat yuritadi. Buning natijasida mamlakat iqtisodi zarar ko‘rishi bilan birga, ijtimoiy adolat tamoyili ham buzilishi sodir bo‘ladi.
Olimlar ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlari natijalari xufyona iqtisodiyotning mamlakatda rivojlanishi “korruptsiya”, “kapitalning xorijga oqimi” va “soliqlarni noqonuniy minimallashtirish uchun ofshorlardan foydalanish” kabi holatlarning o‘sishiga sabab bo‘lishini ko‘rsatmoqda [1-5].
Yashirin iqtisodiyot muammolari ilk bor XX asr 30-yillarida tadqiqotchilar e’tiboriga tushgan. Ammo, bu sohada jiddiy tadqiqotlar faqat 70-yillarda paydo bo‘lgan. Ilmiy adabiyotlar tahlilida xufiyona iqtisodiyot tushunchasiga “xufiyona iqtisodiyot”, “yashirin iqtisodiyot”, “parallel iqtisodiyot”, “norasmiy iqtisodiyot” kabi atamalar qo‘llanilishini kuzatish mumkin.
Ingliz sotsiologi K.Xart o‘z tadqiqotlari natijasida, ko‘pincha “uchinchi dunyo” mamlakatlarida fuqarolar rasmiy iqtisodiy tizimga aloqasi yo‘qligini aniqlaydi. U birinchi bo‘lib “norasmiy sektor” atamasini ilmiy tadqiqot ob’ektiga kiritadi: “Rasmiy va norasmiy daromad imkoniyatlari o‘rtasidagi farq aynan ish haqi, daromad va o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash o‘rtasidagi farqqa asoslanadi”, deb ta’kidlaydi.
Davlat ijro hokimiyatining kuchsiz sharoiti va iqtisodiyotda normal institutsional muhit yaratilmasligi oqibatida\, g‘irrom raqobat muhiti va xufyona sektorda faoliyat olib borish biznesning yashovchanligining hal qiluvchi omillaridan biriga aylanadi. Uning ijtimoiy salbiy oqibatida mamlakatdagi biznes vakillarining xufyona sektorga o‘tish rag‘bati ortib boradi. Natijada iqtisodiyotdagi hufyone sektor rivojlanadi va boshqa noqonuniy elementlar bilan hamkorlik o‘rtib boradi. Xufyona iqtisodiyot bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida Ye.B.Golovanov uning tarkibiy qismlarini quyidagicha tavsiflaydi (1-rasm).

1- Rasm. Yashirin iqtisodiyot tuzilmasi tarkibi1
1 Е.Б.Голованов. Теневая экономика. Конспект лекций. Челябинск, 2015 г. 60 с.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan ayrim tadqiqotlarda xufyona iqtisodiy sektor faoliyati kelib chiqish sabablari iqtisodiy tizimning xususiyatlari bilan bog‘liq degan xulosaga kelingan. Uni alohida mamlakatlar, tarmoqlar, bozorlar va korxonalar iqtisodiy ahvolining o‘ziga xos sharoitlaridan kelib chiqishi qayd etilgan hamda eng muhim sabablar sifatida:
1) moliya-kredit tizimini rivojlantirishdagi nomutanosib-liklar (soliqlarning haddan oshirilishi, valyuta qora bozori va h.k.);
2) iqtisodiyot infratuzilmalari yaxshi rivojlanmaganligi (transport logistikasi sustligi);
3) iqtisodiyotdagi tarkibiy nomutanosibliklar (qayta ishlash sektori pastligi);
4) iqtisodiyotning monopoliyalashuvi (raqobat tamoyillarini buzilishi);
5) aholining kuchli ijtimoiy tabaqalanishi (real ishsizlik darajasi o‘sishi);
6) korxonalar moliyaviy ahvolining yomonlashuvi (tayinlangan ijara ko‘lamini oshirish va h.k.);
7) davlatni tartibga solishdagi muammolari (turli xil litsenziya, sertifikat va ruxsatnomalar olinishida ko‘zda tutilmagan xarajatlarning mavjudligi, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar) e’tirof etilgan [6].
Xufyona iqtisodiyotning ulushi to‘g‘risidagi tarqatilgan ma’lumotlar tahlilidan uning ulushi hamon yuqoriligi va barcha davlat uchun xos xususiyatga ega ekanligini ko‘rish mumkin (2-rasm).

2-Rasm. Dunyo bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan xufyona iqtisodiyot ulushi o‘zgarishlari dinamikasi va 2025 yil prognozi2.
2 В.В. Беспалов, В.В.Бандаренко.Теневой сектор и возможности применения технологии блокчейн в целях его снижения. Sciences of Europe # 68, (2021) маълумотлари асосида муаллиф томонидан тайёрланган.
Ushbu ma’lumotlar xufyona iqtisodiy sektor nafaqat rivojlanayotgan davlat uchun, balki rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti uchun ham xos ekanligini ko‘rsatmoqda.
Xufyona iqtisodiyot davlat organlari tomonidan tartibga solinishi qiyin bo‘lgan hamda iqtisodiyot rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sektor hisoblanadi. Ushbu sektor ulushining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi darajasining yuqoriligi davlat byudjet-soliq siyosati samaradorligini pasaytiradi.
Ayrim tadqiqotchilar xufyona iqtisodiyot mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ham o‘tqazadi. Shu sababli uni butunlay cheklash ham noto‘g‘ri degan qarashlarni bildirgan. Yu.V.Lotov va S.N.Kovalevlar xufyona sektor faoliyatini iqtisodiyotga ta’sirlarini baholashning quyidagi chizmasini taklif etgan (3-rasm).

3-Rasm. Xufyona iqtisodiyot ta’sirlarining ko‘lamga bog‘liqligi 3
3 Латов Ю.В., Ковалев С.Н. Теневая экономика. Учебное пособие для вузов / под ред. д.п.н., д.ю.н., проф. В.Я.Кикотя; д.э.н., проф. Г.М.Казиахмедова. М., 2006.336 с.
Tadqiqotlar davomida amalga oshirilgan hisob-kitoblar xufyona iqtisodiyot evaziga yiliga 20-25 mlrd. AQSh dollarlik kapital xorijga chiqib ketishi natijada soliq qonunchiligidagi nomutanosiblik hisobiga yalpi ichki mahsulotning 2,5 foizi miqdori yo‘qotilishi va barcha darajadagi mansabdorlarga berilgan pora miqdori bitimlarning 10 foizgachasini tashkil etishini tasdiqlagan4.
4 Исроилов Б.И., Ибрагимов Б.Б., Ахмедов З. Влияния теневой экономики на экономическую безопасность страны. // Теневая экономика. – 2021. – Том 5. – № 4. doi: 10.18334/tek.5.4.113690.
Xufyona iqtisodiy sektor faoliyati salbiy oqibatlarini O‘zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy hayotida ham kuzatish mumkin. Xalqaro konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko‘rsatkichi 48 foizdan 62 foizgacha ekanligi aniqlangan .
Hisob-kitoblarga ko‘ra 2020 yilda xufyona iqtisodiyot O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 48 foiziga, ya’ni 245 trillion so‘mga tengligi ma’lum bo‘ladi. Shu sababli hukumatimiz tomonidan “islohotlarimizga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berilmas ekan, sog‘lom raqobat ham, qulay investitsiya muhiti ham shakllanmasligi” qayd etilib, xufyona iqtisodiyotni legallashtirishga iqtisodiyot sohasidagi ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Mamlakatda sog‘lom raqobat hamda qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida xufyona iqtisodiy sektor faoliyatini qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyundagi 394-son qarori bilan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Hukumat qaroriga ko‘ra xufyona iqtisodiyotni qisqartirishdagi asosiy vazifalar etib quyidagilar belgilandi:
• iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish;
• iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va markirovkalash;
• iqtisodiyotda naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini oshirish;
• bank xizmatlarining ommabopligini oshirish;
• "yashirin iqtisodiyot" sub’ektlarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish;
• tashqi savdoda "yashirin iqtisodiyot" ulushini qisqartirish bo‘yicha samarali tizimni joriy etish;
• "yashirin iqtisodiyot" ulushini qisqartirish bo‘yicha keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash O‘zbekiston iqtisodiyotida xufyona sektor ulushini qisqartirish hamda mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rini yaxshilanishiga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. B.S.Turdiyev. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va unga qarshi samarali kurashish yo‘llari.// “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali. № 3, may-iyun, 2020 yil.
2. B.I.Isroilov, B.Ibragimov, D.Qobilov. Xufyona iqtisodiyot va uni legallashtirish yo‘llari. // Moliya jurnali №2, 2016 y.
3. G.Alimov, B.Isroilov. Tenevaya ekonomika, korruptsiya i vzyatnichestvo: ugolovno-pravovaya otsenka. Monografiya. GUP “Izdatelьskiy dom Innovatsionnogo razvitiya” T. 2020.
4. N.G.Muminov. Yashirin iqtisodiyotning mohiyati, sabablari va oqibatlari: nazariy yondashuv.//Iqtisodiyot va moliya. 2016 y.№8.
5. Isroilov B.I., Ibragimov B.B., Axmedov Z. Vliyaniya tenevoy ekonomiki na ekonomicheskuyu bezopasnostь stranы. // Tenevaya ekonomika. – 2021. – Tom 5. – № 4. doi: 10.18334/tek.5.4.113690.
6. Yashirin iqtisodiyot. Bojxona instituti (jamoa muallifligida) o‘quv qo‘llanma. –T., DBQ BI, 2020, 235 b.
Comments